Mahsulotni yetishtiruvchi dehqon yoki tadbirkor oʻz tovarini ichki bozorga chiqarib bir karra foyda koʻrsa, xorijga eksport qilish ortidan bir necha barobar koʻp daromad topadi. Faqat buning uchun yoʻl-yoʻrigʻi, tartib-taomili, chet el bozori talablarini bilishi kerak. Keyingi yillarda yurtimizda bu borada yaxshigina tajriba toʻplanib, mahalliy eksportyorlarimiz soni 7,5 mingdan oshdi. Bir necha oʻn yillar davomida sanoqli davlatlardan tashqariga chiqa olmagan oʻzbek mahsulotlari bugungi kunga kelib alohida brend sifatida oʻnlab mamlakat, hatto, Yevropa davlatlari va okean ortiga kirib bormoqda.
Eksport uchun qancha koʻp bozor ochilsa, hajm ham shunga yarasha oʻsib boraveradi. Birgina misol, oʻtgan yili tovar va xizmatlar eksporti hajmi 2022-yilga nisbatan 4,5 foizga oʻsgan. Boshqa sohalarda ham doimiy oʻsish kuzatilyapti. Joriy yil boshidan buyon tarmoq va hududlar 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgan. Mazkur davrda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi.
Natijalarning oshib borishi tabiiy. Chunki boshqa sohalar qatori eksportda ham faqat oʻsishga erishish maqsad qilingan. Buning uchun koʻplab loyihalar, saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning 17-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham bu alohida taʼkidlandi. Yil yakunigacha reja qilingan eksportni taʼminlash uchun birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin koʻpaytirish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Umuman, mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borish zarurligi belgilangan. Maqsadning aniq qoʻyilgani yaxshi, albatta. Ammo kutilgan natijaga erishish bir tekis boʻlavermaydi. Sohada muammolar ham, eksportchi tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar ham yoʻq emas. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti oldidan ishbilarmonlar shu yoʻnalishdagi muammolarni oʻrtaga tashlab, qator tashabbuslarni ilgari suryapti. Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin MALIKOV bilan sohadagi dolzarb masalalar, hamon eksport, deganda soʻz ochiladigan ogʻriqli nuqtalar hamda ularning yechimlari haqida suhbatlashdik.
— Muammolarga toʻxtalishdan oldin oʻzi mamlakatimizda eksport qachondan rivojlana boshladi, degan savolni oʻrtaga tashlasak. Bu 2017-yildan yurtimizda konvertatsiya tizimi ochilganidan keyin roʻy berdi. Yaʼni, valyuta almashinuvi bilan bogʻliq imkoniyatlarning keng ochilishi bevosita eksportga eʼtiborni oshirdi. Qolaversa, Oʻzbekiston oʻsha yillardan boshlab barcha davlatlar uchun eshiklarini ochib, doʻstona aloqalarni oʻrnatish barobarida, barcha sohalarda jadal islohotlar amalga oshirila boshlandi. Yurtimizda ishlab chiqarish quvvatlari koʻpaydi. Bularning bari bir-biriga bogʻliq holda eksportni asta-sekin rivojlantirdi. Ana endi, ish bor joyda kamchilik ham boʻladi. Eksport qaysidir maʼnoda biz uchun yangi soha edi va uni yoʻlga qoʻyib olish davrida muammolarning yuzaga kelayotgani tabiiy jarayon. Asosiysi, bu muammolar birin-ketin yechib borilyaptiki, yildan yilga eksportyorlarga keng imkoniyat va qulayliklar yaratib berilmoqda.
