Markaziy bank qoidabuzarliklar uchun 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta lombardga jarima qoʻlladi

    Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan joriy yilning iyun oyidagi yigʻilishlarida (7-marta) 42 ta masala koʻrildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

    Qayd etilishicha, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 28 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (5 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish (2 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (9 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni chaqirib olish

    (1 ta), banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqishga doir (10 ta) masalalar koʻrilgan.

    Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 14 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.

    Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan iqtisodiy meʼyorlar talablariga rioya qilinmaganligi hamda Markaziy bankka taqdim etilgan maʼlumotlarda noaniqliklarga yoʻl qoʻyilganligi va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

    Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.