Elu-yurtga nafim tegsa, deyman

    Xorijiy davlatlarning yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, yirik transmilliy korporasiyalarda zamonaviy bilim va ilg‘or xorijiy tajribani egallab kelayotgan iqtidorli yigit-qizlar bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida kamarbasta bo‘lmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlaridan biri, Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Shohruh Tillaboyev ana shunday yoshlarimizdan biridir. Uning nufuzli xorijiy universitetda olgan tahsili va bugungi orzu-o‘ylari bilan tanishamiz.

    Buyuk Britaniyaning Brunel London universitida magistratura bosqichining Xalqaro intellektual mulk huquqi yo‘nalishida tahsil olib keldim. Ushbu universitet dunyoning nufuzli universitetlar ro‘yxatiga kiradi. Albatta, xorijda tahsil olishimda “El-yurt umidi” jamg‘armasining alohida o‘rni bor. O‘qish davrida chet ellik kursdoshlarim ushbu jamg‘arma bilan rosa qiziqishgan, bunga sabab ularning davlatida yoshlarga bo‘lgan bunday imkoniyat yo‘qligi edi.

    O‘qish davomida London professor-o‘qituvchilari bilan tanishdim, Oksford professorlari bilan muloqot qildim hamda bir necha nashriyotda ilmiy maqolalarim chop etildi. Brunel London universitetida bir necha qiziqarli fanlarni o‘rgandim.

    Intellektual mulk sohasini rivojlantirish, huquqiy himoyasi va ijrosini to‘liq ta’minlash uchun har bir mamlakat amaldagi qonunlarga tayanmasdan, muayyan islohotlarni amalga oshirishi zarur. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga rioya etilishini kuchaytirish, bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Xususan, tarixda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning Milliy strategiyasi qabul qilindi. Ushbu strategiyaning asosiy mazmuni davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza qilishda zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalarini qo‘llash, intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilishning ishonchli tizimini rivojlantirish, aholining intellektual mulkka nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish va xabardorligini oshirishdan iborat. Ana shu ishlarda o‘zimning munosib hissamni qo‘shishni istayman.

    Ayni paytda ko‘p stipendiatlar jamg‘arma orqali xorijda tahsil olmoqda. Har xafta Vazirlik idoralar rahbarlari bilan an’anaviy va onlayn tarzda uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu uchrashuvlarda har bir stipendiat o‘zining takliflarini vazirlarga aytishi mumkin. Bu takliflar orasida yurtimiz ravnaqiga hissa bo‘lib qo‘shiladigan ko‘plab g‘oya va tashabbuslar bildirilayotgani quvonarlidir.

    Shohruhbek Tillaboyev,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi