Oʻtgan yilning iyun oyida Sharof Rashidov tumanidagi avval “Fayzobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi tepalik bagʻridan, soʻngra “Sayhonsoy” mahallasi hududidagi balandlikdan gʻoyat qadimiy xilxonalar topildi. OʻzRFA Milliy arxeologiya markazining Jizzax ekspeditsiyasi rahbari Muxtor Pardayev ushbu obyektlar bir necha avlodning xilxonasi boʻlganini maʼlum qildi. Shu kunning oʻzidayoq mutaxassislar tomonidan tezkor va qisqa muddatli tekshiruv ishlari oʻtkazilib, mazkur daxmaning koʻhna Movarounnahr, umuman, Sharq madaniyatiga, islom dunyosi tarixiga daxldor ekani taʼkidlandi.
Miloddan avvalgi birinchi mingyillikning soʻnggi choragida Yevroosiyo dashtlaridan koʻp sonli chorvador aholining eng yirik toʻlqinlaridan biri Markaziy Osiyoning ichki hududi, ayniqsa, janubiy mintaqalarga kirib keladi. Bu esa Ustrushonadagi ijtimoiy-siyosiy holatga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Jarayon oʻtroq aholi va koʻchmanchilar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yana-da faollashtirgan. Bu davrga oid arxeologik materiallar Oʻrta Sirdaryo boʻyining turli madaniyat vakillari uchun muloqot makoni vazifasini oʻtaganini koʻrsatadi.
Mavjud arxeologik va yozma manbalar antik davrda kirib kelgan qabilalarning nufus jihatdan koʻpi yuyechjilar ekanidan guvohlik bermoqda. Ayrim manbalarda mazkur qabilalar madaniyatida oldingi osiyoliklar madaniyatiga oʻxshash jihatlar borligi taʼkidlanadi.
— Qadimgi Ustrushona davlatida oilaviy qabrlar boʻlishi urfga aylangan, — deydi Jizzax davlat pedagogika instituti tarix fakulteti dotsenti Furqat Toshboyev. — Bu kabi obyektlar togʻli hududlarda, Oʻratepa atrofida ham topilgan. Sagʻananing gʻishtlaridan bu topilma rivojlangan oʻrta asrlarga taalluqli ekani koʻrinib turibdi. Bu Xoja Ahror valiy yashagan davrlarga toʻgʻri keladi. Oʻsha paytlarda oilaviy sagʻanalar Samarqandda ham koʻp boʻlgan. Topilgan daxma juda puxta qurilgan. Gʻishtlari bir-birini toʻldirib turibdi. Mayitlar tepadan Gʻarbga qaratib qoʻyilgan. Oʻzbekiston hududida bu kabi daxmalar koʻp tadqiq qilingan. Oilaviy daxmalar anʼanasi borligi B.Litvinskiy tadqiqotlarida oʻrganilgan. Daxma — bu qabr ustiga oʻrnatilgan meʼmoriy inshoot, maqbara. Baʼzi yuqori tabaqa vakillari koʻmiladigan alohida bino, hovlilar ham daxma deyilgan. Ular qimmatbaho, mustahkam toshlardan ishlanib, goʻzal va nafis naqshlar bilan bezatilgan.
Tarixchining aytishicha, bu urf Qozogʻiston hududidagi koʻplab urugʻlarda bor. Yurtimizda Toshkent, Fargʻona, Navoiyda mavjud. Sagʻananing aynan ildizi Ustrushona, yaʼni Sirdaryo, Jizzaxning gʻarbiy va sharqiy tomonida “kurkat skeletlari” nomi bilan mashhur. U yerda dafnlar davomiy boʻlgan. Fayzobod daxmasi mana shu jihatni oʻzida saqlab qolgan.
— Ikkisining bogʻliqligi shundaki, Sayhonsoydagi qabr ham davomli, oilaviy, guruhli xilxona boʻlgan, — deydi tarixchi Furqat Toshboyev. — Bunda uchta mayitning boshi Janubga qaratib qoʻyilgan boʻlsa, ikkitasiniki Sharqqa qaratib qoʻyilgan. Tartibsiz holatda boʻlgan. Sababi, eski suyaklar surilib, oʻrniga navbatdagisi — yangilari qoʻyilgan.
Xoja Ahror valiyning Jizzaxda yeri boʻlgan. Oʻsha davrlarda oilaviy daxmalarga dafn etish urf edi. Fayzoboddagi daxma yirik zodagonlar oilasiga mansubdir. Sababi, odamlar hozirgi sharoitda bunday daxmalarni barpo qilolmaydi. Sayhonsoydagi qabr esa antik davr, yaʼni miloddan avvalgi III-II asrlarda yashagan koʻchmanchi qabilalar madaniyatiga mansub. Bu qabrning ashyolari aynan milodiy II-IV asrlarga oid. Qabr — katakomba qabr. Buning xususiyati shundaki, uzun davom etuvchi ayvon perpendikulyar holatda sagʻanaga kelib tutashadi. Uning yoʻlagi toʻrt yarim metrga choʻzilgan. Yoʻlak orqa tarafdan xilxonaga kelib tutashadi. Katakomba qabrlarning tarqalishi ham antik davrga toʻgʻri keladi. Xunlar, sarmat va yuyechjilarning katakomba qabrlari boʻlgan. Ular ashyolarga boy.
Baʼzi manbalarda yuyechji podshohining qabri topilganida undan koʻplab qimmatbaho ashyolar chiqqani bitiladi. Xitoy qoʻlyozmalarida nomi qayd etilgan yuyechji va usunlar mayitlarni sharqlik qoʻshnilari kabi toshqutilarda emas, balki qoʻrgʻonlarda saqlagan.
Sayhonsoy sagʻanasidan II-IV asrlarga oid sopol xurmacha, koʻza, sopol qozon, pichoq uchlari, isiriqdon, surmadon, oyna, jangchining qilichini tutib turishga moʻljallangan toʻqa kabi moddiy ashyolar topilgan. Qabrda olov alomatlari kuzatiladi. Oʻsha paytda jasadlarni yoqish anʼanasi boʻlib, Zomin tumani hududidagi Gʻulbo degan joyda ham shunday odat boʻlgan.
— Hayvonning suyaklari va kul qatlami topildi, — deydi Furqat Toshboyev. — Bu qurbonlik marosimidan dalolat. Biz ilgari Gʻulboda koʻrganmiz bunday holatni. Qabrning oyoq tomonida chuqurchalar kovlab qoʻyilganini kuzatganmiz. Shunday anʼanalar Sayhonsoydagi daxmalarda juda koʻp uchraydi.
Fayzobod daxmasi kechmishning eng olis va eng ilk guvohlaridan biridir. Sababi, uning xalqimiz hali oʻzbek nomini olmasidan, oʻzbek boʻlib shakllanmasidan ham avvalgi davrlardan shohidligi bor.
— Fayzobod daxmasidagi bosh suyaklari yevropoidlarga xos, hozirgi odamlarnikiga oʻxshaydi, — deydi tarixchi. — Oʻzbek xalqi antropologik shakllanib boʻlganidan keyingi shaklga oiddir. Sayhonsoyda oʻrganilgan bosh suyaklarida hali toʻliq oʻzbek xalqiga xos xususiyatlar oʻrganilmagan. Ular Milliy arxeologiya markaziga oʻrganish uchun yuboriladi. Bu ustuxonlarda aynan dasht koʻchmanchilariga xos xususiyatlar mavjud. Sayhonsoyda oʻrganilgan qabr oʻz xususiyatiga koʻra katakomba qabrlar turiga kiradi. Mozorqoʻrgʻonlarda oʻrganilgan moddiy ashyolar va dafn marosimlarida qadimgi davrda kirib kelgan yuyechji, xun, usun va sarmat qabilalari hamda ilk oʻrta asrlarda kirib kelgan xioniy, kidariy, eftalit va turk xoqonligi davri moddiy-maʼnaviy madaniyatiga mansub xususiyatlar kuzatiladi. Bu mozorqoʻrgʻon ashyolari orasida kulollik idishlari — sopol xurmacha, vaza, isiriqdon va metall buyumlar, oyna, toʻqa, pichoq mavjud. Mozorqoʻrgʻondagi idishlar, asosan, jasadning bosh tomoni va yoniga qoʻyilgan boʻlib, ularning koʻp qismini aksar koʻchmanchilar dashtida uchraydigan, qoʻlda yasalgan sopol idishlar tashkil etadi. Xurmachaga oʻxshash mazkur idishlar Markaziy Osiyoning shimoliy mintaqalarida keng yoyilgan koʻchmanchilar moddiy madaniyatida koʻp uchraydi. Bu xildagi sopol idishlar Qovunchi madaniyatiga oid yodgorliklar, milodiy I-II asrlarga oid Fargʻona vodiysi va Choch hududidagi qurum va mugʻxonalarda uchraydi. Shuningdek, bu kabi idishlar milodning I–IV asrlariga oid Kugay, Qorabuloq madaniyati oʻrta bosqichlariga taalluqli sopol idishlar va milod boshlariga mansub Quyimozor va Lavandoq qabrlaridagi sopol idishlarga juda oʻxshash.
Bu yerdan davrning yana bir oʻziga xosligini anglatib turuvchi qadimiy buyum — bronza koʻzgu topilgan. Bu topilma mozorqoʻrgʻondagi qabrda, oʻrtadagi jasadning old tarafiga, yuziga qaratib qoʻyilgan. Koʻzgu aylana shaklda boʻlib, sirti tomonga tekis boʻrtib chiqqan. Ushbu disk bir paytlar koʻzgu sifatida ishlatilgani va egasi vafot etgach, qabrga u bilan birga qoʻyilganiga shubha yoʻq. Mashhur olim N.Gorbunovaning taʼkidlashicha, “... u zamonlarda koʻzgular bronzadan qilinar va ularning yarqiratib tozalangan yuzasida odam oʻz aksini koʻrar edi”. Koʻzguning sirtiga yaltiroq ishlov berilgan, ichki qismida esa uchta, qandaydir narsani yopishtirish uchun ishlatilgan metall yelimning izi saqlanib qolgan. Ushbu izlarning ikkitasi bir-biriga parallel va 4 sm masofada yonma-yon, pastdagisi esa alohida joylashgan. Yonma-yon turgan eritma ustiga koʻzguning tutqichi mahkamlangan.
Tarixshunosning maʼlumotiga koʻra, ushbu koʻzguning oʻxshashlari Shimoliy Baqtriyadagi Toʻpxona mozorqoʻrgʻonida koʻplab qayd qilingan. B.Litvinskiy Markaziy Osiyoda oʻrganilgan koʻzgularning paydo boʻlishi hamda ular bilan bogʻliq dafn udumlarini keng tahlil qilgan. Tekis tutqichli disksimon koʻzgularni toʻrt, tutqichsiz koʻzgularni esa uch turga ajratgan. Bunga oʻxshash koʻzgular Zarafshon vohasidagi Lavandoq, Fargʻona vodiysidagi Vorux, Qorabuloq, Borkarboz mozorqoʻrgʻonlarida ham qayd qilingan.
Antik va ilk oʻrta asrlarda Ustrushonada oʻtroq va koʻchmanchi aholining bir-birini toʻldiruvchi madaniyati shakllangan. Arxeologik tadqiqotlar bu davrda mustahkam himoya inshootlari va qalʼalarga ega boʻlgan shaharlarda, yirik qishloq va qoʻrgʻonlarda nufuzli qabila boshliqlari, urugʻ yoki jamoa oqsoqollari, boy-badavlat oilalar va qisman hunarmandlar yashaganini koʻrsatadi. Hunarmandlikning turli sohalari rivojlandi, tijorat gurkiradi, sugʻorish inshootlari qurildi. Bu jarayon oʻlka xalqlarining moddiy va maʼnaviy hayotiga ham kuchli taʼsir koʻrsatdi. Qangʻ davrida oʻtroq dehqonchilik va shaharlar taraqqiy etishi bilan birga, atrofda yashovchi chorvadorlar bilan ham har tomonlama aloqalar uygʻunlasha boradi.
— Qangʻ konfederativ davlati tasarrufida boʻlgan Choch, Iloq, Ustrushona kabi qadimiy dehqonchilik vohalarida nafaqat oʻtroq xoʻjalik taraqqiy etib, shaharsozlik madaniyati yuksala borgan, balki ikki xil xoʻjalik sohiblarining bir-birini toʻldiruvchi madaniyati ham shakllanib, sayqal topgan, — deydi Furqat Toshboyev. — Bu vohalar atrofidagi bepoyon dasht, togʻ va togʻoldi hududlarida qadimdan yashovchi va keyingi davrlarda kelib joylashgan chorvador aholining ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy hayotga taʼsiri ortib borgan. Ustrushonada oʻrganilgan mozorqoʻrgʻonlar ashyolari koʻchmanchilarning Sirdaryo orqali kirib kelishi va Janub tomon oʻtishi oʻlka xalqlarining madaniy hayotiga katta taʼsir koʻrsatganini tasdiqlaydi. Bu holat Ustrushonaning muhim bogʻlovchi hudud boʻlgani bilan izohlanadi. Yuyechji, xun va usun kabi qabilalarning baʼzi guruhlari Janubga oʻtmasdan, vohaga tutash, chorva uchun qulay joylarda qolib ketgan. Bu yerlarni oʻz qishlovlari sifatida makon tutgan. Ular oʻtli yaylovlarni izlab, asosan, togʻoldi dashtliklari, daryo va jilgʻalar boʻylab, hali mahalliy oʻtroq va chorvador aholi tomonidan oʻzlashtirilmagan hududlarda oʻrnashgan. Ular ixtisoslashgan xoʻjalik yuritish anʼanasini davom ettirib, nafaqat yaylov chorvachiligi, balki metallurgiya va dehqonchilik bilan ham shugʻullanavergan.
Ustrushona togʻlarida juda koʻp metall konlari zaxirasi mavjud edi. Mohir hunarmandlar ulardan unumli foydalana bilgan va harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarish sohasi yana-da kuchaygan. Asta-sekin chorvador va oʻtroq aholi oʻrtasida ayirboshlash va savdo-sotiq aloqalari mustahkamlana borgan. Moddiy madaniyatdagi sifat oʻzgarishlari shundan guvohlik beradi. Tadqiq etilayotgan mozorqoʻrgʻonlar sohiblari hayot faoliyati ham ana shu jarayonlar bilan bogʻliq boʻlgan.
Mutaxassislar fikricha, bu yer sayyohlar keladigan ziyoratgohga aylantirilishi lozim. Endi obyekt muhofaza qilishga molik, davlat ahamiyatidagi, ilmiy qimmatga ega joy sanaladi.
— Topilmamiz arxeologik va arxitektura yodgorligi sifatida viloyatimizdagi madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilishi koʻzda tutilmoqda, — deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sindor Qoraboyev. — Bu boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini, jamoatchilik vakillari bilan birga jamoatchi inspektor tayinlash hamda ushbu obyektda arxeologiya va ilmiy-tahliliy xulosalarni, qazuv ishlarini bajarish uchun kelishib olindi. Bu daxma kelajakda madaniy meros obyektlari roʻyxatidan oʻrin olib, davlat tomonidan muhofaza etiladi.
Endi bizni tarixning sirli va jozibali voqeliklari bilan bogʻlovchi yana ikkita maskan bor. Moziydan qolgan bu yodgorliklarni asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazish, kattayu kichik qalbida maʼnaviy merosimizga hurmat va muhabbat uygʻotish — galdagi vazifamiz.
Xolnisa RAHMONQULOVA,
jurnalist











