Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi borasidagi yangi me'yorlar

    Yangi tahrirda qabul qilingan bosh qomusimizning 19-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan eʼtirof etilishi hamda kafolatlanishi, shuningdek, inson huquq va erkinliklari har kimga tugʻilganidan boshlab tegishli boʻlishi konstitutsion norma sifatida belgilandi.

    Jumladan, Konstitutsiyaning oldingi tahririda har kimga tugʻilganidan boshlab uning huquq va erkinliklari tegishli boʻlishi nazarda tutilmagan edi.

    Eski tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Shaxsiy huquq va erkinliklar”ga doir 8 ta modda (24-31-moddalar) boʻlgan boʻlsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada qoʻshimcha 4 ta modda (24-35-moddalar) qoʻshildi va shaxsiy huquq va erkinliklar yanada aniqlashtirilib, boyitildi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda shaxsiy huquq va erkinliklar xususida quyidagi qoʻshimchalar kiritildi:

    Oʻzbekiston Respublikatsiyada oʻlim jazosi taqiqlanadi

    Konstitutsiyaning 25-moddasiga quyidagicha qoʻshimcha qoʻshildi:

    “Oʻzbekiston Respublikatsiyada oʻlim jazosi taqiqlanadi.”

    Shuningdek, ushbu konstitutsiyaning VII bobi “Shaxsiy huquq va erkinliklar”dagi 25-moddasida “Oʻzbekiston Respublikatsiyada oʻlim jazosi taqiqlanadi.” degan normaning kiritilishi har bir insonning tabiiy huquqi boʻlgan yashash huquqi ajralmas ekanligini va u qonun bilan muhofaza qilinishini yanada mustahkamladi. Bunday norma eski tahrirdagi bosh qomusiy qonunimizda mavjud emas edi.

    Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

    Konstitutsiyaning 27-moddasiga quyidagicha qoʻshimcha qoʻshildi:

    “Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.

    Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart.”

    Bizga maʼlumki, inson huquq va erkinliklari ichida erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi oʻziga xos ahamiyatga ega. Erkin inson ijod qilishi, oʻqishi, ishlashi va boshqa ijtimoiy foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi, shu bilan birga mamlakatimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Inson erkinligi qonunga muvofiq cheklanishi mumkin va u qonuniy asoslar boʻlgandagina faqat sudning qaroriga koʻra hibsga olinishi va qamoqda saqlab turilishi mumkin. Yangi tahrirdagi konstitutsiyamiz 27-moddasida belgilangan erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqida ham oʻziga xos qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart.

    Ushlab turishning xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va jinoyat protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan qoidalarini kiritilishi inson huquq va erkinliklarini yanada qonuniy kafolati boʻldi.

    Aybsizlik prezumpsiyasi, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi, aybsizligini isbotlashi shart emaslik va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqi

    Konstitutsiyaning 28-moddasiga quyidagicha qoʻshimcha qoʻshildi:

    “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

    Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

    Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

    Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

    Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

    Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas.”

    Aybsizlik prezumpsiyasining yuqoridagi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va jinoyat protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan qoidalarini kiritilishi shaxsiy huquq va erkinliklarini yanada qonuniy kafolatidir.

    Malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi

    Konstitutsiyaning 29-moddasi quyidagicha ifodalandi:

    “Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan koʻrsatiladi.

    Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran oʻz tanloviga koʻra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

    Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari toʻgʻrisida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning soʻroq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega.

    Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqiga ega.

    Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni taʼminlaydi, ularga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.”

    Konstitutsiyaning eski tahriridagi 29-moddasida “Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqi” nazarda tutilgan boʻlsa, uning yangi tahririda aynan shu moddada har kim malakali yuridik yordam olish huquqi, jinoyat protsessining har qanday bosqichida advokat yordamidan foydalanish huquqi, tarjimondan foydlanish huquqi, har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrib chiqilishi huquqi, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqi bosh qomusimizda oʻz ifodasini topdi. Shaxsning ushbu huquqlarining kafolati fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik davlat belgilaridan hisoblanadi.

    Odillik prinsipi qoidalarining ifodalanishi

    Konstitutsiyaning 30-moddasiga quyidagicha ifodalandi:

    “Hech kim rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.

    Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas.”

    Ushbu moddaga koʻra hech kim rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Har kim faqat rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi va jazoga tortiladi. Shaxs mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi ham faqat rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Ushbu qoida odillik prinsipining qoidasi boʻlib, shaxs aynan bitta jinoyati uchun bir marta javobgarlikka tortilishi va takroran hukm qilinishi mumkin emasligini anglatadi.

    Toshkent davlat yuridik universtitetida talabalarga saboq berish jararyonida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning “Shaxsiy huquq va erkinliklar” nomli VII bobida yuqoridagi qoʻshimchalarning kiritilishi fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik huquqiy davlatda inson huquq va erkinliklarini taʼminlanishining huquqiy asosi va kafolati boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab, ayni yangi imkoniyatlarni mustahkamlash uchun shu kungacha olib borilgan saʼy-harakatlarni misollar asosida aytib oʻtmoqdamiz.

    Feruz HUDOYQULOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti