Zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi hayotiy yumushlarimizni yengillashtirishi bilan bir qatorda ekologik muammolarni bartaraf etishga ham yordam beradi. Ilm-fan kishilari ekotizim barqarorligini saqlashga oʻzining yangi loyihalari bilan hissa qoʻshmoqda.

Yaqin-yaqinlargacha insoniyat shisha, plastmassa, qogʻoz, polietilen kabi chiqindi turlariga qarshi kurashib kelgan boʻlsa, endilikda ularning miqdori sintetika va loteksdan iborat bir martalik qoʻlqop, himoya niqoblari hisobiga ham ortib boryapti. Ekologlarning taʼkidlashicha, bunday vositalarning tabiiy muhitda yoʻq boʻlib ketishi uchun 400—450-yil kerak boʻladi. Ularning suv havzalariga tushishi yohud tuproq qatlamiga qorishib ketishi tabiatga yangidan-yangi muammolarni “tuhfa” etadi. Yana bir xavotirli tomoni borki, tibbiyot chiqindilarida turli virusli infeksiyalarning tarqalish xavfi ham yuqori boʻladi.

Biologiya fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Sattorovning tibbiyot chiqindilarini termik usulda zararsizlantirish qurilmasi loyihasi respublika Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maʼqullanib, zarur mablagʻ ajratildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi “Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari” ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasida qurilmaning ilk nusxasi ishlab chiqilib, zarur sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi.

— Qurilma konstruksiyasi ikki kameradan iborat boʻlib, birinchi kamera massani zararsizlantirish vazifasini bajaradi, ikkinchi kamera esa destruksiya mahsulotining toʻliq oksidlanishini taʼminlaydi, — deydi M. Sattorov. — Yuklanayotgan mahsulotning mikrobiologik holatidan kelib chiqqan holda, kameralardagi haroratni 1 200–1 300 gradusgacha koʻtarish imkoniyati mavjud. Natijada mikrobiologik xavf toʻliq bartaraf etiladi. Bitta qurilma bir kunda 50 kilogrammgacha tibbiyot chiqindisini zararsizlantirish imkoniga ega. Bir kunda bir bemor hissasiga oʻrtacha 100—150 gramm tibbiyot chiqindisi toʻgʻri kelishini hisobga olsak, har 100 oʻrinlik kasalxonaga bittadan modulli qurilmani joylashtirish kifoya.

Muzaffar Sattorov taklif qilayotgan qurilmaning afzal tomoni shuki, unda zararli dioksinni tutib qoluvchi filtrlar oʻrnatilgan boʻlib, atmosferaga zaharli tutun chiqarmaydi. Hozirgacha bu borada mavjud qurilmalar aholi yashaydigan joylardan qanchalik yiroqqa oʻrnatilmasin, baribir havoni ifloslashi bilan xavfli edi. Yangi qurilmani esa bemalol tibbiyot obyektlariga ham joylashtirish mumkin. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, chiqindi poligonlariga yuk tashishga hojat qolmaydi. Logistika xarajatlari tejalishi barobarida, chiqindilar egallaydigan maydon ham qisqaradi.

Qurilma qattiq maishiy chiqindilarni 100 foiz qayta ishlab, ulardan dizel fraksiyasi (sintetik neft), benzin fraksiyasi va yuqori kaloriyali koks (koʻmir) olish imkoniyatiga ega.

Zangiota tumanida joylashgan “Biofuel” korxonasining asosiy faoliyati ekotexnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va eksperimental ishlanmalar yaratish hisoblanadi. Jamiyat tasarrufidagi korxona tomonidan “Kanalizatsiya chiqindilari va qattiq maishiy chiqindilardan bioyoqilgʻi olish” startap loyihasi ishlab chiqilgan. Innovatsion loyihaning atrof-muhit muhofazasi uchun muhimligi inobatga olinib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan kerakli mablagʻ ajratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi. Loyiha sabab 30 ga yaqin ish oʻrni yaratilishi barobarida utilizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlar tejaladi.

— Maishiy chiqindilarni yangicha usulda qayta ishlab, oʻz-oʻzini energiya bilan taʼminlovchi texnologiya kichik sharoitda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Qurilma qattiq maishiy chiqindilarni 100 foiz qayta ishlab, ulardan dizel fraksiyasi (sintetik neft), benzin fraksiyasi va yuqori kaloriyali koks (koʻmir) olish imkoniyatiga ega. Hosil boʻladigan tosh, shisha, temir kabi noorganik mahsulotlarni drobilkadan oʻtkazib shisha ishlab chiqarish korxonasi va qurilish korxonalarida foydalanish mumkin, — deydi loyiha rahbari Ikrom Ochilov.

Tadqiqotchining aytishicha, qurilmaga yuklanadigan mahsulotlarning 45 foizi suyuq uglevodorod holiga oʻtib, undan yuqori sifatli sintetik neft olish mumkin. Qattiq qoldiq qismi esa qadoqlangan shaklda manzillarga yuqori kaloriyali ekologik toza koʻmir yoqilgʻisi sifatida transfer qilinadi.

Aytish joiz, hozirgi kunda maishiy chiqindilarning 60 foiz qismi tashib ketiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, chiqindilarning yarmidan koʻprogʻini organik mahsulotlar tashkil qiladi. Mana shu qismning 40 foizi suyuq uglevodorodlar aralashmasi, yaʼni yuqori sifatli neft koʻrsatkichi hisoblanadi. Bir sutkada kishi boshiga 1 kilogramm maishiy chiqindi toʻgʻri keladi. Demak, ulardan yiliga 1,4 million tonnagacha suyuq, yaʼni oltingugurti kam boʻlgan uglevodorodlar aralashmasini olish mumkin.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 29-sentyabrda “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingan edi. Unda Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 2020-yil yakuniga kadar 21,8 foizga, 2021-yil yakuniga kadar 36,5 foizga yetkazilishi belgilanganidan ham koʻrishimiz mumkinki, masala muhim va unga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti.

Oʻlkamizda yiliga 14,5 million tonnagacha qattiq maishiy chiqindilar hosil boʻladi, shuning 78,1 foizi chiqindilarni koʻmish poligonlariga joylashtiriladi. Bunday hududlarda hosil boʻlgan chiqindilar tabiiy chirish jarayonida chiqindi gazini chiqarish xususiyatiga ega boʻlgani sababli, yilning issiq davrida poligonlarda yongʻin holatlari yuz berib turadi. Ikrom Ochilov taklif etayotgan loyiha chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashishi bilan ham ahamiyatli.

Taklif etilayotgan innovatsion loyiha chiqindilarni poligonlarga olib ketilishini istisno qilib, ekologiya va atrof-muhitga zararli moddalar tarqalishiga toʻsqinlik qiladi. Asosiysi, qattiq maishiy chiqindilarni va kanalizatsiya chiqindilarini bir vaqtning oʻzida, yaʼni ayeratsiya stansiyasi hududida va bitta texnologik zanjirda qayta ishlash imkoniyati paydo boʻladi, logistika xarajatlarini kamaytirib, kommunal xizmatlar arzonroq boʻlishi imkonini beradi.

Loyihaning innovatsion yangiligi, mahsulot yopiq ishlov berish holatida qayta ishlanadi. Shuningdek, chiqindilar umumiy hajmining 60 foizini koʻmish oʻrniga, ularning 95 foizini sotiladigan mahsulotga aylantiradi hamda chirigan chiqindilardan chiqadigan zaharli gaz va suyuqliklar hisobiga ekologiya va atrof-muhitning ifloslanishini kamaytiradi. Loyihaning toʻliq amalga oshirilishi qishloq xoʻjaligi yoki qurilish ehtiyojlari uchun yerni boʻshatish imkonini ham beradi.

Har yili sayyoramizdagi okean va dengizlarga 13 million tonnaga yaqin yelim chiqindi gʻarq boʻladi. Ular yillar davomida suvda parchalanib, ekologiyaning ifloslanishiga jiddiy sabab boʻlmoqda. Muammolarni hal etishga koʻmaklashadigan yangi qurilmalar korxona va muassasaning oʻzida joylashtirilib, chiqindilar suv havzalariga tushishining ham oldini oladi.

Feruza Joʻrayeva,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.