Energetika vazirligi Dushanbe shahrida Oʻzbekistonning kam uglerodli rivojlanish bosqichlari xususida taqdimotini oʻtkazdi

    Energetika 2 Dekabr 2021 2946

    Joriy yil 30-noyabrda Oʻzbekiston Energetika vazirligi Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi ishtirokchilariga mamlakatimizning kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish bosqichlarini taqdim etdi.

    Yashil iqtisodiyot va uglerod neytralligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etgan 14-Hamkorlik forumining asosiy mavzularidan biri boʻldi.

    Energetika vazirligi taqdimotida taʼkidlanganidek, har yili dunyoda atmosferaga 51 milliard tonna SO2 (issiqxona gazlari) chiqariladi va bu iqlim oʻzgarishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, koʻp mamlakatlar yashil iqtisodiyotga oʻtish yoʻlida qadam tashlamoqda.

    Oʻzbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha kompleks strategiya, shuningdek, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.

    Parij kelishuviga koʻra, Oʻzbekiston 2030-yilga qadar issiqxona gazlari chiqindilarini YAIMdagi ulush sifatida 10 foizga kamaytirish majburiyatini olgan edi. Joriy yilning noyabr oyida Glazgo shahrida Oʻzbekiston ushbu majburiyatlarni 35 foizga oshirdi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun mamlakat rahbariyati Oʻzbekiston uchun yashil energetikani rivojlantirish sohasida oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari – “Yashil energetikani rivojlantirish orqali uglerod neytralligiga erishish va keyingi 10 yil ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 3 barobarga oshirish”ni belgilab berdi.

    Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasi 2030-yilga borib Qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 12 GVtga oshirishni rejalashtirmoqda.

    Ushbu ulkan maqsadlarni amalga oshirish uchun Energetika vazirligi 2019-yildan buyon Xalqaro moliya institutlari koʻmagida ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha tenderlar oʻtkazib kelmoqda.

    Shuningdek, hukumat tomonidan energiya samaradorligini oshirish masalalarini aholi oʻrtasida ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Energetika vazirligi huzurida Energiya samaradorligi jamgʻarmasi tuzilib, kichik quyosh stansiyalari va quyosh kollektorlari negizida uy xoʻjaliklari uchun kichik quyosh elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Taqdimot davomida dunyoda energiya almashinuvining yagona namunalari mavjud emasligi va har bir davlat ilgʻor jahon tajribasiga tayangan holda oʻz yoʻlini tanlashi zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.