Joriy yilning oʻtgan haftasi mamlakatimiz tibbiyoti hayotida qizgʻin voqeliklarga boy boʻldi. 6-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida esa Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan Prezidentimiz tabrigi nafaqat tibbiyot sohasi vakillari, balki butun jamoatchiligimizda katta qiziqish uygʻotdi. Unda qayd etilganidek, 2020-yil Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili boʻldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkabliklarga qaramasdan, yurtimizda tibbiyotni rivojlantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion soʻm yoki 2019-yildagiga nisbatan 1,2 barobar koʻp mablagʻ ajratildi. Investitsiya dasturiga muvofiq, ushbu tizimga 1,15 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada markazda va joylarda qisqa muddatda davolash-profilaktika muassasalari, karantin zonalari hamda saralash-taqsimlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming oʻrinli koʻp tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi. Albatta, bu chora-tadbirlar global pandemiyaga qarshi kurashish va aholi salomatligini muhofazalashda oʻz samarasini bermoqda.

Bu borada mamlakatimizda erishilayotgan natijalar xalqaro miqyosda ham munosib eʼtirof etilmoqda. Xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab 2019-2025-yillarda ­Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini yuqori baholab, uni dunyo davlatlarining eng ilgʻor tajribalarini oʻzida uygʻunlashtirgan, aholi salomatligini asrash barobarida soha xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash imkonini beradigan muhim hujjat, deya eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash jarayonida tibbiyotimizning oʻziga xos yutuqlari barobarida sogʻliqni saqlash tizimida talay muammolar ham borligi yaqqol namoyon boʻldi. Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ana shu masalalar, xususan, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi.

Videoselektorda 2019-yilgi oʻlim holatlarining 60 foizi shu boʻgʻinda oldini olish mumkin boʻlgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga toʻgʻri kelgani, onkologiya yoʻnalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga oʻtib boʻlganidan keyin aniqlanayotgani tanqid qilindi. Birinchi boʻgʻinda tibbiy yordam sifati pastligi uchun aholi toʻgʻridan-toʻgʻri markaziy shifoxonalarga borishga majbur boʻlayotgani qayd etildi.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻiniga bu qadar jiddiy eʼtibor qaratilishi bejiz emas. Chunki birlamchi tibbiyot muassasalari aholiga yaqin joylashgani sababli ushbu shifo muassasalariga aholi tomonidan eng koʻp murojaat boʻladi. Shu bois, davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish zaruratini tilga oldi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj boʻyicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar oʻzlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan taʼminlanadi.

Yigʻilishda kadrlar masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokorlik shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlamoqda. Prezidentimiz shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi boʻgʻin — qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun chekka hududlardagi birlamchi boʻgʻin tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturga muvofiq, olis hududlardagi birlamchi boʻgʻinga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mablagʻi beriladi, ular xizmat uyi bilan taʼminlanadi yoki ijara toʻlovi kompensatsiya qilinadi.

Shifokorlarga boʻlgan ehtiyojni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni, avvalo, birlamchi boʻgʻin shifokorlari uchun ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bundan tashqari, shifokorlar ish kunining 60 foizini hisobot toʻldirishga sarflayotgani taʼkidlanib, bu jarayonlarni raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Tibbiyot — tinimsiz rivojlanayotgan soha. Rivojlanishdan ortda qolmaslik uchun dunyo ilm-fanida boʻlayotgan oʻzgarishlar, kashfiyotlardan muntazam xabardor boʻlish sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishning asosidir. Endilikda barcha aholi qatlamining zamonaviy tibbiy yordamga boʻlgan ehtiyojini teng qondirish maqsadida ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallari barcha viloyatlarda tashkil etilib, sohaning yetuk mutaxassislari joylarda barcha yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatadi.

Albatta, bu chora-tadbirlarning barchasi xalqimizning, kelajak avlod salomatligini koʻzlab amalga oshirilmoqda. Zero, millat salomatligi farovonlik, yuksalish va taraqqiyotga poydevordir.

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fuqarolarning sogʻligʻini saqlash

masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari