Endi joylarni nomlashda mahalliy aholi fikri inobatga olinadi

    Madaniyat 20 Oktabr 2023 1573

    Yurtimiz qiyofasi kundan-kunga chiroy ochmoqda. Bu esa mehnatkash va bunyodkor xalqimizning g'ayrat-shijoati sharofatidan, albatta. Lekin shunday e'tiroflar ma'naviy hayotimiz darajasiga daxldor ona tilimizga munosabatimiz manzarasiga nisbatan mosmi? Ochig'i, javobiga biroz o'ylanib qolishimiz rost.

    Oʻzbek tilimiz mavqeini tiklashga istiqlol arafasidayoq jiddiy qaralgan. Rasman 1989-yilning 21-oktyabrida “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan. Mustaqillikka erishganimizdan soʻng boshqa koʻp muammolar qatori tilga eʼtibor dolzarb masalaga aylandi. Chunki oʻzbek tilining xalqaro maydondagi obroʻ-nufuzini yuksaltirish, mamlakatimizning jahon kommunikatsiya tizimiga intgeratsiyalashuvini taʼminlash, yoshlarga chet tillarini, axborot texnologiyalarini har tomonlama puxta egallashga qulay imkoniyatlar yaratish kabi bir-biridan muhim vazifalarni kechiktirmasdan bajarish taqozo etilardi.

    Natijada til siyosatiga istiqlol siyosatining uzviy bir qismi sifatida yondashildi. 1995-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuni yangi tahrirda kuchga kirdi. 24 moddadan iborat qonun oʻzbek adabiy tilining huquqiy negizi, poydevoridir. Joriy yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Referendumida ovozga qoʻyilgan yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”da tilimiz maqomi yana bir karra mustahkamlandi. Uning 4-moddasida ifodalanganidek:

    “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

    Toʻraqoʻrgʻon tumanida ham mazkur Qonun talablari asosida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda. 67 ta mahalla, 100 dan ziyod korxona, muassasa, 62 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 44 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida targʻibot tadbirlari muntazam ravishda tashkillanmoqda. Ayni paytda jamiki maskanlarda oʻzbek tilida, lotin alifbosida yozuv-chizuv jarayonlari qizgʻin. Alohida “Yoʻl xaritasi” tuzilgan.

    Joriy yil mobaynida idoralar rahbarlari, sohalarning mutasaddi kadrlari maxsus oʻquv kurslariga yuborildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish, viloyat hokimligi huzuridagi Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish markazida lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosi, imlo qoidalari va ish yuritishni oʻrgatish kurslari bilan doimiy hamkorlik aloqalari oʻrnatganmiz. Tinglovchilar maxsus sertifikatlarga ega boʻlmoqda.

    2023-yil 15-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Geografik obyektlarga nom berish tartibini takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash, geografik obyektlar nomlarining davlat reestrini yuritishga doir tadbirlar rejasining ijrosi izchil ketmoqda. Qaror biz uchun ayni muddao boʻldi, boisi, endi joylarni nomlash chogʻida mahalliy aholi fikrini hisobga olish taomili belgilandi. Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning toifalarini aniqlash, nomini abadiylashtirish ham huquqiy jihatdan tartibga solinmoqda.

    Xususan, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida 518 ta turli obyekt – 1 ta shahar, 13 ta shaharcha, 8 ta qishloq, 20 ta aholi punkti, 67 ta mahalla, 341 ta koʻcha, 63 ta qabriston, 2 ta xiyobon va 3 ta ziyoratgoh mavjud. Ular nomi tuzatilib, nomsiz koʻchalar nomlanib, xalq deputatlari tuman kengashining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan. 518 ta obyekt qonunchilikka binoan maʼlum meʼyorlarga tayangan holda davlat reestri bazasiga kiritildi.

    Tuman komissiyasi nazorat yuzasidan muayyan yutuqlarga erishmoqda. Chunonchi, xoh davlat, xoh xususiy tashkilot yoki korxona boʻlsin, peshlavhalariyu tashqi reklamalari lotin alifbosida bexato yozilmoqda. Oʻzbek milliy madaniyatiga yot rasm-tasvir va soʻzlardan foydalanmaslik choralari koʻrilmoqda. Mabodo kamchiliklar uchrasa, tushuntirish, ogohlantirish, nihoyat, oʻz vaqtida bartaraf etish kuchaytirilgan. Jumladan, yil davomida xatosi boʻlgan 29 ta, xorijiy tilda bitilgan 23 ta reklama yangilandi, yaʼni toʻgʻrisiga almashtirildi.

    Hozirda tuman hokimligidagi “YURIDA – ORFO” kompyuter dasturi faoliyati ibratli. Ayni dastur kundalik ish xatlarida oʻzbek tilidan foydalanuvchilarga moʻljallangan. Dastur joʻnatiladigan xatlar, qarorlar, farmoyishlar va boshqa hujjatlarning savod bilan terilishiga koʻmaklashadi. Krill alifbosidagi matnni lotin alifbosiga va aksiga oʻgiradi. Samarasi ancha ijobiy, yaʼni xodimlarga vaqtini tejashda juda qoʻl kelyapti.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”.

    Zoʻr mamnuniyat bilan bildiramizki, bu borada Yurtboshimizning oʻzi shaxsiy namuna boʻlmoqda. Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 78-Assambleyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlab, koʻnglimizda gʻurur va iftixor tuygʻulari yanada joʻsh urdi. Jahonning yuksak minbaridan yangragan nutqda olamshumul takliflarning oʻrtaga tashlangani sharaflidir.

    Demak, tilimiz nufuzi – elimiz nufuzi. Oʻzbek tilining qadr-qimmati oshishi uchun nafaqat til bayramida, balki har kuni, har lahza oʻzbek tilida soʻzlashishimiz shart. Yosh avlodning oʻzbek tiliga boʻlgan mehr-muhabbati ortishi uchun biz, kattalar sof oʻzbek tilida gaplashib, oʻrnak boʻlmogʻimiz lozim. Zero, soʻzi goʻzalning – oʻzi goʻzal. Alisher Navoiy bobomizning “Xamsa”si orqali turkiy olamda baralla navolangan, oʻzbek millatining ildizlari butunligidan dalolat beruvchi, yorqin istiqbol sari qadamlar tashlatuvchi, buyuklikka yetkazuvchi ona tilimiz har birimiz uchun naqadar qadrli ekanini aslo unutmasligimiz zarur.

    Hayotxon MAHMUDOVA,

    Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar

    samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun

    hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi

    Mazkur tahliliy maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2023-yil 18-oktyabr, 216-sonida

    “SOʻZI GOʻZALNING - OʻZI GOʻZAL endi joylarni nomlashda mahalliy aholi fikri inobatga olinadi”

    sarlavhasi bilan chop etildi.