Insonda tuyg‘ular, tushunchalar ko‘p. His qilganingni, ko‘nglingdan o‘tkazganingni, anglaganingni ba’zan so‘z bilan ifodalab berishga qiynalasan. To‘g‘rirog‘i, so‘z topa olmaysan. Men O‘zbekistonni nechun sevaman? Vatan nima? Uni sog‘inish nega bunchalar totli, zavqli, ichki, boshqa hislardan farqli? Bu savollarga qanday javob berish mumkin?
2022 yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lib, AQSHga yo‘l oldim. O‘sha safar meni tez ulg‘aytirdi, shu bilan birga, ko‘plab savollarimga javob topishimga imkon berdi. Samolyot parvozga hozirlanarkan, shuncha yil seni bag‘rida asrab-avaylagan, non-tuz bilan siylagan, o‘qib-izlanishing uchun imkonu imtiyozlar bergan vataning, mahallang, ota-onang, ustozlaring, do‘stlaring — barchasini sog‘ina boshlaysan. Vatandan uzoqlashganim sari bu sog‘inch kuchaya bordi. Eng tansiq tuyg‘u yurt sog‘inchi ekanini ilg‘adim.
Vatan qadri ne ekanini musofirlik yaqqol anglatadi. Tongda hovlida musichalarning ku-kulashidan tortib, issiq non, qaymog‘u mevalargacha yodga soladi. Istarasi issiq odamlarni qo‘msayman. Asrlar o‘tsa-da, muhtasham qiyofasini, tarix va zamon tamaddunini o‘zida birlashtirgan Samarqand, Toshkentni sog‘inaman. Tevarak-atrofdan ularni eslatuvchi alomatlarni javdirab izlayman. Topa olmayman. Muhammad Yusuf: “Parijning eng go‘zal restoranlarin, Bitta tandiringga alishmasman men”, deya biz kabi musofirlarning ko‘nglidagi gapni topgan!
Yodimda, jamg‘arma granti tanlovida komissiya a’zolaridan biri mendan milliy iftixor nima ekanini so‘radi. Men buyuk muhaddis Imom Buxoriy xoki yotgan joydan ekanim, xorijliklar tasavvurida ertaklarni yodga soluvchi go‘zal Samarqandim va o‘zbek tilim meni hamisha g‘ururlantirishini aytdim. Bugun bu savol takror berilsa, bu ro‘yxat ancha uzayadi...
Nyu-Yorkdagi universitetda O‘zbekiston haqida taqdimot tayyorlashga to‘g‘ri keldi. Professorlar, talabalar orasida mening Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Imom Buxoriy singari yetakchi olimu ulamolar yurtidan kelganimni bilgach, hayrat bilan qaraganlar, havas qilganlar bo‘ldi.
Xorijda kuzatgan o‘ziga xos jihatimiz bor. Bizda farzand tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratiladi. Bu fazilatga hamma hurmat bilan qaraydi. Xorijliklar o‘zbek farzandlarining ota-onasiga munosabatini qadrlaydi. Bundan tashqari, oilaviy qadriyatlar, urf-odatlarga havas qiladi. Jahonga namuna bo‘lishga arziydigan o‘zbekona modeldan faxrlanaman.
Ortga nazar tashlasam, orzu-umidlar, armonlar, urinishlar va tiklanishlar ko‘z oldimda kinotasmaday jonlanadi. Har qanday yutuq va erishilgan natijalar avvalida to‘g‘ri shakllantirilgan maqsad, niyat turadi. Taqdir meni nufuzli Kolumbiya universitetida grant asosida tahsil olishga yo‘lladi. Dunyoga o‘z so‘zimni aytishga imkon berdi.
Maqsadlarim birin-ketin amalga oshishiga ishonaman. Chunki ortda bizni suyaguvchi vatanimiz, duo qiluvchi xalqimiz, salohiyatimizga ishonuvchi davlatimiz turibdi.
Shuhrat MURTAZO,
Kolumbiya universiteti doktoranti