Bu hududlarda Rixter shkalasi boʻyicha 6 va undan yuqori kuchdagi zilzilalar kuzatilishini inobatga olsak, bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlar oʻta dolzarb ekani ayon boʻladi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Diyorbek Bekmirzayev bilan suhbatimiz sohadagi izlanishlar xususida boʻldi.
— BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda qurilishga sarflanayotgan xarajatlarning 25 foizdan ortigʻi yerosti inshootlari hissasiga toʻgʻri keladi. Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda yerosti quvurlarining seysmik mustahkamligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekistonda, xususan, siz faoliyat yuritayotgan institutda yerosti inshootlarining zilzilalar taʼsirida zararlanishi va buzilishining asosiy omillarini aniqlash, xavfning oldini olishga qaratilgan qanday ilmiy izlanishlar olib borilmoqda?
— Dunyoning rivojlangan koʻplab davlatlarida energiya manbalarini yetkazib berish iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sanaladi. Yerosti quvurlari shaharlar va aholi yashash punktlarida hayotni taʼminlovchi tizimlarning (suv, gaz va issiqlik taʼminoti, kanalizatsiya) asosiy boʻgʻinlariga xizmat qiladi hamda qazib olingan neft, gaz va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi. AQSH, Yaponiya, Turkiya, Italiya, Rossiya, Hindiston, Eron va boshqa mamlakatlar misolida buni yaqqol kuzatish mumkin.
Soʻnggi yillarda yurtimizning seysmik hududlarida gaz, neft, neft-kimyo va boshqa sanoat korxonalari rivojlanmoqda. Bunday hududlarda yerosti inshootlarining seysmik mustahkamligini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Jumladan, yerosti quvurlarining kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini tahliliy usullar yordamida aniqlash, eksperimental tadqiqot usullari yordamida grunt bilan quvurning oʻzaro taʼsir koʻrsatkichlari hamda boʻylama tebranishdagi yerosti quvurlari holatiga qaratilgan qator ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Bu esa zilzila oqibatlarini oldindan bartaraf etishda juda muhim.
Institutda fundamental amaliy loyihalar orqali yerosti inshootlarini seysmik himoyalashning matematik modellari, sonli algoritmlari va hisoblash dasturlari ishlab chiqilgan. Ayniqsa, noyob obyektlar, shu jumladan, atom elektr stansiyalarining ham asosiy qismi yer ostida joylashadi. Bu inshootlar xavfsiz ishlashi uchun seysmik himoyalashning maqbul, samarador usullarini ishlab chiqish talab etiladi. Ayni paytdagi ilmiy izlanishlarimiz mana shu mavzuga qaratilgan.
— Hozir qurilayotgan binolarning seysmik mustahkamligi qaysi mezonlar asosida belgilanmoqda?
— Ayni paytda qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi Zilzilaviy hududlarda qurilish meʼyoriy qoidalari asosida belgilanadi. Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida milliy qurilish norma va qoidalari qayta koʻrib chiqilmoqda. Farmonda jarayonda shu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtiroki alohida koʻrsatib oʻtilgan. Shunga asosan, institutda koʻp yillar davomida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarimizning natijalari Zilzilaviy hududlarda qurilish meʼyoriy qoidalariga kiritish uchun Qurilish vazirligiga topshirildi.
— Sohani raqamlashtirish borasida institutda amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tarmoqlarga keng jalb etish bugunning eng dolzarb vazifasi. Shu bois, yerosti inshootlarining seysmik kuchlar taʼsirida fazoviy tebranishlarini sonli hisoblash metodikasi yaratildi. Ushbu metodika asosida seysmik hududlarda yerosti inshootlari va muhandislik tarmoqlarini Zilzilaviy hududlarda qurilish meʼyoriy qoidalari asosida hisoblash uchun dastur ishlab chiqildi. Ushbu milliy dastur Qurilish vazirligi tarmogʻidagi loyihalash tashkilotlariga foydalanish uchun topshirildi. Dastur yerosti inshootlari va muhandislik tarmoqlarining seysmik mustahkamligini qisqa vaqtda kompyuterda aniqlab bera oladi.
Bundan tashqari, institutimiz ilmiy xodimlari tomonidan baland qavatli binolar, gruntli toʻgʻonlarning ham seysmik mustahkamligi masalalari toʻliq raqamlashtirilmoqda. Ushbu masalalarni qisqa vaqtda hisoblash, aniq tavsiyalar berish uchun milliy dasturlar ishlab chiqilmoqda.
