U hech qaysi zamonda, hech qaysi makonda, hech qaysi karvonga — hech qachon oson kechgan emas.

Bir tovuqqa ham suv, ham don kerak.

Bitta boshini eplayolmay yurganlar qancha.

Bir roʻzgʻorning kam-koʻstini toʻgʻrilash osonmi?

Butun boshli davlatni qalqitish, million-million qalblarni yangi, shiddatli oʻzanlarga burib yuborish-chi?

Buning uchun temir irodaning oʻzi kamlik qiladi. Yaratgan yuqtirgan yuksak salohiyat, betakror jasorat va yana koʻplab daho fazilatlar kerak boʻladi insonga.

Abdusaid KOʻCHIMOV,

yozuvchi

Keling, uzoqqa borib oʻtirmaylik-da, bir lahza koʻzlarni chirt yumib, eslab koʻraylik: bundan atigi toʻrt yil muqaddam Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Harakatlar strategiyasi qabul qilingan kunlarda mamlakatimizda qanday manzaralar hukmron edi? Odamlar bu hujjatga qanday qaragan edilar?

Men ortiqcha his-tuygʻularga berilib, u damlarni sharhlamoqchi emasman. Faqat jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan mazkur dastur “tarixiy” deb atalganda, qanday-qanday oʻy-xayollarga borgan, shubha-gumonlar ichida “yana bitta tarixiymi?”, deya bir-birlariga sirli-sirli tikilib, miyigʻida iljayganlar qancha boʻlganini bir koʻz oldingizga keltirib koʻring, demoqchiman, xolos. Ayni chogʻda bunday bosh chayqashlarda oddiy fuqarolar aybdor emasligini ham oldindan taʼkidlash lozim, deb hisoblayman.

Illo, “tarixiy” deb eʼlon qilinavergan, ammo amalga oshmay, qogʻozlarda qolib ketgan dasta-dasta vaʼdalardan zerikkan odamlar bu hujjatning “avvalgilarga oʻxshamas”ligini hali bilmas edilar. Bahor yomgʻirlari dar­yoyu irmoqlarni toshirib, qaqroq dashtu dalalarga hayot baxsh etganidek, hademay mazkur dastur butun boshli mamlakatni tebratib-toʻlqinlantirib yuborishi ham, tabiiyki, ular uchun hozircha tumanli edi.

Ayonki, “tarixiy” deganda, mamlakat va millat taqdirida sarbaland evrilishlar yuzaga kelishiga yoʻl ochgan azamat sanalar, asrlarga tatigulik voqealar majmui tushuniladi. Bashariyat kitobida bunday nurafshon sahifalar suv kabi serob, bepoyon qir-adirlarni yashnatib yotgan chechaklar misoli besanogʻu behisob emas. Chunki quyosh taftida yaltiragan zarralarning barchasi oltin boʻlmagani kabi, “muhim” deyilmish voqealarning hammasi ham “tarixiy”lik sharafiga munosib boʻlavermaydi. Afsuski, koʻp yillar davomida shu oddiy haqiqat unutildi. Shoʻrolar zamonida, ayniqsa, bu bebaho soʻzning qadri tushdi, yer bilan bitta boʻldi — tuproqqa qorildi. Kommunistlar imzolagan son-sanoqsiz qaroru farmonlarning deyarli hammasi, baʼzida esa komfirqa peshvolari aljirab gapirgan gaplarga ham tarixiylik libosi kiydirildi.

Yaxshi-yomon kunlarni koʻraverib, balandparvoz, bir-biridan jozibali hujjat-utopiyalarga duch kelaverib diydasi qotganlarning Harakatlar strategiyasiga ishonqiramay qarashlarida ham oʻziga xos tabiiylik bor edi, albatta.

Toʻgʻri, eski arava ertaklardagi kabi bir dumalab, uchar gilamga aylanib qolgani yoʻq. Oʻyga tolgan, tashvishga tushgan, qiynalgan paytlarimiz koʻp boʻldi. Lekin Xudo shohid, uch-toʻrt yilda el qoʻzgʻaladi, Oʻzbekiston uygʻonadi, mudroq dillarda ertangi kunga ishonch, izzat-ikrom paydo boʻladi, biz mana shunday muhtasham yuksalishlarning guvohi boʻlamiz deb hech oʻylamagan edim.

Ne ajabki, Harakatlar strategiyasi ming-minglab chim bosgan chashmayu buloqlarning koʻzlarini ochib yubordi. Buloqlar irmoqlarga, irmoqlar daryolarga aylandi; daryolar choʻlu sahrolarga hayot olib kirdi, parishon yuraklarga nur bagʻishladi, umid chiroqlarini yoqib yubordi. Moʻynoqdan Manasgacha, Sirgʻalidan Nukusgacha, Jayhundan Sayxungacha abri nayson havolariga chulgʻandi. Toshkentda, oʻnlab kentlarda serviqor sitilar ana shundan keyin dunyoga keldi. “Koʻz ochib, yumguncha” Toshkentning yer usti metrosida uchqur poyezdlar ummon baliqlari singari suza boshladi. Qariyb biyobonga aylangan Orol boʻylariga ekilgan ming-ming gektarlab saksovulzorlar har tong dilbar tabassumlar ila bobo quyoshga salom berayotir. Asrlar davomida kuyib-chatnab yotgan qumzorlarning moviy maysa ranglariga boʻyanishi havasini keltirdi osmondagi yulduzlarning ham.

Tasavvur qilaylik, tahlil ila badanimizga singdiraylik: jahonning 191 mamlakatini mavh etib, 1 million 840 mingdan ziyod kishining umriga zomin boʻlgan koronavirus pandemiyasidan qanday qilib kam talafot koʻryapmiz? Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirib turgan bir paytda qanday qilib avvalgi koʻrsatkichlarni saqlab qolyapmiz? Dunyo boʻyicha 500 million ish oʻrni yoʻqotilgan va million-million mardum koʻchada qolganda, qanday qilib ming-minglab yangi ish oʻrinlari paydo qilyapmiz? Qanday qilib bir yil ichida 527 ming fuqaro ish bilan taʼminlanib, yana 500 ming nafarining mehnat faoliyati qonuniy tarzda yoʻlga qoʻyildi? Yuz minglab muhojirlar “akang men” deb yurgan davlatlarda kunini oʻtkazolmay, toshlarga bosh urib turganda, qanday qilib 600 mingdan ortiq vatandoshimiz xorijdan olib kelindi? Chet ellarda mudhish ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar koʻrsatildi?

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha uch yil ichida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan oʻzgarib ketdi. Bu manzil-makonlardagi baxtiyor chehralardan taralgan nurni aytmaysizmi?!

Bular — ne-ne ulugʻlarni lol qoldirguvchi yumushlarning bir parchasi, xolos. Endi mana bu raqamlarni tomosha qilaylik: 2020-yil “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Shoʻrtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi 197 ta haybatli obyekt barpo etildi. Qator viloyatlarning “IT-parklar”ida 500 dan ziyod zamonaviy kompaniya ish boshladi. Bir yilda! Oʻn ikki oyda! 365 kunda!

Yana: pandemiya qutqu solib turishiga qaramay, qoʻni-qoʻshnilar bilan yaqin aloqalar bir kun ham toʻxtamadi, jahon bilan uzilgan kunimiz boʻlgan emas; bir qarasangiz, necha-necha davlatlarning ishbilarmonlari keladi, bir qarasangiz, yirik siyosat arboblari, davlat rahbarlari bilan esa telefon orqali muttasil samimiy muloqotlar...

Yana: Oʻzbekiston “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 
125 pogʻona koʻtarilib, 44-oʻrinni, 
“Iqtisodiy erkinlik” reytingida 26-oʻrinni egalladi.

Uyida xotirjam oʻtirgan kishi bu yutuqlar qanday mashaqqatlar hisobidan qoʻlga kiritilayotgani, bunday saʼy-harakatlarning qanchalik mushkulligini dafʼatan his etmasligi mumkin. U uyqusida shirin tushlar koʻradi, goʻzal zaminda yashab turib, xayolan osmonu falakning nurli gulshanlarida sayr etadi. Tunni xotirjam oʻtkazib, musaffo tongni shodon kutib olar ekan, kimdir betama, mukofotu maqtovlarsiz bola-chaqasiyu ovul-qoʻrgʻonining tinchlik-osoyishtaligini bedor qoʻriqlab turganini sezmaydi. Bundan ortiq saodat boʻlishi mumkinmi inson farzandiga! Shukrlar boʻlsinkim, Allohning irodasi ila toʻrt yildan buyon vatandoshlarimiz xuddi shunday mohruxsor baxtga muyassar boʻlib turibdilar. Tolmas, oʻz millatiga, Vataniga, ona zaminiga sadoqatli Yoʻlboshchisi boʻlgan, manglayi yarqiroq xalqqagina ravo koʻriladi bunday moʻtabar tole. Baralla hayqirgim keladiki, mehnatkash xalqimizning peshonasiga ulugʻ rahbar bitdi. Bogʻ jamoli — bogʻbondan ekan. Yoʻlboshchimiz koʻrkam isteʼdodi, bagʻrikengligi, tanti va elparvarligi bilan yoshu qari — barcha vatandoshlarimiz qalbini zabt etmoqda, yurtni obod, millatni baxtiyor qilmoqda. Qalb qoʻridan qaynab-toshib chiqayotgan otashin daʼvatlari esa koʻngil bogʻlariga muallo sururlar bagʻishlab, chorbogʻu chamanzorlarimizni qushlar chugʻuriga toʻldirmoqda.

Toʻrt yildirki, avvalgilardan tamoman boshqa vaziyatda, boshqa havolardan toʻyinib yashayapmiz. Ozod, demokratik davlat, mustaqil tafakkur, sharqona eʼtiqod asosidagi erkin jamiyat va erkin bozor iqtisodiyoti qurish yoʻlida shaxdam qadamlar tashlayapmiz. Ari zahrin chekmagan bol qadrini bilmaydi. Peshona terimiz bilan topgan pulimizni banklardan olish uchun 30-40 foizgacha “pora” bergan mungligʻ kunlar orqada qoldi. Qoʻni-qoʻshnilar bilan oldi-berdi tamoyillari ham erkin bozor iqtisodiyoti munosabatlariga hamnafas boʻlib borayotir.

Ardoqli ustozimiz Abdulla Oripovning shunday toʻrtligi bor:

Bozorga oʻxshaydi asli bu dunyo,

Bozorga oʻxshaydi bunda ham maʼni.

Ikkisi ichra ham koʻrmadim aslo.

Molim yomon, degan biron kimsani.

Shunday. Bozor, oʻz oti bilan — bozor. Bozorning ota-onasi yoʻq. Oʻgʻriyu toʻgʻri, poku nopok — hammasini uchratish mumkin u dargohda. Raqobat olamidagi bu qutblar baʼzan aralash-quralash boʻlib ketayotgandek tuyulsa-da, hozirgi erkin bozor tamoyillari ularniyam maʼnaviyatli, maʼrifatli boʻlib, baqamti, hamohang ishlashga chorlayotir. Zero, sarmoya deb foyda ketidan quvganlarga ham, taraqqiyot ilmidan orqada qolmayin, deb yelib-yugurib yurganlarga ham mukammal maʼnaviyat suv bilan havodek zarur. Maʼnaviyati toʻkis inson oʻzining qatʼiy yashash dasturiga ega boʻladi, taraqqiyotning pastu baland yoʻllarida qoqilmaydi, oʻzligini saqlab qoladi. Prezidentimiz shuning uchun ham xalqona mumtoz madaniyat hammaga, hamisha kerakligini qayta-qayta taʼkidlamoqda, nafaqat jamiyat, balki iqtisodiy taraqqiyot ham maʼnaviy barkamollikda ekanini uqtirmoqda. Yosh avlodni maʼnaviy yetuk, komil inson ruhida tarbiyalash esa allaqachonlar davlatning birinchi vazifasiga aylanib ketdi. 2021-yilga “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” degan nomning berilishi bu gʻamxoʻrlik va eʼtiborni yana bir karra tasdiqladi. Zero, olam yoshlar qoʻlida. Taraqqiyot ham, insoniyat kelajagi ham ularga bogʻliq. Yosh isteʼdodlar millat kelajagi. Ularga boʻlgan muhabbat — Vatan va millat kelajagiga boʻlgan muhabbatdir. Birgina Sirgʻalining oʻzida ular uchun 500 dan ortiq koʻp qavatli imorat qurildi. Ming-minglab yoshlar uy-joy bilan taʼminlandi. Ularning asarlarini chop etish, koʻrgazmalarini namoyish etish, jamgʻarmalar tuzish-chi? Prezident maktablari, ijod maktablari, aniq fanlarga ixtisoslashgan maxsus maktablar, yangi institutlar, yangi fakultetlar... 2021-yilning oʻzida yana 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab tashkil etiladi. Ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini taʼlim va ilmning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari koʻriladi va 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etiladi.

