Yer xatlovi oxirgi marta qachon oʻtkazilgan?

    Fikr 15 Avgust 2023 2086

    Yerning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish, qurilish, geologiya kabi koʻplab sohalar uchun juda muhim.

    Shu jihatdan olganda, bugungi kunda respublikamizda har bir qarich yer xalqimizga manfaat keltirishini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar diqqatga sazovor.

    Vaholanki, oʻtgan yillar davomida geodeziya, kartografiya va kadastr sohasida qator muammolar toʻplanib qolgan edi. Oxirgi marta mamlakatimizda yer xatlovi 40 yil oldin oʻtkazilgani, qishloq xoʻjaligi yerlarini ajratish tartibi esa 22 yil avval qabul qilingani buning yaqqol tasdigʻidir.

    Prezidentimiz 2020-yil 21-iyul kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini toʻliq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishda ushbu masalalarga yechim topish davr talabi ekanini qayd etgandi. Mutasaddilar oldiga kadastr idoralarining eng asosiy vazifasi yer hisobi va balansini yuritish boʻlishi kerakligi, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi hamda foydalanuvchisi haqidagi maʼlumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi ham qoʻyilgan.

    Darhaqiqat, iqtisodiy islohotlar rivojlanishini hisobga olib tabiiy va xoʻjalik resurslaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilishning boshqarish tizimini takomillashtirish, hududlar salohiyatini majmuaviy tahlil etish hamda baholash bugungi kunning eng zarur masalalardan biri hisoblanadi.

    Bozor iqtisodiyotining asosiy elementlaridan biri hisoblangan kadastr tizimi esa rivojlanishning asosiy tamoyillari va mazmuniga mos kelishi bilan islohotlarni chuqurlashtirishda muhim rol oʻynaydi.

    Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reestridagi ochiq maʼlumotlar tarkibini belgilash, ular asosida ommaviy geoportalni joriy etish hamda maʼlumotlarni Milliy geoaxborot tizimi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etish tartibi ishlab chiqilishi qayd etilgan. Shu maqsadda taqdim etilgan davlat kadastrlari maʼlumotlari asosida yangi integratsiyalashgan geografik axborot tizimi ishga tushirilib, yer maydonlarining elektron xaritalari yaratildi. Ushbu baza bugungi kunda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, mahalliy hokimliklar, soliq organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun zaruriy maʼlumotlarni olishga xizmat qilayotir.

    Sohani tubdan isloh qilish maqsadida Kadastr agentligining Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

    Orttirilgan koʻp yillik tajriba va yigʻilgan materiallarni oʻrganish natijalari hamda sohaga yangi standartlar joriy etilishi asosida davlat kadastrlarini yaratish hamda yuritishning normativ-huquqiy bazasi tashkil etildi. Ushbu normativ-huquqiy baza hamda sohadagi oʻzgarishlar Kadastr agentligida kadrlarni tizimli ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish zaruratini yuzaga keltirdi.

    Ana shu maqsadda masʼul vazirlik, qoʻmita hamda idoralarning rahbarlari va mutaxassislarining yer tuzish, geodeziya, kartografiya, topografiya, davlat kadastrlari sohasida malakasini oshirish, qayta tayyorlash, amaldagi normativ-xuquqiy hujjatlarni yetkazib berish va uslubiy yordam koʻrsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Markazda tinglovchilarning yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari sohalarini boshqarishdagi kasb mahoratini oshirish hamda zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻquv ishlari har ikki yilda qayta oʻtkaziladi.

    Davlat kadastrlarining barcha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash ishlarini takomillashtirish maqsadida oʻquv jarayoniga oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, sohada koʻp yillik amaliy tajribaga ega mutaxassislar, maslahatchi va ekspertlar jalb etiladi.

    Malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun oʻqishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlangan holda olib boriladi.

    Joriy yil 22-fevralda Kadastr agentligi tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning 2023-yilda tashkil etiladigan birlamchi malaka oshirish kurslariga buyurtma tasdiqlandi.

    Ushbu buyurtmaga muvofiq, Kadastr agentligi, Davlat kadastrlar palatasi va hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlaridan sohaviy yoʻnalishlar boʻyicha 1 ming 576 mutaxassis malakasini oshirish buyurtmalari shakllantirilib, ular asosida 8 yoʻnalish boʻyicha tegishli oʻquv kurslari dasturi ishlab chiqildi.

    Markazda kelgusida Kadastr agentligi, boshqa vazirlik, qoʻmitalar, korxona va tashkilotlar rahbar xodimlari hamda mutaxassislarini qayta tayyorlash barobarida, ularning malakasini oshirishga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi. Shundan kelib chiqib tasdiqlangan jadval asosida mutaxassislar qayta tayyorlanadi.

    Shuningdek, sohaga taalluqli oliy oʻquv yurtlarining ishlab chiqarishda filiallarini tashkil etish, amaliy va nazariy oʻquv darslarini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Ayni shu maqsadda xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimni takomillashtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilib, oʻzaro tajriba almashish choralari koʻrilmoqda. Bular esa, tabiiyki, kelgusi faoliyatimizda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Shavkat OLIMOV,

    Kadastr agentligining Inson resurslarini rivojlantirish

    va boshqarish boʻlimi boshligʻi,

    Alisher AVAZOV,

    Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji direktori