— Yoshlarning ilm-fanga qiziqishini ragʻbatlantirish, loyiha va texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy qilish, jahon ilm-fanining rivojlanish tendensiyalariga muvofiq ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun shart-sharoit yaratish boʻyicha institutda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Institut ilmiy tadqiqotlarining asosiy yoʻnalishlari deformatsiyalanuvchan qattiq jismlar mexanikasi, gruntlar mexanikasi, suyuqlik va gaz mexanikasi, eksperimental mexanika usullari, mexanizmlar va mashinalar nazariyasi, konstruksiyalar dinamikasi va mustahkamligi, inshootlar seysmik mustahkamligi muammolari va ularning seysmik xavfsizligini taʼminlovchi tavsiyalar tayyorlash, seysmik himoyalash usullarini ishlab chiqish hisoblanadi. Bu yoʻnalishlarda 11 nafar tayanch doktorant va 3 nafar stajyor-tadqiqotchi tahsil olmoqda.
Yosh olimlar institut ilmiy xodimlarining 45 foizini tashkil etishining oʻziyoq yoshlarni ilm-fanga jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning yorqin samarasidir. Ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish borasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
— Xalqaro hamkorlik doirasida qilinayotgan ishlar xususida maʼlumot bersangiz?
— Institutimiz Berkli shahridagi Kaliforniya universiteti (AQSH), Sharqiy Angliya ilmiy maktabi (Norij sh.), Moskva davlat universiteti (Rossiya), Moskva davlat dizayn va texnologiyalar universiteti (Rossiya), Kiyev davlat universiteti (Ukraina), Belarus davlat texnologiyalar universiteti, Belarus Milliy fanlar akademiyasi Fizika-texnika va Birlashgan mashinasozlik institutlari, Kamchatka davlat universiteti (Rossiya), Universitet-sanoat hamkorligi markazi (Xitoy) bilan samarali hamkorlik oʻrnatgan.
Oʻtgan yillar mobaynida institutimizning oʻndan ortiq ilmiy xodimi Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Belarusda malaka oshirish kurslari va stajirovkada boʻlib qaytdi. Samarali ilmiy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha 2018-2019-yillar davomida institutda Oʻzbekiston—Rossiya xalqaro loyihasi bajarildi.
AQSH, Xitoy va Yaponiya mutaxassislari bilan hamkorlikda “Jamoat binolari uchun seysmik xavfni baholash” investitsiya loyihasi bajarilmoqda. Bu loyiha boʻyicha Oʻzbekistonda Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti asosiy ijrochi va koordinator hisoblanib, institutga 320 million soʻmlik investitsiya jalb etildi.
Laboratoriya uskunalarini yangilash maqsadida AQSHning MTS firmasi bilan shartnoma tuzildi.
— Siz bino va inshootlarning seysmodinamika nazariyasining hisoblash usullarini rivojlantirish mavzusida ilmiy faoliyat olib boryapsiz. Bu boradagi yangiliklar nimalardan iborat? Umuman, ilm-fanning hayotingizga tutgan oʻrni xususidagi mulohazalar bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Tursunboy Rashidov tomonidan bino va inshootlarning seysmodinamika nazariyasi Oʻzbekistonda yaratilgan va xalqaro miqyosda tan olingan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Toshkent metropolitenining seysmik mustahkamligi seysmodinamika nazariyasi asosida hisoblangan va asoslangan ilmiy yechimlar bilan loyihalangan. Seysmodinamika ilmiy maktabi yurtimizda eng rivojlangan yirik maktablardan hisoblanadi. Shuning uchun ushbu yoʻnalishda ilmiy faoliyat yuritish va sezilarli natijalarga erishishni maqsad qilganman.
Turli shakldagi murakkab tarmoqli yerosti inshootlari va muhandislik tarmoqlarining seysmik mustahkamligi masalalarini sonli hisoblash usullari yordamida aniqlash boʻyicha olib borgan ilmiy izlanishlarim 2018-yilda chop etilgan «Yerosti quvurlari seysmodinamikasini hisoblashning sonli usullari» qoʻllanmasida oʻz aksini topdi.
Hozirgi kungacha ikkita monografiyam chop etildi. Oʻnta dasturiy mahsulot uchun Intellektual mulk agentligidan guvohnoma oldim. Yuqori impakt faktorga ega xorijiy jurnallarda oʻndan ortiq maqolam chop etildi.
Shu kungacha rivojlangan davlatlarning zamonaviy ilm-fan yutuqlari, sohani rivojlantirishga sarflanayotgan mablagʻ ham zilzilaning qayerda, qachon va qancha kuch bilan boʻlishini aniqlashga ojiz. Shunday ekan, bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi muammolar doim dolzarb boʻlib qolaveradi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.