Dunyoni larzaga solgan zilzila

    Shu yilning 6-fevral kuni Turkiyada yuz bergan daxshatli zilzila butun dunyoni larzaga soldi. Butun insoniyat bir qalqib tushdi, tabiat hodisalari oldida ojiz ekanini yana bir bor angladi.

    So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Turkiyaning janubi-sharqiy qismida yuz bergan 7,7 magnitudali zilzila oqibatida mazkur mamlakatda 3 mingdan ziyod kishi halok bo'ldi, 20 mingdan ortiq odam jarohat oldi. Minglab inshootlar vayronaga aylandi.

    Har yili sayyoramizda yuzlab zilzilalar sodir bo'ladi. Ularning aksariyati shu darajada sezilarsizki, ularni faqat maxsus kuzatuv asboblari yordamida aniqlash mumkin. Aksariyat yer silkinishlari dunyo okeanlarida yuzaga keladi. Agar sunami bo'lmasa, odamlar uni hatto payqamasligi ham mumkin.

    Xo'sh zilzila nima? U qanday yuzaga keladi?

    Zilzila — “Yerning nafas olishi”

    Zilzila — tabiiy ravishda yuzaga keladigan yer osti silkinishi, Yer qobig'idagi o'zgarishlar mahsulidir (masalan, litosfera plitalari harakati, vulqon otilishi). Bunday tabiat hodisasi ba'zan katta talafotlarga ham sabab bo'ladi. Yetkaziladigan zarar ko'lami bo'yicha ular faqat to'fonlardan ortda qoladi, xolos. Yer vaqti-vaqti bilan yig'ilib qolgan energiyani zilzilalar vositasida tashqariga chiqarib turgani bois, seysmologlar hazil aralash uni “Yerning nafas olishi” deb ta'riflaydi. Aynan zilzilalar tufayli yer qatlamlari siljiydi, tog'lar “o'sadi”.

    Mutaxassislarning fikricha, kuchli dovul, suv toshqinlari, vulqonlarning otilish vaqti, ob-havoning keskin o'zgarishi singari tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash imkoniyati mavjud. Ammo zilzila bundan mustasno. U tabiatga, jamiyatga va ekologik vaziyatga eng ko'p zarar yetkazadi. Favqulodda sodir bo'lib, insonlarni beixtiyor sarosimaga solib qo'yadi.

    Olimlar zilzilalarni tektonik, vulqonli, ko'chkili, texnogen kabi turlarga ajratadi. O'chog'i u qadar chuqur bo'lmagan, 7 magnitudali yer silkinishlari ham o'ta xavflidir. Bunday zilzilalar sunamini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, sayyoramizning bir tomonida yuzaga kelgan zilzila yerning boshqa tarafiga ko'chib o'tishi ham mumkin.

    Yer yuzida qayd etilgan zilzilalarning aksariyati tektonik plitalarning siljishi oqibatida yuzaga kelgan. Yer silkinishlarining 95 foizini ana shunday zilzilalar tashkil etadi. Ularning kuchi ba'zan 9 magnitudaga etadi. Bunda yer osti plitalari bir-biriga urilib ketadi yoki ulardan biri ikkinchisining ostiga tushib qoladi. Bunday qo'zg'alish u qadar katta bo'lmay, bor-yo'g'i bir necha santimetrni tashkil etadi. Biroq shuning o'zi ham yer ostida katta energiya ajralib chiqishi uchun yetarlidir. Natijada yer ustki qatlamida yirik yoriqlar paydo bo'ladi. Bu esa o'z navbatida ko'plab vayronalarga sabab bo'ladi.

    Zilzilalar vulqon otilishi oqibatida ham yuzaga keladi. Bunday zilzilaning kuchi 5 magnitudaga yetadi. Vulqonli yer silkinishi kuchsiz bo'lsa-da, uzoq davom etadi. Odatda ular katta xavf tug'dirmaydi. Kuchli vulqonli zilzilalar kamdan-kam yuz beradi va ular bunday yer silkinishlarning bor-yo'g'i 5 foizini tashkil etadi, xolos. Biroq o'tmishda mazkur zilzilalar yirik halokatlarga ham sabab bo'lgan. Ana shunday zilzilaning eng dahshatlisi 1883-yilda Indoneziyadagi Krakatau vulqonining otilishi oqibatida yuzaga kelgan. Vulqon otilishidan “uyg'ongan” zilzila Sumatra, Yava hamda Borneo orollaridagi shaharlarga katta talafot yetkazgan edi.

