Farg‘onada Lola Murotova nomidagi kasb-hunar maktabi ochildi

    Hukumat 11 Iyul 2024 1172

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi.


    Lola Murotova O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi bo‘lgan. Butun umrini shu sohaga bag‘ishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.

    Bu boy tajribani yoshlarga yetkazish, qishloq xo‘jaligida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu ta’lim dargohi tashkil etildi.

    Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

    Kasb-hunar maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. O‘ttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey barpo etilgan. Shuningdek, 150 o‘rinli turar joy, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashg‘ulotlar uchun avtodrom o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi.

    Muassasaga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirganlar o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida, amaliyot bilan bog‘liq holda olib boriladi.

    Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaning ko‘p yillik mehnati, insoniy fazilatlarini yodga oldi.

    - Lola opa o‘zbek ayolining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi, shu bilan birga, juda kamtar va soddadil edi. Fidokorligi, mehnatsevarligi bilan yurtimiz rivoji va obodligiga katta hissa qo‘shgan edi. Bu jihatlar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi, ular kasbni yaxshi o‘rganishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

    Maktabda “Germaniya tajribasi” asosida o‘quvchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etiladi. Ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish, metodik yordam ko‘rsatish uchun maktab Farg‘ona davlat universitetiga biriktirildi. Shuningdek, muassasada “Fermerlar maktabi”ni ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.