Fuqarolik sudlarining faoliyati sarhisob qilindi

    Fikr 16 Iyul 2021 1512

    Mamlakatimizda soʻnggi yillar davomida sud-huquq sohasida dunyo hamjamiyati tan olayotgan qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

    Ayniqsa sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga hamda mavjud boʻlgan muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan koʻplab qonunlar va normativ hujjatlar qabul qilinayotganligiga guvoh boʻlish mumkin.

    Joriy yilning 1-yarim yilligini sarhisob qilar ekanmiz, bunda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimida tub burilish yasalib, yangi bosqichga koʻtarilganligi, bu bilan odil sudlovga erishishda fuqarolar va yuridik shaxslarga yangi keng imkoniyatlar yaratilganligini eʼtirof etmaslik mumkin emas.

    Amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining nazorat instansiyasi tugatilib, ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish tartibi joriy etilishi bilan birga, har bir kassatsiya shikoyati sudlov hayʼati tomonidan sud majlisida koʻrib chiqilmoqda.

    Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda esa ishlarni kassatsiya instansiyasida koʻrish qisqartirilib, faqat apellyatsiya instansiyasida koʻrish ishlarni kvorum yoʻqligi sababli boshqa hudud sudlariga yuborilishiga chek qoʻydi.

    Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilish orqali sohani ochiqligi, shaffofligi, tezkorligini taʼminlash maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali “Mysud.uz” sayti joriy qilingan. Ushbu portalda fuqarolar va tadbirkorlar uchun bevosita sud binosiga kelmasdan, masofadan turib onlayn tartibda bir qator xizmatlardan foydalanish imkoniyati berilgan.

    Fuqarolik ishlarini sudlar tomonidan koʻrishning alohida jihati – bu sud protsessida oʻzini haqman deb hisoblovchi ikki taraf ishtirok etishidir. Eng asosiysi ular koʻp hollarda nizoga qonun talabi nuqtayi nazaridan emas, balki oʻzining adolati yuzasidan yondashadilar. Chunki fuqarolik nizolarida, xususan oilaviy va maishiy nizolar boʻyicha sud majlislarida koʻpincha yuridik bilimga ega boʻlmagan taraflarning oʻzlari qatnashadilar. Fuqarolik ishlarini koʻrishning murakkabligi ham shunda.

    Jizzax viloyati fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo va tuman sudlarga 2021-yil 1-yarmida jami 13.501 ta (2020-yil 1-yarmida 8.372 ta) ishlar kelib tushgan boʻlib, oʻtgan davrga nisbatan ishlar 61,3 foizga (5.129 taga) koʻpaygan. Shundan 6.963 tasi (5.996 ta) fuqarolik ishlarini va 6.538 tasi (2457 ta) sud buyruqlarini tashkil qilgan. Har bir sudyaga oʻrtacha bir oyda 116,0 ta (71,4 ta)dan ish toʻgʻri kelib, sudyalarning ish hajmi ham 44 taga koʻpaygan.

    Albatta fuqarolik nizolarining koʻpayishida xalqimizning huquqiy bilimi ortib borishini ham koʻrishimiz mumkin.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 5.473 ta (4.409 ta) fuqarolik ishlari koʻrib yakunlangan boʻlib, nizosiz talablar boʻyicha
    3.946 ta (1644 ta) sud buyruqlari chiqarilgan.

    Fuqarolarimizning huquqiy ongi va bilimini oshirish maqsadida jami koʻrib tamomlangan ishlarning 1.848 tasi yoki 33,8 foizi sayyor sud majlislarida koʻrilgan.

    Koʻrilgan 5.473 ta fuqarolik ishlarining 4.998 tasi yoki
    91,3 foizi boʻyicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan boʻlib, shundan
    4.215 tasi yoki 77,0 foizi qanoatlantirilgan, 783 tasi yoki 14,3 foizi rad etilgan, 191 ta yoki 3,5 foiz fuqarolik ishlari ish yuritishdan tugatilib, 284 ta yoki 5,2 foiz daʼvo arizalar koʻrmasdan qoldirilgan. Keyingi oyga 1.164 ta fuqarolik ishlari qoldiq boʻlib oʻtgan.

    2021-yil 1-yarmi yakuni boʻyicha oʻtgan davrga nisbatan quyidagi ishlarning koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin:

    Sudlar tomonidan koʻrilgan jami 5.473 ta fuqarolik ishlarining asosiy qismini, yaʼni 2.347 ta (858 ta) sini yoki 42,9 (19,5) foizini kredit shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar tashkil qilgan.

    Bundan tashqari qarz undirish haqidagi ishlar 182 taga
    (188 tadan 320 taga), nikohdan ajratishga oid ishlar 180 taga
    (746 tadan 926 taga), ishga tiklash toʻgʻrisidagi ishlar 49 taga (59 tadan 108 taga), aliment undirish haqidagi sud buyruqlari 471 taga (717 tadan 1.134 taga), ish haqi undirishga oid sud buyruqlari 357 taga (218 tadan 575 taga), soliq qarzdorligini undirish toʻgʻrisidagi sud buyruqlari 1.104 taga (356 tadan 1.460 taga) koʻpaygan.

    Kredit, qarz, mehnat nizolari, aliment va ish haqi undirish, soliq qarzdorligiga oid ishlarning koʻpayishi karantin paytida fuqarolar va yuridik shaxslarning daromadlari kamayishi hamda toʻlov qobiliyatining pasayishi bilan bogʻliqdir.

    Nikohdan ajratish toʻgʻrisida koʻrilgan jami 926 ta fuqarolik ishlarining 406 tasi yoki 43,8 foizi qanoatlantirilgan va taraflar nikohdan ajratilgan boʻlib, qolgan 56,2 foiz ishlarda taraflar nikohdan ajratilmaganlar. Shu bilan birga Jizzax viloyat sudi Rayosatining 2021-yil 28-iyundagi 5r-51-21-sonli qarori bilan nikohdan ajrashish haqidagi fuqarolik ishlarining umumlashtirilishi muhokama qilinib, nikohdan ajratishlarning sonidan kelib chiqqan holda Jizzax viloyatidagi 323 ta fuqarolar yigʻinlari toifalarga (qizil 50 ta, sariq 100 ta, yashil 173 ta) ajratildi hamda oilalarni saqlash boʻyicha tegishli choralarni amalga oshirish belgilandi.

    Fuqarolik-huquqiy nizolarida sud qarori bir tarafning foydasiga chiqsa, aksincha ikkinchi tarafning zarariga chiqadi. Bu tabiiy holat, chunki qarorni har ikkala taraf foydasiga chiqarishning imkoniyati yoʻq. Bu esa oʻz navbatida bir tarafning sud qarorlaridan noroziligini keltirib chiqaradi.

    Birinchi instansiya tartibida koʻrilgan jami 5.473 ta fuqarolik ishlarining 265 tasi yoki 4,8 foizi Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida apellyatsiya shikoyati va protestlari asosida koʻrilgan.

    Davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilgan talab boʻyicha bugungi kunda sudya qabul qilgan qarorining mazmunini sud majlisi tugagandan keyin taraflarga tushuntirib berish amaliyoti oʻzining ijobiy samarasini bermoqda. Muqaddam sudyalar sud qarorini faqat oʻqib eshittirish bilan kifoyalanganlar va shu sababli ham ilgari sud qarorlariga nisbatan shikoyatlar koʻp boʻlgan.

    Oʻtgan davrda sudyalar tomonidan sud qarorlarining mazmuni tushuntirilishi natijasida koʻrilgan 5.208 ta yoki 95,2 foiz fuqarolik ishlari yuzasidan taraflar shikoyat bermaganlar va bu ularning sud qarorlaridan norozi boʻlmaganliklarini anglatadi.

    Apellyatsiya instansiyasida koʻrilgan 226 ta fuqarolik ishlarining 178 tasi boʻyicha sud qarorlari oʻzgarishsiz qoldirilgan, 4 tasi kelishuv bitimi tuzilganligi sababli ish yuritishdan tugatilgan, 24 ta sud qarorlari oʻzgartirilgan, 20 ta sudning hal qiluv qarori va ajrimlari bekor qilingan. Koʻrish mumkinki, jami koʻrilgan ishlarning bor yoʻgʻi 0,36 foiz sud qarorlarigina bekor qilingan.

    2021-yil 1-yarmi davomida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2.085 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan 2.061 ta murojaatlar oʻrganilib, 112 tasi qanoatlantirilgan va 1.949 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. 4 ta murojaat hisobot oxiriga qoldiqda qolgan.

    Hisobot davrida Jizzax viloyat sudlari tomonidan jami 14 ta umumlashtirishlar oʻtkazilib, aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan korxona va tashkilotlarga 12 ta taqdimnomalar kiritilgan. Fuqarolik ishlarini koʻrish jarayonida taraflar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar natijasida kelgusida jinoyat yoki huquqbuzarliklar sodir etilishi mumkin boʻlgan holatlar yuzasidan 36 ta xabarnomalar yuborilgan.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan bu davrda 104 marta leksiya, uchrashuv, suhbatlar qilingan, 116 marta OAVlarida va 42 marta veb-saytlarda chiqishlar qilingan.

    “Bir sud bir instansiya” tamoyili fuqarolik sudlariga qanday imkoniyatlar berdi va bu xalqimizga qanday yengilliklar yaratdi degan savol paydo boʻlishi mumkin.

    Joriy yildan boshlab Prezidentimizning tashabbuslari bilan mavjud 7 ta sud instansiyalari 3 taga qisqartirildi. Natijada birinchi instansiyada koʻrilgan ish bir-ikki oy ichida viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida va 3-4 oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida koʻrilmoqda.

    Bu tamoyil natijasida sudlar mustaqilligi mustahkamlash, bir sudda faqat bir bosqichning boʻlish, ishlarni xolis koʻrib chiqishga zamin yaratish, sud qarorlarini keyingi bosqichlarda sifatli va qisqa muddatlarda koʻrib chiqish, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tez fursatda bartaraf etish imkoniyatlarini vujudga keltirdi.

    Sud tizimida olib boriladigan kelgusi islohotlar ham fuqarolar va tadbirkorlarning sudlarga murojaat etishlari uchun qulayliklar yaratishga, ularning buzilgan huquq va manfaatlarni samarali tiklashga, sudlar faoliyatiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yana-da kengroq joriy etish orqali ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratiladi.

    A.Shukurov,

    Jizzax viloyat sudi
    fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi