Farg'onadagi «Aqlli maktab»larda o'quvchilar bilimini sun'iy intellekt baholamoqda

    Ta'lim 6 Iyun 2020 7966

     Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik tashabbusi bilan Farg'ona shahridagi 10 ta maktabda joriy etilgan «Aqlli maktab» dasturiy ta'minoti bo'yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bevosita tanishish maqsadida Farg'ona shahrining 13-sonli umumta'lim maktabiga tashrif buyurdi.

    «Aqlli maktab» dasturi O'zbekistondagi mahalliy mutaxassislar tomonidan, jumladan “Mustafo Software” MCHJ bilan Urganch davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali olim va professorlari hamkorlikda ishlab chiqilgan. «Aqlli maktab» dasturi maktablardagi ta'lim sifatining samaradorligi, o'qituvchilarning baholash tizimini shaffofligi va boshqa bir qancha ko'rsatkichlarni sun'iy tafakkur yordamida tahlil qilish imkonini beradi.

    Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov mamlakatimizda ta'lim sifatini yuqori darajaga ko'tarish, ta'lim tizimiga yuqori axborot texnologiyalari, xususan sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali yuqori bosqichga ko'tarish bugungi kunda eng muhim vazifalardan ekanligini, maktablardagi o'quvchilarni intellektual va jismoniy rivojlanishini ta'minlash, ularni kelajakda o'z qobiliyatlaridan to'liq foydalana olishlariga hamda jamiyatda o'z o'rinlarini topishga zamin yaratishini ta'kidladi.

    — «Aqlli maktab» dasturi joriy etilgan Farg'ona shahrining 10 ta maktabida o'zlashtirilishi qiyin bo'lgan mavzular fanlar kesimida aniqlanmoqda, — deydi maktab direktori erkinoy G'anieva. — Mazkur tahlillar maktablarda fanlarning to'liq va sifatli o'zlashtirilishni ta'minlaydi. Aynan qiyin o'zlashtirilayotgan mavzular bo'yicha tizimli choralar ko'rilishi, darslarda nofaol bo'lgan va o'zlashtirishi past o'quvchilarni individual tarzda aniqlab berishi natijasida har bir o'quvchi bilan samarali ishlar tashkil qilinyapti. Ota-onalarni farzandining o'zlashtirishidagi o'zgarishlar to'g'risida mobil ilovada gistogramma shaklida muntazam ravishda xabardor qilish hamda muntazam dars qoldirayotgan o'quvchilarni aniqlash va uning sabablarini topishda o'qituvchi va ota-onalarga maslahatlar bera olish imkoniyatlari mavjud.