Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi tizimda “Elektron poliklinika” axborot tizimi yoʻlga qoʻyilayotgani bu borada qulayliklar yaratmoqda.
Bugun vaqt insoniyat uchun eng qimmatli resursga aylandi. Bozordami, yoʻldami, biron muassasadami, koʻpchilikning navbatda turishga sira toqati yoʻq. Odamlar har bir ishi tez va oson bitishini istaydi. Ayniqsa, shifo muassasalarida. Shu bois mazkur dastur ortiqcha ovoragarchilik va qogʻozbozliklarga chek qoʻyib, barcha ishlarni tizimli ravishda olib borishga, tezkor va aniq ishlashga, eng asosiysi, shifokorlarning bemorlar uchun koʻproq vaqt ajratishiga imkon bermoqda.
Jumladan, Nishon tumanida tizimni rivojlantirish maksadida tegishli muassasalar monitor, monoblok, printer bilan taʼminlandi. Tuman markaziy shifoxonasi, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlariga loyiha asosida shisha tolali kabellar tortildi va “Elektron poliklinika” tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tibbiyot xodimlarining mazkur yoʻnalishdagi savodxonligini oshirish maqsadida IT-markazlarida bepul mashgʻulotlar olib borildi.
Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada lokal tarmok qayta rekonstruksiya kilindi. Mazkur poliklinikada yaratilgan “Elektron poliklinika” tizimi onlayn roʻyxat asosida fuqarolarni qabul qilish, masofaviy diagnostika, bemor salomatligini masofadan monitoring qilish, tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, virtual tibbiy koʻrikdan oʻtish, virtual shifoxona xizmati va elektron retseptlar berishga imkon yaratmoqda.
— Poliklinikaga kelgan fuqaro “Elektron poliklinika” orqali roʻyxatga olingach, oilaviy shifokorga yoʻnaltiriladi, — deydi muassasa dermatovenerolog shifokori Mansur Qoʻziyev. — Shifokor bemor uchun zarur tekshiruvlarni belgilab bergach, shu asosda tor soha mutaxassislariga uchrashishi yoki laborator analiz topshirishi mumkin. Bemorning barcha tahlillari avtomatik tarzda oilaviy shifokorga koʻrinib turadi. U shu asosda murojaatchiga elektron retsept beradi. Bemorning retsept asosida poliklinikaning oʻzidan buyurilgan dorini olishi ham elektron tarzda nazorat qilinadi. Fuqarolar esa tibbiy tahlillarini, kasallik tarixini uyda oʻtirgan holda onlayn tarzda kuzatib turishi mumkin.
Bu tizimning yana bir afzalligi shundaki, u orqali bemorlarning kasalliklarini tasniflash, oʻsha hudud aholisida koʻp uchraydigan xastaliklar bazasini shakllantirish imkoni mavjud.
— Bu yerga tez-tez kelib, doʻxtirlar koʻrigidan oʻtib turaman, — deydi 71 yoshli Egamberdi bobo Jumayev. – Kompyuterlashgan yangi tizim juda qulay boʻldi. Vaqting ketmaydi, ortiqcha ovoragarchilik, asabbuzarlik, qogʻozbozlik yoʻq.
— Tuman tibbiyot birlashmasida 2021-yil 1-noyabrdan bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi tashkil etildi, — deydi Nishon tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Shamshir Toʻrayev. — Ehtiyojmand oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanib, imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolanadigan kasalliklar roʻyxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalari belgilanib, imtiyozli toifadagi shaxslar tegishli platforma orqali bazaga kiritilib, elektron yoʻllanma orqali imtiyozli davolanishga yuborilmoqda. Ayni paytgacha shaffoflik taʼminlangan elektron tizim orqali 465 nafar bemorimiz respublika shifoxonalarida davolanib chiqdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, mazkur yangi elektron dastur bir qator qulayliklari bilan ajralib turadi. Jumladan: haqiqiy vaqtda hisobotlarni qabul qilish va uzatish; shaxsiy va tibbiy maʼlumotlarni ajratish; tibbiy maʼlumotlarning yuqori darajadagi xavfsizligi va nazorati; yangi tashkil etilgan tibbiyot muassasalarini tez va oson birlashtirish.
Yangi dastur orqali shifokor va bemorning vaqti tejalib, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshmoqda. Tibbiyot xodimlari faoliyati va ish yuklamasini muntazam kuzatib borish, statistik maʼlumotlarni shaffof tarzda yuritish imkoniyati yaratilmoqda.