Eksportni yiliga 30 foizga oshirish imkoniyatlarimizga kelsak, bunga erishish mumkin. Oxirgi yillardagi oʻsish koʻrsatkichlari buni tasdiqlayapti. Masalan, birgina eksport geografiyamizni olaylik, 2016-2017-yillarda taxminan 40—50 ta davlat bilan eksport yoʻnalishida ishlagan boʻlsak, hozirgi kunga kelib mamlakatimizning doimiy eksport davlatlari soni 160 dan oshdi. Agar bir marta boʻlsada eksport qilgan davlatlarni ham qoʻshsak, 190 taga yetadi. Biz eksportni yoʻlga qoʻyish orqali mahsulotlarimizni sotish barobarida, xorij tajribasini ham oʻrganib, oʻzimizda tatbiq qilyapmiz. Hozir tadbirkorlarimizning eksport borasidagi tajribasi ancha oshib boryapti. Muammolarni ham koʻrib, bilib, birgalikda yechim izlashga intilyapmiz. Hatto, joriy yil 18-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida eksportyorlar oʻzining boshidan oʻtkazayotgan muammolarni ochiq ayta oldi. Davlatimiz rahbarining bu yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik koʻrish jarayonlarida ham takliflar, tashabbuslar toʻplanyapti. Eksportyorlarni qiynayotgan eng dolzarb masalalar, albatta, oʻrtaga tashlanadi. Maqsad, bu yoʻnalishdagi ishbilarmonlarni yanada qoʻllab-quvvatlab, ularning safi kengayishini taʼminlashdan iborat. Ular qancha koʻp boʻlsa, mamlakatimizning eksport salohiyati shuncha oshib boradi.
— Eksport geografiyasi haqida gapirdingiz. Milliy mahsulotlarimiz noanʼanaviy bozorlarga chiqayotgani rost. Ammo umumiy eksportning asosiy qismi haligacha oʻsha oʻzimiz bilgan 4-5 ta bozorga toʻgʻri kelyapti. «GSP+» tizimiga aʼzo boʻlganmiz, Yevropa bozoriga yoʻl ochiq, bu qoʻshimcha 65 dan ortiq davlat degani. Lekin nega haligacha bu tizim imkoniyatlaridan yetarlicha foydalana olmayapmiz?
— Doimiy eksport bozori, deb aytayotganingiz, mamlakatimizning top eksport davlatlari hisoblanadi. Bunday bozorlar har bir davlatda boʻladi. Yaʼni, oʻsha mamlakatlarga boshqalarga nisbatan koʻproq mahsulot eksport qilinadi. Bizning eksportda hozirgi kunda Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Turkiya davlatlari yetakchilik qilyapti.
Rossiya bozori haqida gapirsak, u bizga azaldan tanish. Ularning talablarini ancha yaxshi bilganimiz bois, eksportda deyarli muammolar boʻlmaydi. Xitoy ham keyingi yillarda yirik importyorlarimizdan biriga aylandi. Avvallari biz bu diyordan asosan mahsulot xarid qilgan boʻlsak, hozir ularga sotyapmiz. Keyingi yillarda Xitoyga eksport qilinayotgan oziq-ovqatlarimiz soni 22 taga yetdi, 2018-yilgacha bu 10 tadan ham oshmagan. Oʻzaro savdo hajmi keyingi uch yilda jadallashib, eksportda mahsulot turi ham kengayib boryapti. Turkiya bozori ham biz uchun manfaatli. Ular mahsulotlarimizni asosan qoplab oladi va qayta ishlab, Yevropaga eksport qiladi. Bir tomondan, bu bizga qulay, katta hajmda mahsulot eksport qilamiz. Umuman, yurtimizning eksportdagi top davlatlari bilan savdo hajmining yuqori ekani ana shu bir nechta davlatdan chiqib keta olmayapmiz, degani emas. Eksportda doimiy xaridorlarning boʻlishi shart va tabiiy.
Noanʼanaviy bozorlarga kelsak, ularga siz taʼkidlagan «GSP+» dasturi asosida kiramiz. Bu dasturga aʼzo 28 ta davlatga amal qiladigan tizim boʻlib, mazkur mamlakatlarning umumiy savdosi taxminan 270 milliard dollarni tashkil qiladi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston ushbu tizimga kirgan. Bu orqali yurtimiz Yevropaga 6 ming 200 turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish imkoniyatiga ega. Yana uch ming turdagi tovarga boj toʻlovlarida 50 foizlik chegirma beriladi. Bu, haqiqatan, juda katta imkoniyat.
Ammo oʻtgan yilgi tahlillarimizga koʻra, mazkur tizim imkoniyatlaridan unumli foydalana olmaganmiz. Faqatgina toʻqimachilik sanoatida tizim manfaatli xizmat qilgani koʻrindi. Buning hisobiga tarmoqdagi eksport hajmi jadal oʻsmoqda. Xususan, joriy yilning dastlabki besh oyida mamlakatimiz dunyoning 55 ta davlatiga qiymati qariyb 1,3 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi.
