Sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishiga “ragʻbat” bormi?

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 8 nomdagi mahsulotlar amaldagi talablarga nomuvofiqligi, yaʼni yaroqsiz ekanligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tarqaldi.

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda boshlangan yangi loyihaga asosan nazorat xaridi tashkil etilgani boʻyicha yuz.uz muxbirlari soha mutaxassislaridan eksklyuziv intervyu oldi.

    Nazorat xaridi uchun Toshkent shahri Labzak koʻchasida joylashgan chakana savdo doʻkonidan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarga sinovdan oʻtkazish uchun taqdim etildi.

    Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Milliy “Referens” laboratoriyasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “UzTest” laboratoriyasi hamda akkreditatsiyadan oʻtgan xususiy laboratoriyalar tomonidan xulosalar berilgan. Sinov natijalariga koʻra, 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi, yaʼni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi maʼlum boʻlgan.

    Misol uchun qoʻmitaning xulosasida ikki turdagi mahsulotlarda, yaʼni 12.06.2024-yilda ishlab chiqarilgan “Dobroye derevenskoye utro” nomli 2,5 foiz yogʻli 900 gramm qadoqlangan biokefir mahsuloti achitqisi boʻyicha va 16.09.2023-yilda ishlab chiqarilgan “Urussa” kungaboqar yogʻi tarkibida choʻkindilari boʻyicha SanPin 0366-19 talablariga nomuvofiq deb topilgan.

    Shuningdek, GOST va markirovka talablari boʻyicha qadoqlangan “Qand” mahsuloti namligi va markirovkasi boʻyicha, “SELLATILGAN MOL GOʼSHTI oliy nav” Konservalangan mol goʻshti mahsuloti tuz miqdori va markirovkasi boʻyicha, Chernogolovka 1 litrli “Buratino” gazlangan salqinlantiruvchi ichimligi “kislotnost” va markirovkasi boʻyicha, “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti qiyomi kamligi va markirovkasi boʻyicha, “Kunjutnoye maslo” hamda “Sedana yogʼi” yogʻ mahsuloti tarkibi hamda markirovkasi boʻyicha amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan.

    Texnik reglament yoki standart talablari boʻyicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yorliqlanishi va qadoqlanishi bilan bogʻliq boʻlib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishlidir:

    1. “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MCHJ;

    2. “SELLATILGAN MOL GOʼSHTI oliy nav” Konservalangan mol goʻshti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MCHJ;

    3. “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MCHJ;

    4. “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MCHJ;

    5. “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik — ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MCHJ QK;

    6. “Urussa” kungaboqar yogʻi — ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;

    7. “Kunjutnoye maslo” yogʻ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;

    8. “Sedana yogʼi” yogʻ mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, tovarning nuqsoni – tovarning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovarning sifatiga odatda qoʻyiladigan talablarga nomuvofiqligi aniqlansa, isteʼmolchilarga tegishli tartibda almashtirilib beriladi yoki boʻlmasa toʻlangan pullari qaytarilib berilishi belgilangan.

    Shuningdek, nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib oʻtilmagan boʻlsa, oʻz xohishiga qarab quyidagilardan birini, yaʼni tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, uning xarid narxini tegishli tartibda qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki isteʼmolchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarini bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish, shartnomani bekor qilib, koʻrilgan zararni qoplab berishini talab qilishga haqli.

    Shu oʻrinda bir narsaga eʼtibor qaratish lozim, mahsulotlar oʻrganilganda yoki tekshirilganda sifatsizligi yoki amaldagi talabga nomuvofiqligi aniqlanganligi aynan oʻsha ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan partiyalarga amal qiladi va ulargagina tegishli.

    Agar sotuvchi tomonidan realizatsiya qilish paytida qandaydir nuqson aniqlansa va sotuvchi saqlash qoidalariga amal qilmasa sotuvchi, qolgan hollarda ishlab chiqaruvchi, importyor javobgar hisoblanadi.

    Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Sanitariya-epidemiologik xulosa qachon beriladi? Mahsulot xavfsizligi boʻyicha radiologiya, epidemiologiya, bakteriologiya, sanitariya-gigiyena yoʻnalishlarida tekshiriladi va faqatgina shu yoʻnalishlargagina toʻgʻri kelsa xulosa olinadi. Bu degani sotuvga chiqarishdan avval hujjat topshirgan 99 % mahsulotlarimiz muvofiqlik xulosasini olishlari mumkin. Biroq, mahsulotning tarkibi, qadogʻida koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni, yaʼni GOSTlarda belgilangan talablar boʻyicha tekshirmasdan sotuvga chiqariladi.

    Bu boʻyicha sertifikat olish shartmi ?

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 02.06.2021-yildagi

    PF-6240-son Farmonining 3-bandiga muvofiq, sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini taʼminlash uchun javobgar hisoblanishi belgilab qoʻyilgan.

    Bozorda isteʼmolchi mahsulotni erkin tanlash huquqiga ega. Qaysidir mahsulotni nomuvofiqligi aniqlandi. Lekin bir partiya boʻyicha. Ammo bu degani ushbu tovar yana bozorda sotilmaydi degani emas. Shuning uchun qolgan mahsulotlarni ham sifatsiz deya olmaymiz. Isteʼmolchi oʻzi tanlab, maʼqul kelsa ushbu mahsulotni sotib oladi.

    Shunga qaramay, hozirda bu kabi holatlarga boshqa yoʻl qoʻyilmasligini oldini olish maqsadida, keng qamrovli ishlar tashkil etilib, bozor rastalaridan, savdo doʻkonlaridan qaytarib olish ishlari hamon davom etmoqda. Sababi ushbu tadbirda sotuvchilar saqlash qoidalariga amal qilgan shaxobchadan tekshirildi va ishlab chiqaruvchi tarkibi boʻyicha belgilangan meʼyorlarga amal qilmaganligi aniqlandi.

    – Demak 99 foiz ishlab chiqaruvchi aybdor va ular GOST boʻyicha belgilangan meʼyorlarga amal qilmagan, – deydi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Botir Sharipov. – Qoʻmita tomonidan hozirda mazkur ishlar amalga oshirilib, belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazilgan hamda pul mablagʻlarini qaytarib berish masalasi tadbirkorlik subyektlariga qoʻyildi va muddatlari belgilanib, bir oy ichida qaytarib berilishi aynan shu partiya boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.

    “Yaroqli muddati, ishlab chiqarish sanasi koʻrsatilmagan mahsulotlarni realizatsiya qilganligi uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 178-moddasiga koʻra sotuvchiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari, mansabdor shaxslarga esa oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi”, deydi mutaxassis.

    Maʼlumot uchun: 2017-yil 12-iyuldagi 490-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentining 90-bandiga asosan, nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari Texnik reglament talablariga muvofiq boʻlmagan tamgʻalangan oziq-ovqat mahsulotlari muomalaga chiqarilishining oldini olish, shuningdek bunday mahsulotlarni bozorda muomaladan olib qoʻyish uchun barcha choralarni koʻrishi shartligi belgilagan.

    Hozirda, Raqobat qoʻmitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qoʻyish yuzasidan belgilangan tartibda choralar koʻrilmoqda.

    Oʻtgan davr mobaynida uch yarim mingdan ortiq, yaʼni asosan, oziq-ovqat mahsuloti, maishiy texnika, biologik faol qoʻshimchalar va yaʼni boshqa turdagi mahsulotlarning sifat boʻyicha murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu masala mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, isteʼmolchilar foydasiga oʻn milliarddan ortiq pul mablagʻlari qaytarilib berilgan, deydi mutaxassis.

    Shu kabi loyihalardan koʻzlangan maqsad, sifatsiz mahsulotlardan isteʼmolchilarni himoya qilish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish, isteʼmolga yaroqsiz hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aylanmasining oldini olishdir.


    Zulxumor Akbarova