Dunyoda tengi yoʻq texnologiyalar

    Sanoat 6 Iyul 2023 942

    Qadim zamonlardan buyon oʻzbeklar “tilla”, misrliklar “nub”, nemis va inglizlar “gold” deb ataydigan, keyinchalik Mendeleyev davriy jadvalining birinchi guruhidan joy olgan kimyoviy element bor. Au — uning formulasi. Bu belgi lotinchadagi “aurum” soʻzidan olingan va “sariq” degan maʼnoni bildiradi.

    Ushbu element tabiatda nisbatan keng tarqalgan, otqindi (vulkandan otilib chiqqan moddalar sovushidan hosil boʻlgan togʻ jinslari), effuziv, metamorfik, choʻkindi togʻ jinslarida, shu bilan birga, alohida zarrachalar sifatida ham uchraydi. Insoniyat tomonidan minglab yillar davomida qadrlab kelingan, oʻzining rangi va qudrati bilan ayni kunda ham yuksak ahamiyatga ega boʻlgan bu metall — oltin.

    Oltin aksariyat hollarda usti boshqa metallar oksidi yoki sulfidning yupqa qatlami bilan qoplangan boʻladi. Mamlakatimizning Qizilqum kengliklaridagi oltinga boy maʼdanlar ham xuddi shunday jihati bilan tavsiflanadi.

    Mutaxassislarning fikricha, oltin saqlovchi maʼdanlar ikki asosiy turga boʻlinadi — birlamchi (sulfid) va ikkilamchi (oksidlangan) maʼdanlar. Oksidlangan maʼdanlar oson qayta ishlanadi va ulardan oltin anʼanaviy usullar yordamida ajratib olinadi.

    Sulfidli konsentratlarni qayta ishlash uchun jahon amaliyotida asosan avtoklavda qayta ishlash, oksidlovchi kuydirish va bakterial oksidlanish texnologiyalari qoʻllaniladi. Avtoklavda qayta ishlash usulida yuqori harorat va bosim ishlatiladi. Oksidlovchi kuydirishda ham yuqori haroratdan foydalaniladi.

    Bakterial oksidlanish jarayoni qayta ishlash uchun qiyin boʻlgan maʼdanlar va konsentratlardan mahsulot olishning yangi muqobil yoʻnalishi boʻlib, uning vazifasi sulfidli minerallarni oksidlash, yaʼni uni keyinchalik klassik usullar bilan sorbsion ishlov berish maqsadida mikroorganizmlar taʼsirida oltinni ochishni oʻz ichiga oladi.

    Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 3-gidrometallurgiya zavodida dastlab anʼanaviy oksidlovchi kuydirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Biroq, iqtisodiy va ekologik jihatdan maqsadga muvofiq emasligi sababli bu usul maksimal iqtisodiy samaradorlik va ekologik xavfsizlikka ega zamonaviy yechimlarga asoslangan ilgʻor biotexnologiyaga oʻz oʻrnini boʻshatib berdi. Natijada 2008-yilda “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlaridagi sulfidli maʼdanlarni qayta ishlash uchun bakterial oksidlanish texnologiyasi ishga tushirildi.

    Biologik oksidlangan mahsulot tarkibidan 85 foizgacha oltin ajratib olinardi. Qolgan qismi chiqindiga chiqib ketardi. Yangi texnologiya joriy etilgach, ana shu chiqindi tarkibidagi 15 foiz oltinning aksariyat qismini ajratib olish imkoniyatiga ega boʻlindi.

    — Maʼlumki, zamonaviy togʻ-kon sanoatida ishlanishi murakkab boʻlgan maʼdan tarkibidan metallarni ajratib olish boʻyicha ilmiy izlanish olib borish, sohada yangi texnologiyalarni yaratish muhim vazifalardan biri sanaladi, — deydi 3-gidrometallurgiya zavodi texnologiya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, texnika fanlari doktori Ulugʻbek Ergashev. — Kombinatimiz jamoasining shu yoʻldagi izlanishi, fan va texnika sohasida yangiliklar yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha saʼy-harakatlari oʻz natijasini berayotgani mamlakatimizda inson intellektiga eʼtiborning samarasi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

    Bu sohada “Texnologik va ishlanishi murakkab boʻlgan oltin tarkibli maʼdanlarni qayta ishlash va oʻzlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish” mavzusidagi ishlanma ana shunday ilmiy izlanishlarimizdan biri hisoblanadi.

    Murakkab tarkibli maʼdandan oltinni yuqori samaradorlikda ajratib olishga moʻljallangan mazkur ishlanma ustida ish 2009-yilda olim va mutaxassislar jalb etilgan holda boshlangan edi. Qariyb oʻn yil izchil ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borildi. Natijada dunyoda muqobili boʻlmagan noyob texnologiyani yaratishga hamda bu ixtironi nazariy va amaliy jihatdan nafaqat respublikada, balki xalqaro miqyosda ham isbotlab berishga muvaffaq boʻldik.

    Ilmiy izlanish va tadqiqotlar koʻlamini tasavvur qilish uchun bir jihatga eʼtibor qaratmoqchiman. 2009 – 2019-yillar davomida uch mingdan ortiq turli muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz tajribalar oʻtkazildi, pirovardida jahonda hali qoʻllanilmagan texnologiya vujudga keldi. Bu Germaniya, Qozogʻiston va Rossiyada oʻtgan xalqaro konferensiyalarda munosib himoya qilinib, ilmiy anjumanlarning 1-darajali diplomlariga sazovor boʻldi. Koʻp yillik mashaqqatli izlanishlar, aniq isbot va dalillarga asoslangan ixtiromiz xalqaro miqyosda ham tan olinib, Oʻzbekiston va Germaniyada patentga ega boʻldi.

    Umuman, ixtiromiz dunyo kon-metallurgiya sanoatida muhim yangilik sifatida oʻz eʼtirofini topdi. Yangi texnologiyaning joriy etilishi tufayli 3-gidrometallurgiya zavodida chiqindidan yiliga qoʻshimcha ravishda 1,5 tonna oltin olinmoqda.

    Dastavval, soha mutaxassislari, xorijlik olimlar ishimizning samarali boʻlishiga ishonchsizlik bilan qarashgani ham bor gap. Bu tabiiy hol edi. Chunki ishlanmamiz yangi nazariyaga asoslangan va buning natijasi hozirgi zamon texnologiyalaridan ancha oldinni koʻzlagan edi.

    Amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilgan ixtiro ortidan kutilgan samaradorlikka erishdik. Bu yutugʻimiz xalqaro miqyosda ham eʼtirof qilinib, BMT Intellektual mulk tashkilotining oltin medaliga loyiq topildi.

    Respublika Prezidentining oʻtgan yil dekabr oyidagi farmoniga muvofiq, bir guruh olim va mutaxassislarimiz tomonidan yaratilgan “Texnologik va ishlanishi murakkab boʻlgan oltin tarkibli maʼdanlarni qayta ishlash va oʻzlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish” boʻyicha ilmiy-amaliy ishlanmamiz birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlangani butun jamoamizga katta mamnuniyat baxsh etdi. Bunday yuksak eʼtirofdan Oʻzbekistonda inson qadri ulugʻ degan tamoyilning amaliy ifodasiga, hech bir ezgu harakat beiz qolmasligiga yana bir karra amin boʻldik.

    Bugungi shiddatkor zamonda yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish rivojlanib, raqobat kuchaymoqda. Buning natijasida har bir sohada ilmga asoslangan yangiliklar yaratish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Binobarin, kon-metallurgiya sanoati ham bundan mustasno emas.

    Keyingi olti yilda kon-metallurgiya sanoatida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarining joriy etilishi bunga zamin yaratdi. Muhim dastur va puxta oʻylangan investitsion loyihalarning hayotga izchil tatbiq etilayotgani kombinat ravnaqida katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor texnologiyalar joriy etilayotgani ham muvaffaqiyatlarda muhim oʻrin tutyapti.

    — Bundan uch yil muqaddam kombinatimiz tajribali muhandis va mutaxassislari tomonidan texnogen chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha hali dunyo amaliyotida boʻlmagan yana bir noyob investitsion loyiha amalga oshirildi, — deydi 7-gidrometallurgiya zavodi direktori Farhod Choʻliyev. — Olimlar bilan hamkorlikda mazkur muammolar yechimi boʻyicha yangi texnologiyalar yaratishga erishildi va ular asosida ishlaydigan 7-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirildi. Korxonamiz yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega va yuksak texnologiyalar asosida toʻliq raqamlashtirilgan. Eʼtiborlisi, qayta ishlanadigan texnogen chiqindilar 2040-yilgacha yetadi.