Qolgan sohalarda xalqaro tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmagani boisi koʻproq mahsulotlarning Yevropa standartlari talablariga javob bermagani bilan bogʻliq. Bunda eksportyorlarimizni ayblab ham boʻlmaydi. Chunki ular yillar davomida biz uchun nisbatan oddiy, sodda talablarga ega boʻlgan qoʻshni davlatlarga eksport qilgan yoki bunga umuman imkoniyati boʻlmagan. Xullas, eksport talablari borasida tajribasi yetarli emas. Biz ana shu jihatlarga eʼtibor qaratib, eksportyorlarga Yevropa standarti talablarini oʻrgatyapmiz.
Buni bilish va unga amal qilish, avvalo, tadbirkorlarning oʻzi uchun bir necha karra foydali. Masalan, gilos mevasi misolida oladigan boʻlsak, bu yil mahsulotni Rossiyaga 3 dollardan, Xitoyga 6 dollardan, Koreyaga 6 dollardan 12 dollargacha narxda eksport qildik. Yevropa davlatlari ham talabgor boʻldi, 20 dollardan narx qoʻydi, faqat organik talablarga javob berishi sharti bilan. Yaʼni, hozir Yevropa bozorida organik mahsulotga talab yuqori, uni yetishtirish esa katta mehnat, tajriba va xarajat talab etadi.
Biroq, bu anʼanaviy bozorlarning talabi oson, degani emas. Ularning ham shartlari oʻziga yarasha. Eksportda raqobat juda kuchli va sifat bilangina xaridorlar sonini oshirish mumkin. Masalan, yurtimiz qishloq xoʻjalik mahsulotlarining taxminan 65 foizi Rossiya bozoriga eksport qilinadi. Ularda ikki tomon bor, biri marketlar tarmogʻi, ikkinchisi bozor. Har ikkisi ham oʻziga yarasha talablarga ega. Supermarketlar mahsulotlarni laboratoriyadan oʻtkazib, soʻng qabul qiladi. Ularning asosiy talabi mahsulot ichi «oʻqlanmagan», yaʼni ichidagi barcha mahsulot bir xil sifatda boʻlishi kerak. Afsuski, eksportyorlarimiz doim ham bu talabni bajaravermaydi. Masalan, vodiyda gilos yashiklarga toʻrt qator taxlanadi. Baʼzan birinchi qatorga juda chiroyli, sifatli mahsulot terilgan, tagidagi qatorlari esa sifatsiz boʻladi. Buni xaridor oʻsha vaqtda koʻrmasa ham, uyiga olib borgach payqaydi va doʻkonga eʼtiroz bildiradi. Importyor esa bundan norozi boʻlib, kelasi safar biz bilan ishlashdan bosh tortadi. Rossiya bozorlarida esa, odatda, yurtimizdan borgan sotuvchilarning oʻzi mahsulot sotadi. Koʻpincha xaridor topish uchun bir-biriga qarab narxni tushiradi. Natijada mahsulotlarimizning xorij bozorida narxi pastlab ketishiga olib keladi.
Shu kabi holatlar mamlakatning eksport imijiga salbiy taʼsir koʻrsatishi eng ayanchlisi. Ammo, afsuski, oxirgi uch yilda «oʻqlangan», degan narsa juda rivojlanib ketibdi. Bu nafaqat Rossiya, balki boshqa davlatlarga eksport boʻlayotgan mahsulotlarimizda ham koʻzga tashlanyapti. Tadbirkorlarning bunday harakati importyorlarda ishonchsizlik uygʻotadi. Jahon amaliyotini oʻrganganimizda, bunday uddaburonlar boshqa davlatlarda ham borligiga guvoh boʻldik. Ammo ular bunday holatlarga nisbatan qatʼiy choralar belgilagan. Masalan, Turkiya davlati barcha eksportyorlarni bir uyushmaga yigʻib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlar ekan. Agar ularning birortasi mamlakat imijiga taʼsir koʻrsatadigan ish qilsa, qora roʻyxatga kiritiladi. Eronda ham shunday, eksportyorlarga jiddiy jazolar qoʻllanadi. Biz bu borada maʼmuriy chora qoʻllashdan boshlash taklifini bildiryapmiz. Qolaversa, har bir viloyatda uzoq yillik tajribaga ega eksportyorlardan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzdik. Ularning oʻzi hududdagi nohalol eksportyorlarni aniqlab, tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Karantin agentligi inspektorlari ham bunga qarshi qattiq kurashyapti. Yaʼni, biz eksportda mamlakatimizning ijobiy imijini yaratmasdan turib, kattaroq va doimiy bozorlarni egallashimiz qiyin kechadi.
— Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston joriy yil boshida piyoz eksporti boʻyicha top-5 davlatlar qatoriga kirdi va bu borada dunyoning eng yirik 5 ta eksportyorlari qatoridan joy oldi. Hatto, mamlakatimiz yiliga 250 ming tonnagacha piyoz eksport qiluvchi dunyodagi 10 ta davlatdan biri sifatida eʼtirof etilgan. Ammo iyun oyida ichki bozorda piyoz narxi keskin tushib ketib, dehqonlar mahsulotini eksport qila olmagani sababli dalalarda qolib ketgani shov-shuvlarga sabab boʻldi. Eksportga nima toʻsqinlik qildi? Umuman, nega bizda mavsum yaqinlashayotgan pallada oldindan eksport choralari koʻrilmaydi?
— Har bir sohada boʻlgani kabi dehqonchilikda ham tahlil, bilim, meʼyor boʻlishi kerak. Oʻzbekchilikda bir odat bor: oʻtgan yili qaysi mahsulot qimmat boʻlsa, bu yil hamma oʻsha mahsulotni yetishtiradi. Piyoz borasida ham shunday holat boʻldi. Siz keltirgan statistik maʼlumotda ham yurtimizning bu yilgi piyoz eksporti salohiyati 300 ming tonna ekani tahlil qilingan. Lekin mahsulot meʼyoridan yuqorilab, 400 ming tonnadan oshib ketdi. Oʻz-oʻzidan ichki bozorda narx tushdi. Eksportda ham oʻzining chegarasi bor. Shunda ham maksimal darajada eksport qildik. Hatto, mahsulotni yetkazib berish uchun yuk mashinalari yetmadi. Piyozni Yevropa bozorlarigacha eksport qildik. Shvetsiya, Norvegiya, Estoniya davlatlariga 2,5 yevrodan sotdik.
Shu oʻrinda, yana bir narsa odamni dilini xira qiladi. Biz yangi bozorlar topishga intilyapmiz, ammo bizga bogʻliq boʻlmagan omillar sabab ularni doimiy ushlab qola olmayapmiz. Masalan, ozarbayjonlik importyor bilan kelishuv qilinib, katta miqdordagi piyoz mahsulotimiz 14 kunda Dubayga yetib bordi, oʻzimiz kuzatib turdik. Mahsulot 5 kilogrammlik qoplarda joʻnatildi. Boshida mahsulot sifatli yetib borgan, ammo keyingi partiyalarda yana oʻsha «oʻqlangan» holat. Tadbirkorlarimiz qopning oʻrtasiga turba qoʻyib, chiroyli piyoz taxlaganda, ichiga maydalari solib yuborilgan. Buni koʻrgan importyor bizdan boshqa piyoz olmasligini aytdi. Koʻryapsizmi, shu birgina holat umumiy eksportga qanchalik taʼsir koʻrsatyapti.
Mavsumda bozor topish choralariga kelsak, toʻgʻrisini aytsam, shu paytgacha bu borada harakatlar boʻlmagan. Bu eng katta kamchiliklarimizdan biri edi. Hozirgi kunga kelib esa Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sohasiga bosh qilib qoʻyilganidan keyin boshqa koʻplab saʼy-harakatlar qatori, bu mexanizmni ham asta-sekin yoʻlga qoʻyyapmiz. Ular bilan hamkorlikda eksport shtabi tashkil qildik. Shtab mahsulot yetkazib beradi, Eksportchilar uyushmasi uni xorijga sotish bilan shugʻullanadi. Shtabdagi har bir xodim kamida uchta davlatdagi Oʻzbekistonning elchixonalari bilan ishlayapti. Elchilar koʻmagida oʻsha davlatlardagi importyorlar aniqlanib, shtabda roʻyxati shakllantirilyapti. Ular eksportyorlarga berib boriladi. Umuman, biz shunday tizim qildikki, har 20 kunda qaysi viloyatda, qaysi mahsulot pishib yetilishi, turlarigacha maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, tizimli zanjir hosil qilindi.
