Fransuz tili fanidan Fransiyaning yetakchi nashriyotlari darsliklari joriy etiladi

    Ta'lim 1 Fevral 2022 1226

    Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish maqsadida chet tillari fanlaridan xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan darsliklarni olib kelish va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joriy qilishga qaratilgan tizimli islohotlar davom etmoqda. Dastlab Kembrij nashriyotining Ingliz tili va Informatika darsliklari mahalliylashtirilgan boʻlsa, endilikda Fransiyaning yetakchi nashriyotlari darsliklari mamlakatimizga olib kelinib oʻrganish ishlari boshlab yuborildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 312-sonli hamda 2022-yil 19-yanvardagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 34-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, chet tillari fanlaridan xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan darsliklarni olib kelish va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joriy qilish rejalashtirilgan.

    Ayni damda Markaz tomonidan respublikadagi fransuz tili oʻqitiladigan maktablar uchun Fransiyaning yetakchi nashriyotlari tomonidan ishlab chiqarilgan darsliklarni olib kelish va maktablarda joriy qilish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasining taʼlim boʻyicha attashesi, janob Serj Bellini yordami bilan Fransiyaning “Hachette Education”, “Didier” hamda “CLE International” nashriyotlarining oʻquv-metodik majmualaridan namunalar olib kelindi. Markaz qoshida fransuz tili metodistlari, mutaxassislari hamda oʻqituvchilaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, mazkur darsliklar oʻrganilmoqda.

    Shu munosabat bilan, 2022-yil 1-fevral kuni Respublika taʼlim markazida Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasining taʼlim boʻyicha attashesi, janob Serj Bellini hamda “Hachette Education” nashriyotining tijoriy direktori, janob Robert Menand bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv davomida mazkur nashriyotning “Les Loustics” (1-4-sinflar uchun), “Sésame” (1-6-sinflar uchun) hamda “Adomania” yoki “Explore” (7-11-sinflar uchun) darslik majmualarini Oʻzbekistonga olib kelish, mahalliylashtirish va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joriy qilish istiqbollari va imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

    Nashriyot vakili tomonidan fransuz tilini oʻrgatish boʻyicha samarali qoʻllanmalar sifatida tanilgan mazkur darsliklarni Oʻzbekiston maktablari uchun tayyor holda ishlab chiqarish (mahalliy mutaxassislar tomonidan mahalliylashtirish uchun berilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda), arzon narx va sifatli koʻrinishda yetkazib berish taklif qilindi.

    Shuningdek, Janob Robert Menand 130 dan ortiq mamlakatlarda foydalanilayotgan ushbu darsliklarni Oʻzbekistondagi maktablarga ham olib kirish fransuz tilini oʻqitishni samarali yoʻlga qoʻyishga xizmat qilishini taʼkidlab, agarda mazkur darsliklar toʻplami tanlanadigan taqdirda Oʻzbekistondagi fransuz tili fani oʻqituvchilarning malakasini oshirish va uzluksiz metodik yordam koʻrsatib borishni ham oʻz zimmasiga olishini aytib oʻtdi.

    Fransuz tili fani boʻyicha xalqaro darsliklarni tanlash jarayoni davom etadi. “Keyingi hafta xuddi shunday uchrashuv “Didier” nashriyoti vakillari bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan” — deya maʼlum qildi Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Javlonbek Meliboyev.