Eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etiladi

    Bunday zonaning birinchisi Namanganda tashkil qilinib, toʻqimachilikka ixtisoslashadi.

    Mamlakatimizdagi 22 ta erkin iqtisodiy zonada ishga tushgan 589 ta korxona oʻtgan yili 42 trillion soʻmlik mahsulot chiqargan.

    Ishlab chiqarilgan mahsulotning bor-yoʻgʻi 16 foizi yuqori texnologiyali tovarlar hisoblanadi. Mahsulotlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

    Erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab imtiyoz olmoqda. Lekin bu mablagʻlar tannarxni pasaytirish, eksportga chiqish uchun xizmat qilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    Shu bois, endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Ushbu zonalarda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xorijiy tajribada ham bu oʻzini oqlagani taʼkidlandi.

    Bunday zonaning birinchisi Namanganda tashkil qilinib, toʻqimachilikka ixtisoslashadi.

    Iqtisodiy kompleks rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha mavjud tizimni qayta koʻrib chiqib, ularni eksportga ixtisoslashtirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.