    Texnogen omillar, ya'ni insoniyat faoliyati ham zilzilalar kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Olimlar suv omborlari joylashgan hududlarda ko'plab yer silkinishlarini qayd etgan. Bu — suv omborlarida yig'ilgan suvning yer qatlamiga ta'sir o'tkazishi, tuproq tarkibiga singib uni izdan chiqarishi bilan bog'liq. Bundan tashqari, seysmik faollik neft va gaz qazib chiqariladigan konlarda ham ko'p qayd etiladi. AQSHning Arizona shtatidagi Leyk-Mid suv omborining suv bilan to'ldirilganidan so'ng sodir bo'lgan zilzila — insoniyat faoliyati va uning tabiatga ta'siri tufayli yuzaga kelgan ilk yer silkinishlaridandir. Shundan so'ng mazkur hududda o'n yil ichida 5 magnitudali qariyb 600 marta yer qimirlashi qayd etilgan. Bundan avval bu hududda zilzilalar deyarli kuzatilmagan edi. Yana bir misol: 1967-yilda Hindistonning Bombey shahrida Koyna suv omborining to'ldirilganidan keyin qator zilzilalar sodir bo'lgan. Ulardan birining kuchi 6,5 magnitudani tashkil etgan, oqibatda bir necha bino vayronaga aylangan, odamlar halok bo'lgan.

    Suv osti zilzilalari okean ostida yoki sohil bo'ylarida yer qa'ridagi tektonik plitalarning to'qnashishi oqibatida yuzaga keladi. Ko'chkilar oqibatida sodir bo'ladigan zilzilalar esa u qadar kuchli bo'lmaydi. Biroq ba'zan ular yirik fojialarga ham sabab bo'lishi mumkin.

    Zilzila bosqichlari: forshok, aftershok nima?

    Zilzilalar bir necha bosqichdan iborat. Asosiy zilzila oldidan undan ogoh etuvchi kichik silkinishlar — forshok, undan keyin sodir bo'ladigani esa aftershok deyiladi. Ular asosiy zilzilaga nisbatan 1,2 baravarga kuchsiz. Bunga XIX asr oxirida Adriatika dengizida joylashgan Lissa orolida uch yil davomida 86 ming yer silkinishi qayd etilganini misol qilish mumkin. Zilzilalar, odatda, uzoq davom etmaydi. Ular uzog'i bilan bir daqiqadan ziyodroq davom etishi mumkin. Biroq qisqa muddatli yer silkinishlari ham ba'zan katta vayronalarga olib kelishi mumkin. Masalan, 2010-yilda Gaitida sodir bo'lgan zilzila bor-yo'g'i qirq sekund davom etgan, shuning o'zi ham Port-o-Prens shahriga ko'p talafot yetkazgan. Zilzilalar takrorlanib turishi bois, qaysi silkinishdan ko'proq xavf kutish, qaysi biri yuqori magnitudali bo'lishini oldindan taxmin qilish juda mushkul. Shu bois odatiy kuchsiz yer silkinishiga ko'nikib qolgan aholi to'satdan yuz beradigan kuchli zilzilalarga tayyor bo'lmasligi, oldindan ehtiyot choralarini ko'rmasligi mumkin. Masalan, 2015-yilning 25-aprelida Nepalda yuz bergan daxshatli zilzilani olaylik, odatda, mazkur mamlakatda kuchsiz yer silkinishlari qayd etib turgani bois, odamlar unga u qadar e'tibor qaratmay kelishgan. Shu bois 7,9 balli zilzila mamlakatga katta talafot keltirdi.

    Rixter va intensivlik shkalasi: ularning farqi nimada?

    Tebranish amplitudasi va chiqadigan energiya magnituda shkalasi (Rixter shkalasi)da hisoblanadi. Bu shkalani odatda intensiv shkala bilan adashtirishadi. Rixter shkalasi 1 dan 9,5 o'lchov birligiga ega bo'lib, u seysmograf tomonidan tebranishlarni qayd etib borishi asosida hisoblanadi. Yer silkinishi magnitudasining bor-yo'g'i bir darajaga oshgani yer tebranish amplitudasining o'n, energiyasining o'ttiz baravarga oshishiga olib keladi. O'tkazilgan hisob-kitoblar shuni ko'rsatmoqdaki, kuchsiz tebranishlar paytida yer qa'ridagi zilzila o'chog'i egallagan masofa ham vertikal, ham gorizontal yo'nalish bo'yicha olib qaralganda bir necha metrni, o'rtacha yer silkinishlarida esa bir necha kilometrni tashkil qiladi. Katta halokatlarga sabab bo'ladigan zilzilalar esa ming kilometrli hududga ta'sir o'tkazib, yer qa'rida 50 kilometrgacha joyni qamrab oladi. Zilzila o'chog'i Yer sirtiga qancha yaqin bo'lsa, uning yetkazadigan talafoti shu darajada yuqori bo'ladi.

    Ikki magnitudali yer silkinishlari deyarli sezilmaydi. 4-5 magnitudali zilzila garchi kuchsiz bo'lsa-da, kichik talafotlarga sabab bo'lishi mumkin. Olti magnitudali zilzila o'rtacha talafat yetkazadi. 8,5 magnitudali zilzilalar xavfli yer silkinishlardan sanaladi. Dunyoda eng dahshatli zilzila esa 1960-yil 22-mayda qayd etilgan bo'lib, “Buyuk Chili zilzilasi” nomi bilan tarixda qolgan. O'shanda yer silkinishining kuchi Rixter shkalasi bo'yicha 9,5 magnitudani tashkil qilgan. Zilzila 17 ming kilometr masofani bosib o'tib Yaponiyaga qadar etib borgan edi. Olimlarning fikricha, bir yilda dunyoda yuz beradigan yer silkinishlaridan faqat bittasi 8, o'ntasi 7-7,9, yuztasi 6-6,9 magnitudali bo'ladi.

