Shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashqari, respublikaning barcha viloyatlarida gʻalla oʻrimi uyushqoqlik bilan boshlangan.
Hozirga qadar 170 ming tonnadan ortiq gʻalla don korxonalariga topshirildi.
Yaratilgan yangi tizimga koʻra, gʻallaning bir kilogrammi, dastlabki narx sifatida 3 ming soʻmdan qabul qilinayotganligi hamda kelgusida birja narxlaridan kelib chiqqan holda, ushbu narxga yana qoʻshimcha haq toʻlab berilishi barcha dehqon, fermerlar hamda klasterlar tomonidan koʻtaringki ruhda qabul qilingan.
Shu sababli, yetishtirilgan donni qabul qilinishi jarayonida, gʻalla yetishtiruvchilar tomonidan prokuratura organlari va shtablarga biror-bir eʼtirozlar kelib tushmagan.
Yangi tizimga koʻra, qabul qilingan don uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish ishlari boshlangan boʻlib, hozirga qadar, gʻalla yetishtiruvchilarga 146 mlrd. soʻmlik mablagʻlar toʻlab berilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, gʻalla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari ortiqcha umuman don talab qilinishiga toʻliq chek qoʻyilib, ushbu jarayon prokuratura xodimlari tomonidan toʻliq nazoratga olindi.
Shuningdek, oʻtgan yillardan qolgan don qoldigʻi toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, ikkita don korxonasida aniqlangan kamomad boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.