Bolaning birgina tabassumi dunyoni baxtga, quvonchga to'ldiradi. Uning ko'zlariga, beg'ubor nigohiga boqqaningda, dunyo tashvishlarini unutasan, kishi.

Ayniqsa, balajonlarning sho'x-shodon  kulgulari, xursandchiliklarini hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi. Agar bolaning qalbi darz ketsa, uni hech qanday davlat yoki boylik bilan butlab bo'lmaydi. Bunday bolalarning o'ziga, ertangi kuniga ishonchi yo'qoladi, qalbi o'ksiydi.  

Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar farzandlari, jumladan, chin yetim, nogironligi bo'lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko'rsatish, ularning manfaatini himoya qilishga katta e'tibor qaratilmoqda. So'nggi o'n yilda mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining 51 foiziga uy-joy ajratilgani, mehribonlik uylaridan chiqqan yigit-qizlarning 64 foizi ish bilan ta'minlangani fikrimizning yaqqol tasdig'idir.

Shuningdek, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Lekin shunga qaramay, yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarga ta'lim berish, ijtimoiy himoyaga bo'lgan huquqlarini muhofaza qilish, huquq va erkinliklarini amalda ro'yobga chiqarish dolzarb masalalardan biri bo'lib turibdi. “Mehribonlik uyi”ni bitirgan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi, ta'lim olishi va bandligini ta'minlash borasida yaxlit tizim shakllantirilmagan.

Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va ma'naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga etkazish bugun har qachongidan ham muhimroq ekanligidan kelib chiqib, ularni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitish, sport bilan shug'ullanishlarini tashkil etish bo'yicha yangi metodikalar ishlab chiqilgan holda, 14 yoshdan yuqori o'g'il-qizlarni eng talab yuqori kasblarga o'rgatish yo'lga qo'yiladigan bo'ldi.

Prezidentimiz raisligida Nogironligi bo'lgan, ota-ona qaramog'idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yoshlarning ta'lim-tarbiyasi, uy va ish bilan ta'minlanish darajasi tahlil qilinib, bu yo'nalishda aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, bugungi kunda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 17 foizi chin yetimlar, qolgan 83 foizi esa ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar hisoblanadi. Bunday oilalarga moddiy yordam berish orqali aksariyat bolalarni o'z oilasi bag'riga qaytarish mumkin.

Joriy yil 1-sentabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanishi, bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, to'lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirilishi esa ko'plab bolajonlar qalbiga charog'onlik,  oilasiga  shodu xurramlik baxsh  etdi. Qolaversa, “temir daftar”ga kirgan oilalar farzandlari, boquvchisini yo'qotgan va nogironligi bo'lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so'mdan berilishi minglab qalblarda ertangi kunga bo'lgan umid va ishonchni yanada mustahkamladi.

Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirilishi, 18 yoshga to'lgan, uy-joyga muhtoj etim bolalarga  yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratilishi, buning uchun joriy yilda byudjetdan 120 milliard so'm yo'naltirilishi O'zbekistonda har bir fuqaro davlatning e'tiborida ekanligini bildiradi.

Yetim yoki ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshirilishi, bunday talabalarga pensiya to'lash muddati amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirilishi, ularga zarur adabiyotlar sotib olishi uchun har yili bir marta 1 million 200 ming so'm subsidiya berilishi  ochig'i, tarixda bo'lmagan.

Nogironligi bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash va davolash masalalariga alohida e'tibor qaratilishi, bunday bolalarni zarur tibbiy vosita va aravachalar bilan ta'minlash, jarrohlik operatsiyalari o'tkazish, implantant va protez o'rnatish uchun qo'shimcha mablag' ajratilishi mutlaqo to'g'ri va nihoyatda oqilona qaror, deb hisoblayman. Yaratilayotgan imkoniyatlar esa odamlarning kayfiyatini ko'tardi, har bir fuqaroga beqiyos kuch-quvvat bag'ishladi. 

Xulosa qilib aytganda, ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo'llab-quvvatlash, ularni orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish bugun aslo kechiktirib bo'lmas vazifalardan biri sanaladi. Zero, har bir bola e'tibor va mehrdan kuch olib yashaydi. Shu jihatdan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog'idan mahrum, ko'ngli yarim bolalarni qo'llab-quvvatlashdek amaliy ishlarga barcha birdik yondashsa, farzandlarimizga katta yaxshilik qilgan bo'lamiz.  

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati