Foydalanishga kiritilgan yerlar – aholi foydasiga xizmat qilmoqda

    Moʻl hosilga kirgan poliz va bogʻlarni koʻrganda, mana shunday goʻzal manzara oʻrnida bir vaqtlar qup-quruq dasht boʻlgani hech kimning xayoliga kelmaydi.

    Aholi tomorqasidan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli bugun agrar tarmoqda salmoqli oʻzgarishlar boʻy koʻrsatmoqda.

    Prezidentimiz raisligida bundan ikki yil oldin – 2021-yil 8-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqilgan, mazkur masalalar yechimida oʻzlashtirilmagan yerlar asosiy omil ekani taʼkidlanib, qishloq xoʻjaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik uchun ijaraga berish tartibini joriy qilish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

    Oʻz nomidan ham maʼlumki, oʻzlashtirilmagan yerlar hech qanday iqtisodiy samara bermaydi. Agar u oʻzlashtirilsa, albatta, katta samara beradi. Birinchidan, ishsiz yurtdoshlarimiz bandligi taʼminlanadi, ikkinchidan, oʻzlashtirilgan yerda yetishtirilgan mahsulot ham minglab oilalarga daromad keltiradi, ham bozorlarimiz toʻkinligiga xizmat qiladi, iqtisodiyotimizga yaxshigina naf keltiradi. Buni yerlarni ijaraga berish tartibi yoʻlga qoʻyilganiga bor-yoʻgʻi ikki yil boʻlganiga qaramay, katta natijalarga erishayotgan mirishkorlar faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

    Navoiy viloyatida hududning tabiiy iqlim sharoiti, tuproq tarkibini eʼtiborga olgan holda boshlangan bu boradagi ishlar bugun oʻzining ijobiy samarasi bilan koʻrgan koʻzni quvontirmoqda.

    Masalan, Xatirchi tumanidagi boʻsh yerlar oʻzlashtirilib, mevali bogʻlar barpo etildi. Chunonchi, “Xatirchi kelajagi sari” fermer xoʻjaligiga qarashli dala maydonida yerdan unumli foydalanish maqsadida qator oralariga poliz va dukkakli ekinlar ekilib, bugungi kunda moʻl hosil bermoqda.

    — Bogʻdorchilik, umuman, dehqonchilik yaxshi kasb, mehnatingizga yarasha foyda koʻraverasiz, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Maqsud Ismatov. — Yerni tashabbuskor aholiga berishdek samarali tizimning yoʻlga qoʻyilganidan bugun koʻpchilik manfaatdor. Zero, ushbu tizim minglab oilalarni ish va daromad bilan taʼminlamoqda. Ikki yil avval kattagina yerni ijaraga olib, tok va olma koʻchatlarini ekkan edik. Bu yil hosildan umidimiz katta. Vaqt va yerdan unumli foydalanish uchun qator oralariga poliz va dukkakli ekinlar ekkanmiz. 170 gektarga tarvuz ekilgan. Hosili kutganimizdan ham yaxshi. 20 ming tonna mahsulot olishni reja qilganman.

    Narx-navo barqarorligi, arzonchilikni taʼminlashda birinchi muhim jihat — bozorda taklifni koʻpaytirish hisoblanadi. Taklifni koʻpaytirish uchun mahsulot yetishtirish hajmini oshirish talab etiladi. Bu esa, oʻz navbatida, yerdan unumli foydalanish zaruratini paydo qiladi.

    Fermer ham shu maqsadda yerni oʻzlashtirish jarayonida 18 ta tik quduq qazib, qaqragan yerga obi-hayot chiqardi. Hovuzlar qazilib, kafolatli suv taʼminoti tizimi yaratildi. Hovuzlarda toʻplangan suv zarur mineral oʻgʻitlar bilan toʻyintirilib, soʻng tomchilatib sugʻorish tizimi orqali ekinlarga yoʻnaltiriladi.

    Yillar davomida foydalanilmagan yerlarni oʻzlashtirish, tik quduqlar qazish, ekin maydonlariga tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilish orqali yerdan rizq-roʻz undirilmoqda. Mana shunday yondashuv orqali bir-biriga zanjir xalqalaridek uzviy bogʻliq boʻlgan yangi ish oʻrinlari yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash kabi muammolarga kompleks yechim topilyapti.

    “Xatirchi kelajagi sari” fermer xoʻjaligida 200 ta mavsumiy va 20 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Shuningdek, namanganlik oʻttizga yaqin oila vakillari bilan tajriba almashilmoqda.

    — Ish boshlashimizdan oldin mazkur fermer xoʻjaligiga qarashli yerda ekin unishiga, ochigʻi, biroz shubhalangandik, — deydi namanganlik Dehqonboy Dasturshoxov. — Lekin mehnatdan qochmasang, hosil ham, daromad ham yaxshi boʻlar ekan. Tuproqni moʻl hosil beradigan sogʻlom holatga keltirish katta mehnat talab qiladi. Shunga yarasha rohati ham bor, albatta. Shu yerda ishlab, oilamni boqyapman, kam-koʻstimni toʻldiryapman.

    Inson astoydil mehnat qilsa, intilsa, biyday choʻlni ham yam-yashil bogʻga aylantira olarkan. Zero, bir vaqtlar toshloq, suv chiqishi, ekin unishi qiyin deya qaralgan yerlar bugun baraka manbaiga aylangan.

    Foydalanilmayotgan yerlarni oʻzlashtirish, aholiga ijaraga berish, umuman, yer munosabatlarini tartibga solishda Prezidentimizning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni muhim dasturilamal vazifasini oʻtayotir. Ushbu hujjat yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.

    Mehnatga ishtiyoq va havas boʻlsa, inson nafaqat oʻz oilasi, balki atrofidagilarning ham turmushini farovon qilishga hissa qoʻshadi. Quruq yerni oʻzlashtirib, moʻl hosil yetishtirganlar ayni paytda mahsulotlarini bozorlarimizga peshma-pesh yetkazish barobarida, eksportga ham yoʻnaltirayotgani alohida eʼtiborga loyiq.

    Termiz tumanidagi Soliobod mahallasida istiqomat qiluvchi Yoqub Joʻrayevning asl kasbi — uchuvchi. Shu bilan birga, dehqonchilikda ham katta tajriba orttirgan.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, aholiga yer maydonlari ijaraga berildi. Aholining daromad topishiga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, agrar tarmoqda oʻz biznesini tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida qabul qilingan mazkur hujjat qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish va qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

    Yoqub Joʻrayev ham ushbu imkoniyatdan foydalanib, auksion orqali bir gektar yer maydonini oʻzlashtirdi. Bugun ana shu yerda parvarishlangan qovun- tarvuzning ertapishar navlari pishib yetilgan. Poliz mahsulotlari yetishtirishning ham oʻziga yarasha hadisi bor. Bir palakda kamida olti-yettitagacha yetishgan qovun-tarvuz hosilidan chamalash mumkinki, xirmonning choʻgʻi baland.

    — Auksion orqali yer olgan edik, — deydi Yoqub aka. — Bugun oilaviy tadbirkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻyganmiz. Toʻgʻrisi, boshida ikkilandik, hosil kutilgandek boʻlmasa, xarajatlarimiz besamar ketishidan qoʻrqdik. Ammo davlat tomonidan imkoniyat yaratildimi, undan samarali foydalanish kerak. Shunga yarasha mehnat qildik. Bugun hosilimiz kutilganidan ham aʼlo. Mart oyida yerga qadalgan urugʻ hosilga kirib, bozorga yetkazib berilyapti. Oldinda toʻylar koʻp, farzandlarim uchun alohida uy-joy qilishim kerak. Barcha xarajatlarni mana shu yerdan olinadigan daromad hisobiga qoplaymiz. Mehnatdan qochmasangiz, har qanday yer yaxshi hosil manbai boʻla olarkan. Baʼzan yerni oʻzlashtirib, undan foydalana olmaganlar haqida eshitib qolaman. Demak, ular yerga bor mehrini bera olmagan.

    Kezi kelganida taʼkidlash joiz, Soliobod mahallasining asosiy oʻsish nuqtasi, yaʼni drayveri — dehqonchilik. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga koʻra, 2022-yilda 151 ta lotga joylashtirilgan 30,2 gektar yer maydoni auksion orqali fuqarolarga ajratib berildi. Ana shu yer maydonlarida Yoqub aka kabi mirishkorlar moʻl hosil yetishtirib, shunga yarasha yaxshigina daromad olmoqda.

    Inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilishi uchun zarur boʻlgan yerning har qarichi oltinga teng. Undan samarali foydalanish qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish barobarida, farovonligimizning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qiladi.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri