Koʻrgazma doirasida Eron Islom Respublikasi Neft vazirligi tarkibiga kiruvchi bir qator tashkilot, korxonalar bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.

Xususan, Eron milliy neft kompaniyasi (National Iranian Oil company, NIOC) hamda Milliy neft-kimyo kompaniyasida (National Petrochemichal Company, NPC) neft va gazni qayta ishlash loyihalari boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, NIOC kompaniyasi kuniga oʻrtacha 4 million barrel neft va 500 million kub/metr gazni qazib chiqarish imkoniyatiga ega.

Uchrashuvlar davomida “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari tomonidan bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida neft va gaz sanoatida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, investitsiya loyihalari, korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, barpo etilayotgan texnologik kimyoviy klasterlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Eron kompaniyalarining faoliyatiga bagʻishlangan hamda qayta ishlash sanoati, neft-gaz kimyosi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻz navbatida, eronliklarga “Oʻzbekneftgaz” AJ korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, import mahsulotlar nomenklaturasi, turi, texnik talablari, xarid tartib-qoidalari boʻyicha atroflicha maʼlumotlar berildi.

Kompaniyalar vakillari bilan zavodlar darajasida hamkorlikda ishlash boʻyicha mutaxassislarni belgilab olish, oʻzaro imkoniyatlarni oʻrganib chiqish boʻyicha takliflar olishga kelishildi.

Uchrashuvda “Oʻzbekneftgaz” AJ hamkorlikda polimer mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, quvurlar va plyonkalar uchun kompozit polimerlar ishlab chiqarish imkoniyati, shuningdek polimerlarning yangi markalarini oʻzlashtirish masalalari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.