Yaʼni, xotin-qizlarga boʻlgan munosabat mamlakatning demokratik tamoyillaridan kelib chiqib belgilanadi. Bu soʻnggi yillarda faol qoʻllanilayotgan gender tenglikning bir qismi.
Aslida, gender pariteti siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, shaxslararo munosabatlarning rivojiga xizmat qiladigan ijtimoiy adolat tamoyillari asosida jamiyat hayotini tashkil etishning dolzarb muammosi hisoblanadi. U jamiyat hayotining muhim tarkibiy qismi va toʻgʻridan-toʻgʻri mavjud madaniyat, ijtimoiy munosabatlarga taʼsir qiluvchi omildir.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida gender tengligi, ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, boshqa maqsadlar doirasida ijtimoiy tenglik masalalarini taʼminlash yetakchilik qilishini koʻrishimiz mumkin. Oʻzbekiston koʻplab davlatlar qatori Barqaror rivojlanish maqsadlarining faol tarafdorlaridan hisoblanadi va ularni 2030-yilgacha amalga oshirish boʻyicha Milliy indikatorlar tizimini ishlab chiqqan. Bu xotin-qizlarga taʼlim olish, mehnat faoliyati va boshqa har qanday harakatlarda erkaklar bilan teng imkoniyatlar yaratib berishning jahon talablariga mos, shu bilan birga, oʻzimizgagina xos boʻlgan chora-tadbirlarini nazarda tutadi.
Tafovut hamon sezilarli darajada
Gender tenglik haqida soʻz borganda, avvalo, uning mazmun-mohiyatini tushunib olish toʻgʻri boʻladi. Masalan, biologik jins inson tabiatining tub jihati sifatida erkak va ayolni ajratib turadigan genetik, somatik, biofiziologik xususiyatlarni anglatsa, gender biologik jins tushunchasidan farqli ravishda, jinsga oid ijtimoiy xususiyatlarni koʻzda tutadi. Yaʼni, gender ijtimoiy-madaniy konstrukt, erkaklar va ayollarning ijtimoiylashuv jarayonida orttirilgan, jamiyat tomonidan modellashtirilgan va ijtimoiy institutlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan xulq-atvor xususiyatlari, turmush tarzi meʼyorlari tizimidir. U madaniyatlar boʻyicha farq qiladi va vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishi mumkin.
Biologik jins va ijtimoiy jins differensiyasini birinchilardan boʻlib amerikalik antropolog Margaret Mid 1935-yilda tahlil qilgan. Gender tushunchasi esa amerikalik psixoanalitik, sotsiolog Robert Stoller tomonidan atama sifatida qoʻllanila boshlagan. Aynan Stoller birinchi boʻlib biologik jins va sotsiomadaniy jins (gender) tushunchalarini ajratib koʻrsatdi.
Gender tenglik, erkaklar va ayollar xuquqi muammolari uzoq tarixiy transformatsiyani boshdan kechirdi. Bu jarayon Gʻarb va Sharq tamaddunining rivojlanish tendensiyasi, ilmiy-kognitiv, ijtimoiy-falsafiy tafakkurida oʻz aksini topgan. Mashhur faylasuf Platon ushbu ijtimoiy holatga nisbatan oʻz qarashlarini bildirib, “Ideal davlat” asarida erkak va ayol tabiati oʻrtasidagi farq nisbiy va faqat reproduktiv sohaga taalluqli, degan xulosaga keladi. U oʻz davrida anʼana, urf-odatlarning kuchli va uzoq muddatli taʼsiri natijasida “shoʻrva pishirish” va “enagalik qilish”ga mahkum boʻlgan xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni, muammoning ijtimoiy ildizlarini ochib beradi. Nemis psixologi, sotsiolog, neofreydizm asoschilaridan biri Erix Zeligman Fromm esa “Erkak va ayol” nomli asarida “Har bir inson oʻz turining vakili sifatida individual xususiyatlarini, oʻziga xosligini rivojlantirish erkinligiga ega boʻlishi kerak”, deb yozadi.
