Ertaga respublikamizning 300 ga yaqin eng koʻzga koʻringan tadbirkor va investorlar Qoraqalpogʻistonda toʻplanadi

    Prezidentimiz tadbirkorlar bilan bu yilgi ochiq muloqot aynan Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilishining sabablarini aytdi.

    Qayd etilganidek, Qoraqalpogʻistonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor.

    Birinchisi – Qoraqalpogʻistonda biznes uchun birorta hududda yoʻq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Jumladan, soʻnggi besh yilda alohida farmon va qarorlar bilan 52 turdagi imtiyoz va yengilliklar berildi.

    Ushbu imtiyozlar hisobiga oʻtgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qoldi.

    Bundan tashqari, 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalarga infratuzilma qilib berishni ham davlat oʻz zimmasiga olgan.

    Qoraqalpogʻistonning ikkinchi ustunligi – yer ajratishning sodda tizimi joriy qilingan.

    Nukus shahrida 1 million dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari toʻgʻridan-toʻgʻri berilmoqda.

    Uchinchisi. Qoraqalpogʻiston – bu Yangi Oʻzbekistonning darvozasi. Chunki katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud aynan Qoraqalpogʻiston.

    Lekin, tadbirkorlarimiz bu imkoniyatdan toʻliq foydalanmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Masalan, xom ashyo “Dovud-ota” postidan olib oʻtilsa, Sariyogʻochga nisbatan masofa 1 ming kilometrga, transport xarajati esa 25 foizga kamayadi.

    Agar import xom-ashyo Qoraqalpogʻistonni oʻzida qayta ishlanib, tayyor mahsulot qilib, eksportga chiqariladigan boʻlsa, tashishdan iqtisod qilingan mablagʻ 2 karra oshadi.

    Ertaga respublikamizning barcha hududlaridan 300 ga yaqin eng koʻzga koʻringan tadbirkor va investorlar Qoraqalpogʻistonda toʻplanadi.

    Bundan tashqari, xorijda biznesini yoʻlga qoʻygan yana 40 dan ziyod vatandoshlarimiz kelib, Qoraqalpogʻiston sharoiti bilan tanishadi. Hududiy studiyalarda mingdan ortiq biznes vakillari ishtirok etadi.

    Ushbu tadbirkorlar bilan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga boshqa hududlardan kelgan tadbirkorlar bilan ishlab, har bir tuman kesimida “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturini ishlab chiqish topshirildi.

    Bu dastur Qoraqalpogʻistonda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investitsiya va 500 ming ish oʻrni uchun katta zamin boʻladi.

    «Koʻrib turibsizlar, qoraqalpoq zaminida yashab, ishlayotgan odamlarning ertasi bugunidan yaxshi boʻlishi uchun katta marralarni olganmiz.

    Buning uchun hamjihat boʻlib, oldimizda turgan qiyinchiliklarni yengib oʻtish uchun birgalikda harakat qilishimiz shart va zarur.

    Maqsadimiz bitta – azaldan doʻst-qardosh, ogʻa-ini, quda-anda boʻlib yashayotgan oʻzbek va qoraqalpoq oilalarining tinch va farovon, baxtli hayotini taʼminlash.

    Qilayotgan barcha ishlarimiz, kelgusida amalga oshiradigan ulkan reja va dasturlarimiz zamirida ayni shu maqsad yotibdi», - dedi davlatimiz rahbari.

    Qoraqalpoq zaminida el-yurt uchun oʻzini ayamasdan mehnat qilishga bel bogʻlagan insonlar, koʻzi yonib, kelajakka talpinib turgan azmu shijoatli yoshlar koʻpligi, faqat ularning yoʻlini ochib berish, ezgu gʻoya, tashabbus va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

    “Ilgari ham aytganimdek, oʻzbek va qoraqalpoqning tarixi ham, taqdiri ham bir. Va men ishonaman, bizning yorugʻ, baxtli kelajagimiz ham albatta bir boʻladi”, - dedi Prezident soʻzining yakunida.

    Yigʻilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Qoraqalpogʻiston jamoatchiligi bilan ochiq muloqot qilindi.