Markaziy Osiyoda yuqori havo harorati tufayli chang bo'roni emissiyasining oshishi taxmin qilinmoqda

    Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO) qum va chang bo'ronlarining chastotasi va xavfi, ularning jamiyatga ta'siri bo'yicha yillik hisobotini e'lon qildi.

    G'arbiy va markaziy Afrika, Arabiston yarim oroli, Eron platosi va shimoli-g'arbiy Xitoydan emissiyalarning ko'payishi hisobiga 2022-yilda yer usti changining yillik o'rtacha konsentratsiyasi 2021-yilga nisbatan bir oz yuqori bo'ldi.

    Havoda chang miqdorining oshishi kelajakdagi qum va chang bo'ronlari va iqlim o'zgarishi o'rtasidagi o'zaro ta'sirlarni, shuningdek, atmosfera va yog'ingarchilik bilan bog'liq o'zgarishlar bo'yicha qo'shimcha tadqiqotlar o'tkazish zaruriyatini yuzaga keltiradi.

    So'nggi tadqiqotlar iqlim isishining turli stsenariylari ostida global chang emissiyasidagi potensial o'zgarishlarni baholadi. Uch xil ssenariy bo'yicha bazaviy yillar (2015 – 2024) va kelgusi yillar (2091 – 2100) o'rtasidagi farq shuni ko'rsatadiki, bu asrning oxirida Gobi va Takla cho'llarining kuchli isishi tufayli chang bo'roni emissiyasi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

    Gobi cho'li va Markaziy Osiyoda isish tufayli qor qoplamining qisqarishi va kuchli yuza shamollari mart oyida chang bo'roni emissiyasining oshishiga sabab bo'lishi taxmin qilinmoqda.

    Sahroi Kabirda global isishning ta'siri Osiyoning ba'zi qismlarida bo'lgani kabi bo'lmasligi mumkin, bu qisman u yerda qor qoplamining yo'qligi bilan bog'liq, deb xabar beradi uzreport.news.