    Zilzilalar nima sababdan kelib chiqishini tushunish uchun yer sathining tebranma harakat intensivligi shkalasi ham o'ylab topilgan. U Rixterdan farqli ravishda 12 balli o'lchov tizimi vositasida hisoblanadi. Mazkur shkala o'rnatgan ma'lumotlar yer silkinishini muayyan miqdorda bashorat qilish imkonini beradi. Masalan, zilzila magnitudasi sakkizga teng, o'chog'i esa o'n kilometr chuqurlikda joylashgan bo'lsa, yer silkinishi kuchi 11-12 ballni tashkil etadi. Agar zilzila o'chog'i Yer qa'rida 50 kilometr chuqurlikda bo'lsa, intensivlik kam bo'lib, 9-10 ballni tashkil etadi. Intensivlik shkalasiga muvofiq, olti balli zilzila yerda yoriqlar paydo qilib, sezilarli talofatlarga sabab bo'lishi mumkin. O'n bir balli zilzilalar esa katta talafot yetkazadi. Bunday zilzila yerda yirik yoriqlar paydo qiladi, inshootlarga zarar yetadi. Mazkur o'lchov bo'yicha eng xavfli zilzila 12 ballni tashkil etadi.

    Jomolungmani uch santimetrga siljitgan

    2015-yilning eng daxshatli zilzilasi Nepalda sodir bo'ldi: 7,9 magnitudali zilzilaning o'chog'i Katmandu shahridan 82 kilometr shimoli-g'arbda, 15 kilometr yer ostida bo'lgan. Keyingi kuni ham kichik yer silkinishlari qayd etildi. Taxminan ikki hafta o'tib, bu yerda 7,3 magnitudali yana bir xavfli zilzila ro'y berdi. Bu safar zilzila o'chog'i Katmandudan 76 kilometr sharqda joylashgan edi. Shundan so'ng yana bir necha marta zilzilalar sodir bo'ldi. Ulardan eng xavflisi 6,3 magnitudani tashkil etdi. Zilzila oqibatida qariyb 9 ming kishi halok bo'ldi, 22 mingdan ziyod odam jarohat oldi. Nepalda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida dunyodagi eng katta tog' cho'qqisi — Jomolungma 2,5 santimetrga pasaydi. Bu Yevropaning “Sentinel-1A” sun'iy yo'ldoshi olib borgan kuzatuvlaridan so'ng ma'lum bo'ldi. Mamlakatning Geodeziya, kartografiya va yer boshqaruvi milliy ma'muriyatining tarqatgan xabarlariga qaraganda, Jomolungma uch santimetr janubi-g'arbga siljigan. Bundan avval Jomolungma yiliga to'rt santimetr shimoli-sharqqa tomon siljiyotgan edi. Bu bilan mazkur tog' cho'qqisi o'n yil ichida ja'mi 40 santimetr siljigan.

    Turkiyada yuz bergan zilzila yuzasidan seysmolog fikri

    Mutaxassislarning fikricha, Turkiya seysmik zonada joylashgani bois mazkur mamlakatda tez-tez zilzilalar yuz beradi.

    Moskva davlat universiteti fizika kafedrasi dotsenti, seysmolog Anna Lyusinaning ta'kidlashicha, Turkiyaning janubi-sharqidagi kuchli zilzila yer qobig'ining yorig'i hududida kuchlanish me'yordan oshib ketgani oqibatida yuz berdi.

    U Turkiya geografik jihatdan Shimoliy Anadolu yoriqlarida joylashganini tushuntirdi. Uning so'zlariga ko'ra, bu seysmik xavfli zona, unda kichik zilzilalar muntazam ravishda, katta zilzilalar esa har uch, o'n yilda bir marta sodir bo'ladi.

    “Bu yer seysmik xavfli zona bo'lgani uchun yer qobig'i faollik holatida, u yerda kuchlanish ortadi. Tog' jinslarining cho'zilish kuchi oshib ketadi va energiya seysmik to'lqinlar ko'rinishida ajralib chiqadi”, deb ta'kidladi mutaxassis.

    Uning so'zlariga ko'ra, bunday hollarda zilzilalarning kuchi Yer qobig'ida qancha energiya to'planib qolganiga bog'liq.

    Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko'plab odam qurbon bo'lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko'rilgani munosabati bilan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anga hamdardlik yo'lladi. Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilib, chuqur hamdardlik izhor etdi. Birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlar va jabrlanganlarning oilalari va yaqinlariga dalda so'zlari bildirildi.

    Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O'zbekistondan Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhi jo'natildi.

    Shahzod G'afforov