Atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishlarining oldini olish, ozon qatlamining yemirilishi, choʻllanish, atmosfera havosining ifloslanishi kabi global ahamiyatga ega masalalarni hal etish hozirgi kunda insoniyat oldida turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham atrof-muhit muammolarini oʻrganish, ularni hal etish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Ayniqsa, soʻnggi yillarda davlat tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻsimliklar va hayvonot dunyosini, atmosfera havosi va tabiiy resurslarni asrash hamda chiqindi muammolarini bartaraf etish, ekologik taʼlimni joriy etishga qaratilgan eʼtibor va bu borada meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani fikrimiz dalilidir.
Bu borada Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan mamlakatimiz ekologiya sohasida keng koʻlamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish, koʻchatxonalar sonini koʻpaytirish shular jumlasidan.
Farmon bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdori besh barobar, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar summalari ikki barobar oshirildi.
Respublikamizda ekotizimlarni himoya qilish va tiklash, koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish borasida “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi bu borada muhim qadam boʻldi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlari ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Endilikda barcha shahar va qishloqlarda daraxt ekish boʻyicha keng koʻlamda ish olib borilayotgani tahsinga sazovor. Shu bilan birga, har yili bahor va kuz oylarida ekiladigan daraxtlar parvarishiga, ularning keyingi taqdiriga ham eʼtibor qaratilishi lozimligi belgilandi.
Jizzax viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga tatbiq etish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023-yilning bahor mavsumida viloyat hududida 10 million 57 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari ekildi.
Ushbu koʻchatlar “Yashil makon” tuman va shahar shtablari tomonidan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan boʻlib, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining barcha tuman va shahar boʻlimlari davlat inspektorlari tomonidan ular haqiqatda ekilganligi tasdiqlandi.
Har bir daraxt koʻchatlarini ekishda sugʻorish tizimiga alohida eʼtibor qaratildi. “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan 10 million 57 ming tup daraxt va buta koʻchatini parvarishlash uchun har bir korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari va masʼul shaxslarga dalolatnoma asosida biriktirildi. Shuningdek, ekilgan koʻchatlarni sugʻorish, parvarish qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. 47 ta korxona, tashkilot va muassasada jami 335 ming 494 tup koʻchatning sugʻorish tizimi tashkil qilinishiga erishildi.
Mahalliy hokimliklar bilan birgalikda barcha toifadagi yer maydonlarida, jumladan, aholi tomorqasi, sugʻoriladigan va lalmi yerlar, choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarida mevali, yongʻoq mevali, uzum plantatsiyalariga ekilgan koʻchat va qalamchalar “Yashil makon” elektron platformasiga kiritib borilmoqda. Jumladan, Forish tumanida faoliyat olib borayotgan “Lazzat kafolati” xususiy korxonasi tomonidan tumanning lalmi yerlardagi 87 gektar yer maydonida 98 ming tup tok ekilgan edi. Ayni kunlarda ularni tomchilatib sugʻorish tizimi shakllantirilib, yozning jazira issiq kunlarida nihollar obi-hayot bilan toʻyintirilmoqda.
Zomin tumanida faoliyat olib borayotgan “Zamin wonderful food” MCHJ tomonidan 100 gektar lalmi yerda 120 ming tup mevali koʻchat ekilib, bogʻ tashkil qilish bilan birga tomchilatib sugʻorish tizimi ham yoʻlga qoʻyildi.
Alohida taʼkidlash joizki, viloyatda daraxt koʻchatlarini ekishda har bir hududning tabiiy sharoiti, iqlimi, tuprogʻi va boshqa omillarni hisobga olib, bevosita olimlar, mutaxassislar va bogʻbonlarning tavsiyalari asosida ekilmoqda.
Jumladan, “Oʻzavtomotors” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2021-yilning kuz va 2022-yilning bahor mavsumlarida Arnasoy tumanining choʻl hududlaridagi 103 gektar maydonga 80 000 ga yaqin pavlovniya, zarang, shumtol, katalpa, qayragʻoch va yapon saforasi daraxtlari koʻchati ekilgan edi.
Choʻl hududlarida daraxt oʻstirishning oʻzi gʻoyat mushkul vazifa. Bunday hududlar tabiatining oʻziga xosligi, haroratning yuqori boʻlishi va namlikning keskin pastligi dov-daraxtlarning gurkirab oʻsishida cheklovchi omil ekanligi koʻpchilikka maʼlum. Ammo shunga qaramasdan, ekilgan koʻchatlarning oʻz vaqtida parvarish qilinishi natijasida daraxtlarning qariyib 90 foizi koʻkardi. Bu ishlarni amalga oshirishda Hindistonning Haydarobod shtatida dunyodagi eng katta yashil hududlarning asoschilaridan boʻlgan “Pragati Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ishlar yaxshi samara berayapti.
Kompaniya rahbari doktor G. Raoning aytishiga qaraganda, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tabiat va insonlar hayoti uchun nihoyatda zarur tadbir hisoblanadi. Arnasoy tumanidagi ushbu yashil hudud 5 yildan keyin ulkan bogʻga aylanib, ekotizimlarning barqarorligi, bioxilma-xillikning boyishi va ekoturizmning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi. Loyiha doirasida yashil hududda tozalikni asrashga katta eʼtibor qaratiladi. Kelgusi rejalarga koʻra, Hindistonning “Valmiki” kompaniyasi bilan hamkorlik olib borilib, chiqindilarni qayta ishlash, plastik chiqindilar koʻpayishining oldini olishga qaratilgan choralar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Hozirda bu yerda daraxtlarni tomchilatib sugʻorish tizimini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda. Buning uchun koʻldan suv tortib kelinib, Xitoy texnologiyasi asosida shoʻr suv chuchuk suvga aylantiriladi va koʻchatlar sugʻoriladi. Yangi texnologiya asosida bir kunda 70 ming kub suv qayta ishlanadi. Arnasoy tumanida barpo etilgan yashil hudud loyihasini amaga oshirish uchun hozirgacha 1 million AQSH dollari qiymatida mablagʻ sarflandi. Hozirda suv avtotransport vositalarida olib kelinib, koʻchatlar sugʻorilmoqda.
Ayni paytda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt va qalamchalarni sugʻorish bilan birga, nihollarni zararkunandalarning salbiy taʼsiridan himoya qilish maqsadida agrotexnik tadbirlar ham oʻtkazilmoqda.
“Yashil makon” umumilliy loyihasining hayotga tatbiq etilishi tabiatni muhofaza qilish va ekologik muammolarning oldini olish borasida eng muhim dasturilamal boʻlmoqda. Hech shubhasiz, yashil hududlarni kengaytirish, yashil maydonlar va jamoat parklarini tashkil etish atrof-muhitni koʻkalamzorlashtiribgina qolmay, balki atmosfera havosining ifloslanishi, tuproq erroziyasi, iqlim oʻzgarishi, ozon qatlamining yemirilishi va ayni paytdagi eng dolzarb muammolardan biri boʻlayotgan qum va chang boʻronlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Erkin XOLMATOV,
Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni
muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi
boshqarmasi boshligʻi