Chindan ham, erkak va ayolning jamiyatdagi vazifalari koʻpincha urf-odat va qadriyatlar asosida kelib chiqadi. Erkak pul topishi kerak, xotin-qizlar esa uyda oʻtirib, roʻzgʻor yumushlari, bola parvarishi bilan shugʻullanishi zarur, degan tushunchalar aksariyat xalqlarda azaldan shakllanib kelgan. Vaholanki, xotin-qizlar ham turli sohalarda alohida qobiliyat, iqtidorga ega va ular buni namoyon etish, nafaqat oila, balki jamiyatda oʻz oʻrnini topishga haqli. Gender tengligi tamoyillari ayni shu jihatlarni nazarda tutadi va uning asosi har bir insonning shaxs sifatida namoyon boʻlishi uchun ijtimoiy toʻsiqlar hamda stereotiplarni bartaraf etish, barcha sohalarda erkaklar va ayollar uchun teng ijtimoiy imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Genderga oid stereotiplar xulq-atvor, ijtimoiy rollar, dunyoqarash, mafkura, emotsional intellekt shaklini belgilaydigan barqaror obrazlar, shablonlar, ijtimoiy kutishlar, faoliyat majmuini anglatadi. Masalan, oilada ayollar va erkaklar ijtimoiy rollarining taqsimlanishiga oid gender tengsizlik tarixiy ildizlar bilan uzviy bogʻliq boʻlib, konservativ stereotiplarni shakllantirdi. Bunday stereotiplar ijtimoiylashuv jarayonida oʻgʻil va qiz bolalarning hayotiy ambitsiyalari, isteʼdodi va qiziqishlarini toʻliq aniqlashda cheklashlarni keltirib chiqarishi, qarama-qarshiliklarga, ziddiyatlarga, psixologik muammolarga olib kelishi va ushbu stereotiplarga javob berishni istamaslik boshqa odamlarning taʼqib qilinishiga sabab boʻlishi mumkin.
Afsuski, bunday holatlar bizning davrimizda ham tez-tez uchrab turadi. Ijtimoiy hayotning ayrim sohalarida ayollar va erkaklar tengsizligi hamon saqlanib qolmoqda. Masalan, davlat boshqaruvi, siyosiy qarorlar qabul qilish, yirik va oʻrta biznes sohasida erkaklarning ustunlik qilishi, uy yumushlari asosan ayollarning zimmasida ekanini inkor etib boʻlmaydi.
Xotin-qizlar sayyoramiz aholisining qariyb yarmini tashkil etsa-da, milliy parlamentlarning atigi 18,4 foizini ayollar tashkil etadi. Ish bilan taʼminlanish, karyera, oylik maosh miqdori, rahbarlik lavozimlariga tayinlanish masalalarida gender bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda. Jins boʻyicha ish haqidagi tafovut dunyo miqyosida 23 foiz, qishloq joylarida 40 foizgacha yetgan. Gender tenglik ayrim sohalarda kuzatilsa-da, ilm-fan, kibernetika, injeneriya yoʻnalishlarida ayollar ishtirokini talab darajasida deb boʻlmaydi.
Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik esa genderga asoslangan zoʻravonlikning eng jiddiy shakllaridan biridir. BMT maʼlumotlariga koʻra, jahondagi har beshinchi ayol jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka uchraydi. Afsuski, bu aksariyat jamiyatlarda saqlanib qolmoqda va barcha ijtimoiy guruhlarga taʼsir koʻrsatyapti.
Bilim va taʼlim — najot
Bu holatlarning tub ildizi ilmsizlik, taʼlim olmaslikka borib taqalishi ham rost. Shu jihatdan, gender sensitivlik (gender sezgirlik) bugungi davr taʼlim tizimida muhim oʻrin egallaydi. U shaxsning gender stereotiplari namoyon boʻlishi mumkin boʻlgan turli xil hayotiy, kasbiy va ijtimoiy vaziyatlarni hal qilishga tayyorligiga oid nazariy-pragmatik va gender maʼrifati sohasidagi bilimlar asosida shakllanadi. BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi ham umumqamrovli va adolatli, sifatli taʼlimni taʼminlash hamda barchaga hayot davomida taʼlim olish imkoniyatini ragʻbatlantirish muammolariga qaratilgan.
Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalarda taraqqiyot va maʼrifatga erishish, avvalo, ilm-fan, taʼlim rivoji bilan bogʻlanayotgani bejiz emas. Islohotlar avvalida, inson huquq va manfaatlarining ustunligi, xususan, erkak va ayol huquqlarining himoyasi, jamiyatda xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlariga ahamiyat masalalari keng oʻrin olgan. Bu borada huquqiy kafolatlar ham yaratilyapti. 2019-yil 2-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu hujjatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalish va mexanizmlari belgilanib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Buning natijasida jamiyatda xotin-qizlarning roli, faoliyatiga nisbatan qarashlar tom maʼnoda oʻzgarmoqda. Endi ayolga faqat uy bekasi sifatida emas, balki maʼlum bir kasb egasi, tadbirkor, rahbar sifatida qarash odatiy holga aylandi. Bugun mamlakatimizdagi har bir ayol oʻzi istagan sohada oʻqib-oʻrganish, ishlashdan ikkilanmayapti, barcha imtiyozlardan foydalangan holda dadil qadam tashlamoqda. Buni turli sohalarda ayollar faolligi oshib, gender tenglik koʻrsatkichlari sezilarli oʻsayotganida ham koʻrish mumkin. Zero, davlatimiz rahbari BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan nutqida “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettiramiz”, deya taʼkidlagan edi.
Bunda asosiy vazifalar taʼlim tizimi zimmasiga yuklatiladi. Bugungi zamondagi taʼlim globallashayotgan dunyoning muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish, jamiyat va shaxsning axloqiy, etnik, diniy, gender va ijtimoiy masalalarni anglashga erishish, axborot va bilimlar jamiyati definitsiyalari diskursida barcha ijtimoiy munosabatlar va institutlar transformatsiyasi sharoitida faoliyat olib borish, insonlarning demokratik jamiyatda yashash koʻnikmalari, faol fuqarolik pozitsiyasi, inson huquqlariga hurmat tuygʻularini shakllantirish vazifalarida yetakchilik qilishi lozim.
Boshqa tomondan, milliy tafakkurda ayollarning ijtimoiy mavqei ham muhim ahamiyatga ega. Arab tarixchisi, geograf Shamsuddin Abu Abdulloh ibn Battuta oʻzining “Sayohatnoma” asarida qayd etishicha, turk xoqonlari imzo chekayotganda “sulton va uning xotunining amri bilan”, deb yozganlar. Turkiylarning qadim ijtimoiy-diniy, madaniy, kosmogonik hayotiy tasavvurlarida mavjud Umay ona, Momo Havo, Chir Ine, Ayoz momo, Momoqaldiroq kabi definitsiyalar ham turkiy xalqlarning lisoniy-kognitiv tafakkuridagi ayolga boʻlgan ekzistensial munosabatidan darak beradi. Abu Rayhon Beruniy oʻz ijtimoiy-pedagogik qarashlarida oila tinchi bevosita aqlli, farosatli, tarbiyali ayollar qoʻlida ekaniga alohida eʼtibor qaratgan. Islom taʼlimoti johiliyat anʼanalarini inkor etgan holda, xotin-qizlarning ijtimoiy darajasini oshirdi, ayolning yashash huquqini himoya qildi, taʼlim olish va mulkka boʻlgan huquqini tasdiqladi.
Gender tenglik XXI asr koʻnikmalari va universal kompetensiyalarning muhim tarkibiy qismi sifatida ham zamonaviy jamiyatlarda inson huquqlari, konstruktiv gender munosabatlari, ijtimoiy bagʻrikenglik, madaniyatlararo muloqot va hamkorlik tamoyillarini oʻrnatishda muhim ahamiyatga ega. Bu borada shaxsning bilim va kompetensiyalarini rivojlantirish dolzarb masala boʻlib, uni amalga oshirishga doir qator takliflarni ilgari surish mumkin.
Xususan, jamiyatda gender tengligi madaniyatini shakllantirish, gender tengligiga oid meʼyorlar va qadriyatlarni yetkazish jarayonini taʼminlaydigan oʻquv dasturlarini yaratish, barcha turdagi taʼlim dasturlariga gender tengligi problematikasiga oid mavzular va asosiy tushunchalarni kiritish, gender sohasida ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarni ragʻbatlantirish kabilar muhim vazifalardir. Qolaversa, umumiy oʻrta taʼlim dasturlariga gender tengligiga oid bir qator mavzularni qoʻshish ham zarar qilmaydi.
Boisi, bu boradagi tushunchalarni bolalikdan tushuntirib borish lozim. Uning taʼlim bilan bogʻliq holda oʻrgatilishi esa jamiyatda gender tenglikka oid stereotiplarning paydo boʻlishiga yoʻl bermaydi. Zero, bilimga asoslangan har qanday fikr va tafakkur shaxsiy xulosalarning ommanikidan farq qilishi, yangicha yondashuvlarga xizmat qiladi.
Mohira XOLIQOVA,
Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish
milliy markazi direktori, dotsent