    Yana bir jihati, zavod qurilishida yengil konstruksiyalar va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanildi. Ilgari chetdan olib kelinadigan koʻplab asbob-uskuna va butlovchi materiallar mahalliylashtirildi. Xususan, ular Navoiy mashinasozlik zavodi va kon boshqarmalaridagi sexlarda tayyorlandi. Kimyoviy ishlov berish jarayonida ham mahalliy mahsulotlardan foydalanilmoqda. Bular tannarxni yanada arzonlashtirishda muhim omil boʻlyapti. Zavodning barcha texnologik jarayonlarini asosan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tugatgan yosh mutaxassislar va mahalliy aholi vakillari boshqarmoqda.

    Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Investitsiya dasturi doirasida yirik va strategik ahamiyatga ega loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayapti. Ana shunday loyihalardan biri boʻlgan Nurota tumani hududidagi “Pistali” konida oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasi — 6-gidrometallurgiya zavodi qurilishi yakunlandi. Joriy yilning iyun oyi boshida mazkur zavodning birinchi tegirmon bloki ishga tushirildi. Tez orada ikkinchi navbati ham foydalanishga topshiriladi. Zavod toʻliq quvvatda ish boshlashi bilan yiliga 4 million tonna maʼdan qayta ishlanib, 4,4 tonna oltin ishlab chiqariladi va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Yana bir ahamiyatli tomoni, zavodning texnologik uskunalari va jihozlari Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlangan. Ular kombinat quruvchi-mutaxassislari tomonidan oʻrnatilyapti.

    XALQARO DARAJADAGI YUQORI SIFAT KAFOLATI

    Tabiatda oltinning notekis va kam miqdorda tarqalishi bois konlarni qidirish hamda oʻzlashtirish uchun togʻ jinslarini tezkor tahlil qilish muhim sanaladi. Oltin konlaridan olingan namunalarni tahlil qilishda aniqlik darajasi oʻta yuqori boʻlishi shart. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning Markaziy gamma-faollashtirilgan tahlil laboratoriyasi noyob boʻlinmalar sirasiga kiradi.

    Laboratoriyada tezlatgichlar yordamida elektronlar oqimi quvur orqali eng qisqa vaqtda yorugʻlik tezligiga yaqin tezlik olib, volfram nishonga borib uriladi va singish xususiyati yuqori boʻlgan gamma nurlarini chiqarib, oltin atom yadrolarini faollashtiradi. Soniyalarda yuz beradigan bu jarayon natijasida maʼdanlar tarkibi va ulardagi zarur element miqdori haqida olinadigan maʼlumotlar konlarda qimmatbaho metallarni aniqlash, qazish, metallurgik ishlov berish imkonini oshirmoqda. Jumladan, maʼdandagi oltin tarkibini 17 soniyada aniqlash mumkin.

    — Keyingi yillarda laboratoriyamizda zamonaviy jihozlar oʻrnatildi, tadqiqotlarning yangi uslublari joriy etildi, — deydi Markaziy gamma-faollashtirilgan tahlil laboratoriyasi rahbari Alisher Qoʻldoshov. — Jumladan, tezkor maʼlumotni olish boʻyicha tahlil uchun qoʻllaniladigan konteynerlar, yaʼni namunalar solingan idishlar identifikatsiyalashtirildi. Bu kabi raqamli texnologiyalar orqali geologik namunalar boʻyicha yigʻilgan axborotlar soniyalarda geologlarga yetkazilmoqda.

    2016-yilda oʻlchash-boshqarish majmuasi modernizatsiya qilingan boʻlsa, keyingi yili UELR-8-8A tipidagi yangi elektronlarni chiziqli tezlatgich ham tubdan yangilanib, sanoat sinovidan oʻtkazildi. 2020-yilda esa UELR-8-10A tipidagi yangi elektronlarni chiziqli tezlatgichda montaj va sozlash ishlari bajarilib, foydalanishga topshirildi. Tezlatgichlarni sovutish tizimining yangilangani tufayli texnologik boʻsh turib qolishlarga barham berildi.

    Shu tariqa laboratoriyada geologik namunalarning tarkibidagi oltinni tezkor tahlil qilish jarayoni ham yildan-yilga takomillashib boryapti. Laboratoriya ishga tushgan vaqtda kuniga 50 ta namuna tahlil qilingan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam 3500 dan koʻproqni tashkil etadi. Yillik koʻrsatkichi 1 million 500 mingtagacha yetadi. Dunyodagi hech bir fizik laboratoriya bu hajmda tahlil oʻtkazish imkoniyatiga ega emas. Uning noyoblik jihatlaridan biri ham ana shunda, aslida.