Yana bir murakkab masala — chekka hududlardagi maktablarda muallim yetishmasligi ancha vaqtdan buyon koʻpchilikni qiynab kelayotgan edi.

Togʻday orqasi boʻlganning togʻday yuragi boʻladi, endi muallimlarda ikkovi ham bor. Prezidentimiz oʻttiz yillik muammoning yechimini topib berdi. Endi boshqa tumanlardagi olis maktablarga borib dars beradigan oʻqituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlaydiganlarga — 100 foiz ustama haq toʻlanadi! Ular uy-joy bilan taʼminlanadi.

El tilida, bola — loy, ona — kulol, degan hikmat bor. Pishgan loyning chinnisi toza boʻladi. Muallim ham bamisoli ona kabidir. U yoshlikdagi ilm toshdagi bitikdek hech qachon oʻchmasligini yaxshi biladi. Oʻrganish — bir hunar, oʻrgatish — ikki hunarligiyam ayon unga. Ammo har ikkisi uchun ham sharoit boʻlmasa, u bechora nima qilsin edi? Qorni toʻq, usti but kulol — onalar taʼlimini olganlar esa xalq tili bilan aytganda, hech qachon hoʻkizning oʻtini yeb, qoʻyning qiligʻini qilmaydi. Toʻgʻri boʻladi, mard boʻladi, jasur boʻladi, tugʻilgan tuprogʻiga xiyonat qilmaydi. Oʻqituvchilargayam, oʻquvchilargayam dildan oʻrgatib, dildan oʻrganadigan davr boshlanayotir.

Tagʻin bir-ikki raqamni aytmasam boʻlmaydi:

bu yil yana 2 ta tezyurar poyezd harakati yoʻlga qoʻyiladi. Buxoro — Urganch — Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish boshlanadi. Toshkent shahrida yer usti metrosining 12 kilometrlik uzunlikdagi ikkinchi bosqichi foydalanishga topshiriladi, shu tariqa yer osti va yer usti metro liniyalari yaxlit tizim sifatida bir-biriga ulanadi. Qashqadaryoda esa qiymati 3 milliard 600 million dollar boʻlgan, yiliga 1,5 million tonna kerosin, dizel yonilgʻisi va suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan majmua toʻliq mahsulot bera boshlaydi.

Hozir mamlakatimizni katta qurilish maydoniga qiyoslash mumkin. Kunda-kunora yangi-yangi sanoat korxonalari, jamoat binolari, sport komplekslari, bogʻu xiyobonlar qurilib, ishga tushirilmoqda.

Mustaqillikning 30 yilligiga bagʻishlab poytaxtda “Istiqlol” majmuasining bunyod etilishi, mashhur yapon arxitektori Tadao Ando loyihasi asosida Milliy akademik drama teatrining qad rostlashi, yangi sanʼat muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va maʼrifat majmuasi qurilajagi; “Ipak yoʻli durdonasi” — Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan koʻp yillar davomida oʻtkazib kelingan xalqaro kinofestivalning qayta tiklanishi kabilar yuraklarni iftixor tuygʻulariga chulgʻantirmasligi mumkinmi, axir! Bunday hayratli rejalarni sanash, yana davom ettirish mumkin. Eng muhimi shundaki, qoʻl bilan qilinar ish, bosh bilan koʻp va xoʻp oʻylangan. Oʻylab-oʻylab joʻyak olsangiz, oʻynab-oʻynab sugʻorasiz tarzida uzoq mulohaza qilingan. Shuning uchun ham rejadagi tadbirlarning hech qaysisi shunchaki qogʻozdagi yozuvlar emas. Ularning har biri miridan-sirigacha hisob-kitob qilingan, amalga oshirishning aniq yoʻli belgilangan, javobgari bor, muddati bor, mablagʻi bor. Ijro yoʻli shu darajadaki, hatto har bitta bogʻcha bolasiga sarflanadigan xarajatgacha manbasi ayon. Agar fikrimizni badiiy tashbihga oʻrab aytadigan boʻlsak, har bir niholning ildizidan bargigacha hisobga olingan. Yaʼniki, har bir ishning chamasi, har daryoning kemasi aniq.

Jahon ahli, qoʻni-qoʻshni, doʻstu dushman — barchasi guvoh boʻlib turibdilar: Oʻzbekistonda ulkan evrilish jarayonlari shiddat bilan davom etmoqda. Dunyo esa notinch. Yer yuzidagi vaziyat tanburning toriday tobora taranglashib borayotir.

Ana shunday tahlikali, u koʻzning bu koʻzga doʻstligi boʻlib-boʻlmay turgan bezovta kunlarda oʻqtin-oʻqtin sobiq imperiyani qoʻmsashga oʻxshash ovozlar eshitilib qolayotgani odamni muayyan hushyorlikka chaqiradi. Mustaqillikni koʻz qorachigʻiday asrash, avaylab saqlash, bu muborak yoʻlda hamjihat boʻlishga undaydi.

Aqli butun odam kurrai zaminda boʻlayotgan mojarolarni koʻrib turib, oʻzimizdagi osoyishtalik uchun shukrona aytmasligi mumkin emas. Oqillar bekorga “Tinchlik bilan el koʻkarar, yomgʻir bilan — yer” demaydi. “Janjalli uy — azobli goʻr”, “ Totuvlik — baxt, totuvsizlik — qulagan taxt” degan gaplar ham osmondan tushgani yoʻq.

Xalqimizning turfa fazilatlari va achchiq tajribalaridan saboq olib eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi — toʻrtinchi Murojaatnomasi vujudimni ana shunday charogʻon nurlarga burkadi. Yoʻlboshchimiz daʼvatidagi kishini ezgu ishlarga undovchi jangovar latofatlar, anbar havolar olib kirgandek boʻldi vatandoshlarimiz yuragiga.

Toʻrt yillik evrilishlar jarayonida xalq kuchiga toʻgʻon yoʻqligini, xalq puflasa — boʻron, tepinsa zilzila boʻlishi va tirishganning teshasi toshga chega qoqishi mumkinligini yana bir marta koʻrdik, boshimizdan oʻtkazdik. Bu evrilishlar davlatimiz va jamiyatimizda farovonlikni oshirish, taraqqiy etgan davlatlar darajasiga yetib borish yoʻlidagi eng salmoqli qadamlar boʻldi. Biz avvalgi ikki Renessansdan soʻng yoʻqotgan durlarimizni yana bitta-bittalab terib ola boshladik. Prezidentimiz armon qilganidek, agar avvalgi ikki Renessans chiroqlari oʻchmaganda, davom etganda, yuksalganda edi, necha asrlar davomida kimlargadir qul boʻlmagan, allaqachonlar Uchinchi emas, Toʻrtinchi Renessans havolaridan bahramand boʻlib turgan boʻlur edik. Ammo oqqan daryo oqmay qolmaydi. Mana isboti: asriy taomillarimizni unutmagan tarzda biz ona oʻzbek diyorimiz hududida tagʻin Amir Temur zamonasidagi kabi havasli buyuk davlat tuzib, Uchinchi Renessans imoratiga birinchi gʻishtlarni qoʻymoqdamiz.

Zamonning nazari nechogʻliq tiyrak va johil boʻlmasin, muvaqqat chang-chunglar yuvilib, asl jamoliga toʻyib-toʻyib boqishimiz mumkin boʻlgan millat gʻururi toʻla shakllanadigan paytlar jamol koʻrsatayotir, keng qamrovli, hayotiy falsafa va cheksiz ruhiy idrok jamlangan Prezidentimizning Murojaatnomasida bilaklarga kuch-gʻayrat bagʻishlovchi muborak nafas ufurib turibdi. Bu hujjat magʻzi va tafakkuri bilan kamolot xazinasining mulki boʻladi, hatto boshqalar uchun ham ibrat-namuna — moʻtabar manba boʻlishi mumkin.

Koʻp yillik gʻubor qizgʻaldoq bargidek uchmaydi. Maʼnaviy boqimandalik, mayda tashvishlar, oʻzaro dahanaki janglardan xoli, mardona mehnat talab qilinadi bunday gʻuborlardan qutulish uchun. Hozir aynan istiqlol abadiyligini saqlashdek sinovli kunlar bilan yuzma-yuz turibmiz.