Mavsumiylik masalasida yana bir muammomiz koʻzga tashlanadi. Yaʼni, yurtimiz dehqonlari, allaqachon, yilda 2-3-martalab hosil yetishtira boshlaganiga qaramay, haligacha bizda «mavsumiy», degan tushuncha bor. Masalan, aprel oyida gilos pishib yetilishi, mayda qulupnay terilishi, avgustda anjir mavsumiga kirishimiz hammamiz oʻrganib qolgan anʼanaviylik. Ammo jahon bozorida mavsumiy, degan tushunchaning oʻzi qolmagan. Davlatlar xaridorgir mahsulotlarni ketini uzmasdan, doimiy yetishtirish yoʻllarini topyapti. Masalan, xitoyliklar plyonka ostida kichik daraxtlarda gilos yetishtirib, doimiy eksportini yoʻlga qoʻygan. Bizda ana shunday uzviylikning yoʻqligi bir qancha muammolarni tugʻdirib, doimiy mijozlarimiz boʻlmasligiga olib keladi. Agar doimiy mijozlarimiz boʻlsa, mahsulotlarning qolib ketmasligiga ishonchimiz ham boʻladi. Shu bois, meva-sabzavot mahsulotlarini doimiy yetishtirish boʻyicha xorij tajribasiga asoslangan takliflarni ishlab chiqyapmiz.
— Mahsulot yetishtirish oson emas. Dehqon buning uchun ming mashaqqat chekadi. Eksportyor ham unga katta xarajat qiladi. Ne umidlar bilan eksport qilingan mahsulotning biror sabab bilan qaytarib yuborilishi esa qanchalik alamli ekanini tasavvur qilish mumkin. Nega buning oldini olish uchun avvaldan harakat qilinmaydi? Umuman, mahsuloti qaytarib yuborilgan eksportyorning huquqlari qanday himoya qilinadi?
— Avvalo, Oʻzbekistondan chiqayotgan mahsulotning har biri shartnoma asosida eksport boʻladi. Shartnoma davlatlar oʻrtasida yoki xususiy importyor va eksportyor oʻrtasida tuzilgan boʻlishi mumkin. Koʻp hollarda, xususiy ikki tomon oʻrtasida tuzilgan shartnoma sabab muammolar yuzaga keladi. Ayniqsa, mahalliy eksportyorlarimiz koʻpincha importyor tomonidan berilgan shartnomani oʻqimasdan, oʻqisa ham tushunmasdan koʻr-koʻrona imzolaydi. Ana shu narsa hozirgi kunda jiddiy masalaga aylangan.
Masalan, yaqinda tadbirkorlarimizdan biri Yevropaga 20 tonna mayiz eksport qildi. Tovar u yerdagi bojxona laboratoriyasida tekshiruvdan oʻtkazilganida, mahsulot tarkibida oltingugurt va boshqa moddalar miqdori yuqori ekani aniqlangan. Eng qizigʻi, mahsulot eksport qilinishidan oldin yurtimizdagi laboratoriyada tekshiruvdan oʻtkazilib, xulosasi olingan va importyor uni qabul qilib, buyurtma bergan. Yevropa davlati bojxonasidagi xulosa asosida importyor mahsulotni olishdan bosh tortgan va tadbirkor ortga qaytarib olib kelishga majbur boʻldi.
Belarus davlati bilan ham shunday hol kuzatildi. Oʻrtada shartnoma tuzilib, piyoz va karam mahsulotlari joʻnatilgan. Ularga boshqa hududdan arzon karam kirib kelgani uchun, bizniki qimmat boʻlib chiqdi va xaridor bizning mahsulotni olishni rad etdi. Oʻzbekistonlik tadbirkor hech narsa qila olmasdan qaytib kelaverdi. Biz ham hech qanday yordam bera olmadik. Chunki shartnoma shunday tuzilgan va unda barcha huquqlar importyorda turibdi. Eksportyorlarimizda huquqiy savodxonlik yetishmasligi, oʻz haq-huquqini bilmasligi sababli ham shunday vaziyatlar uchrab turibdi.
Mahsulotlar qaytarib yuborilishining yana bir sababi, bevosita tovar sifati bilan bogʻliq. Amaldagi tartibga koʻra, yurtimizda chetga chiqarilayotgan mahsulotlar bojxonaga borishdan oldin fumigatsiya, yaʼni dorilash jarayonidan oʻtkaziladi. Shu tarzda mahsulot ichidagi zararkunandalar taxminan 6 soatda butunlay oʻladi va xorij davlatiga zararsizlantirilgan holda boradi. Biroq, ayrim tadbirkorlarimizning «shoshqaloqligi» sabab dorilash jarayoni koʻpincha oʻtkazilmaydi. Eksportyor bir necha soat vaqtdan yutish uchun mahsulotni dorilamasdan joʻnatadi, natijada xorij davlatida kasallik yoki zararkunanda borligi aniqlanadi. Bu mahsulotni ortga qaytarish uchun asos boʻla oladi. Yaqinda Qozogʻistonga eksport qilingan 4 tonna pomidor mahsulotida shunday holat kuzatildi. Qolaversa, shaftoli, oʻrik mahsulotlarimiz sifatiga ham eʼtirozlar boʻldi. Vaholanki, eksportga chiqariladigan mahsulotlarni dorilash davlat tomonidan mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Afsuski, shundan ham foydalanmaydigan tadbirkorlar bor. Shu bois, endilikda, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bu masalada talabni qatʼiy qoʻyib, nazoratni kuchaytirgan.
Koʻpincha, xalqimiz tomonidan faqat bizning mahsulotlar chetdan qaytariladi, bizdan ham sifatsiz import mahsulotlar qaytariladimi, degan eʼtirozli savollar paydo boʻladi. Albatta, bojxona postlarida bunday amaliyot boʻlib turadi. Oʻzbekiston talabiga javob bermaydigan, muvofiqlik seritifatini olmagan mahsulotlar qaytariladi yoki tegishli tartibda yoʻq qilinadi.
Bularning hammasi tizimli jarayon. Ayniqsa, eksportda tizim ishlashi juda muhim. Yaqindan bu borada yangi mexanizmni yoʻlga qoʻyyapmiz. Dehqondan importyorgacha boʻlgan zanjirni yaratdik. Agrokoʻmakchi mobil ilovasi yaratilib, importyor va eksportyorlar haqida maʼlumotlar kiritilyapti. Bu ham eksportyorlar uchun katta imkoniyat.
Eksportbop mahsulot yetishtirishda ham yangi mexanizmlar joriy etilyapti. Masalan, Sirdaryo viloyatida yoʻlga qoʻyilgan Sayxunobod tajribasi shulardan biri. Ish avvalida hudud tarixi oʻrganildi. Kuzatuvlarimizga koʻra, mahalliy sharoitda koʻproq qovun va oshqovoq yaxshi yetishtirilar ekan. Ushbu mahsulotlar eksportida oxirgi uch yilni tahlil qildik va yiliga 15 foizdan oʻsishni kuzatdik. Asosan, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistonga eksport qilingan. Germaniya, Saudiya Arabistoni esa quritilgan oshqovoqqa xaridor ekan. Shulardan kelib chiqib, Sayxunobod tajribasining bir qismi sifatida 1800 nafar aholiga 200 gektardan oshiq yer ajratilib, ekish uchun oshqovoqning eksportbop urugʻi olib kelindi. Hozir hosil asta-sekin yetilyapti.
Asosiysi, biz har bir talabgor bilan shartnoma tuzganmiz. Masʼuliyat ikki tomonda ham birdek boʻladi. Ana shunday huquqiy kafolatlangan shartnomalarni xorijlik xaridorlar bilan ham tokomillashtirishga intilyapmiz. Shundagina, biz eksportni shunchaki emas, balki tahlillar, bilim hamda xalqaro standartlar talablariga mos tarzda amalga oshirishni taʼminlaymiz.
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri
Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.
(Suhbat «Yangi Oʻzbekiston» gazetasining 31.07.24 y, 152-sonida chop etilgan)