    Laboratoriya nafaqat kombinat boʻlinmalari, yaʼni Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Zarmitan, Marjonbuloq kabi geografik hududlardagi konlardan olingan, balki yurtimizning boshqa geologik-qidiruv ekspeditsiyalari uchun ham namunalarni tahlil qilib beradi. Bu jarayonda analitik nazorat uchun standart namunalar keng qoʻllaniladi. Mazkur xizmatdan chet el firmalari ham foydalanib, ularning yetakchi ekspertlari tahlil sifatiga yuqori baho bermoqda.

    Kombinatda amaliyotga tatbiq etilayotgan texnologiyalarni xalqaro hamjamiyat yuksak eʼtirof etib kelayotganini yuqorida qayd etgan edik. Ularni qoʻllash tufayli ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ham shunday fikrlarni hech ikkalanmay aytish mumkin. Chunki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltiniga 1994-yilda dunyo boʻyicha yuqori sifatli qimmatbaho metallar realizatsiyasi bilan shugʻullanuvchi London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi (LBMA) tomonidan “Optimal yetkazib berish” maqomi berilgan edi.

    Xalqaro tamoyilga koʻra, bu maqom doimiy berilmaydi, har uch yilda qaytadan tasdiqlashni taqozo etadi. Kombinat ana shunday muvaffaqiyatga izchil erishib kelyapti. Qolaversa, 2019-yilda kombinat mahsulotining bozor talablariga toʻliq muvofiqligi boʻyicha navbatdagi sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtganini tasdiqlovchi sertifikatga ham ega boʻlgan edi.

    2023-yil 26-iyun kuni Londondan yana bir xushxabar keldi. Oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining “Optimal yetkazib beruvchi” maqomini yana bir bor tasdiqladi.

    — London qimmatbaho metallar bozorida oʻz mahsulotini sotadigan barcha qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar oltin yetkazib berish masʼuliyati boʻyicha koʻrsatmaga rioya qilishlari shart, — deydi kombinat texnik nazorat xizmati boshligʻi Baxtiyor Xolmurodov. — Aslida, bu har yili kompaniyalarning mustaqil xalqaro audit tekshiruvlaridan oʻtishini anglatadi. Bu holat ishlab chiqarilgan oltinning barcha talablarga toʻliq javob berishini taʼminlaydi.

    Kombinatimizning 2022-yil faoliyatiga “Deloyt va Tush” xalqaro auditorlik kompaniyasining xulosasi asosida 2023-yil 19-iyun kuni London qimmatbaho metallar bozorining RGG (Responsible Gold Guidence) “Oltinni masʼuliyatli boshqarish boʻyicha qoʻllanma” sertifikati ham berildi.

    Xalqaro iqtisodiy nufuzga doir bu kabi ishlar Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonning yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalari oʻrtasida mustahkam oʻrin egallashiga zamin yaramoqda. Kombinat bugungi kunda dunyodagi oʻnta yirik oltin ishlab chiqarish kompaniyalari orasida toʻrtinchi oʻrinni egallab turibdi.

    Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻymoqda. Keng koʻlamli islohotlar samarasi har bir soha va jabhada koʻzga tobora yaqqolroq tashlanyapti. Bugungi davr, yaʼni dunyoda boʻlayotgan oʻzgarishlar, globallashuv jarayonlari, jahon bozorida raqobatning kuchayishi har bir korxonadan yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni rivojlantirish, har bir mutaxassis-rahbardan fidoyilik bilan kuyib-yonib mehnat qilishni taqozo etadi. Shunda uning samarayu mevasidan yanada koʻproq bahramand boʻlinadi.

    Zero, oltinni ham boshqa maʼdanlardan tozalab olish uchun u elektropechlarda 1200 darajagacha boʻlgan issiqlikda eritiladi. Shu kabi texnologik jarayonlardan oʻtganidan soʻng oltin 99, 99 navli (proba) metallga aylanadi.

    Fikrimizcha, mazkur texnologik jarayon zamirida ham hayotiy bir hikmat mujassam. Bu doimo yonib-kuyib ishlayotgan, dunyo miqyosida ham hamkasblariga qaraganda ilmiy-texnologik salohiyatda bir qadam oldinda yurgan mutaxassislarning kundalik fidoyi zahmati evaziga erishiladigan samaraga oʻxshab ketadi. Shu bois, oltin zanglamaydi, asl qiymati va qudrati bilan odamlar uchun boshqa javohirlarga nisbatan hamisha ustun turadi. Binobarin, odamlar uchun kerakli va lozim narsalarning bahosi ham oltin orqali belgilanadi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi