Bu maydonda oxirgi paytlarda eng koʻp bahsga sabab boʻlayotgan, mavzuning asl mohiyatini bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, har qalay har kim axloqu saviyasiga yarasha fikrlarini, aniqrogʻi, munosabatini bildirayotgan, koʻpincha tortishayotgan masalalardan biri — gender tenglik. Uni feminizm deb ataysizmi, ayollar huquqimi yoki boshqa biror ilmiyroq termin qoʻllaysizmi — unchalik ahamiyatli emas, muhimi, bir qoziq atrofida ikki tarafga qarab aylanadigan qarashlar.

Shu kunlarda homilador yoki 3 yoshgacha farzandi tarbiyasi bilan band talaba ayollarning taʼlimni davom ettirishi uchun imkoniyat berishni nazarda tutuvchi farmon qabul qilinishi ortidan internet sahifalarida yana shu mavzu faollashdi. Avvalroq magistraturaga oʻqishga kirgan opa-singillarimizning toʻlov-kontrakt summasi davlat tomonidan qoplab berilishi haqidagi xabarlar, tadbirkorlik yuzasidan berilgan ayrim imtiyozlar, rahbarlik lavozimlarida ularning ulushini oshirish borasidagi tashabbuslarga nisbatan ham shunga oʻxshash har turli munosabatlarni kuzatgandik. Qisqasi, xotin-qizlar uchun nav­batdagi yengillikni ham kimdir mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlab, xursandligini, yana kimdir taʼlim sifati haqida oʻz xavotirlarini bildirdi.

Demak, kuzatuvlarimizga koʻra, aksariyat shu kabi gender islohotlarni qoʻllamaydigan, kamida qoʻshilmaydigan tomonning asosiy ­eʼtiroz va xavotirlari iqtisodiy omillar va taʼlim sifati bilan bogʻliq ekan. Xoʻsh, chindan ham turli tarmoq va sohalarda ayol-qizlarga alohida imtiyoz va yengilliklar berilishi ortidan salbiy oqibatlar kelib chiqadimi? Agar shunday boʻlsa, nega koʻplab ilgʻor mamlakatlar, xususan, Oʻzbekistonda ham tinimsiz va tizimli ravishda ularga har tomonlama koʻmak va ragʻbat berish siyosati davom etmoqda? Nega endi ayolu erkak, aytaylik, muayyan bir oʻrin uchun har jabhada teng sharoitda kurashmasligi kerak?

Sizga ham bu kabi savollarga patriarxal jamiyatda — “erkaklar dunyosi”da istiqomat qila turib javob izlash absurd, mantiqsiz boʻlib tuyulyaptimi? Lekin mazkur masalada intuitsiyaga suyanibgina, ich-ichimizdan ayollarga oʻzligini, oʻzini toʻlaqonli namoyon qila olishi uchun baribir koʻproq qoʻllab-quvvatlash lozimligini his qilib turganimiz boisidangina nekbin fikrlovchi taraf boʻlib qolish qanchalik toʻgʻri? Axir bunday savollarning ham sof mantiqqa suyangan, ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar orqali topilgan, hech boʻlmasa, muhokama uchun taklif qilingan muqobil ­variantlari boʻlsa kerak, shunday emasmi? Ayni mavzuda shu taxlit bahs-munozaralar ilgari ham uchraganmi, natijayu oqibatlari nima boʻlgan, umuman, tarix va dunyo tajribasida qanday javoblar bor?..

* * *

Taʼlim tizimidagi muammolarning yarmi aynan ayollar bilan bogʻliq. Aytaylik, maktabda yaxshi oʻqiganlarning “botanik” yoki “pushti koʻzoynak” deb kamsitilishi holati koʻp uchraydi. Universitetlarda esa asosan qizlarning yaxshi oʻqishi, ilmga intilishi urfda. Yigitlar esa negadir “oʻqimasdan ham odam boʻlishi”ni biladigandek. Zotan, tan olish kerak, jamiyatimizdagi koʻtarilish richaglari, aniqrogʻi, yaxshi oʻqimay ham boy va muvaffaqiyatli boʻlish mumkinligi haqidagi qariyb qotib qolgan dogma va qoliplar shunga imkon beradi. Haligi toifa buni yaxshi tushunadi yoki hechqursa ongostida his qiladi, anglab-­anglamay umumiy toʻlqinda suzadi. Ehtimol, shu sabab “yigitning asl bahosi — 3” degan stereotip bordir.

Qisqa muddat boʻlsa-da, oʻqituvchi sifatida ishlab tushundimki, yigitlarga dars oʻtish nihoyatda qiyin. Negaki ular aniq biladi: kelajakda maktabda, universitetda yaxshi oʻqigan, aʼlochi, bilimli qizlar bilan emas, oʻziga oʻxshagan savodsizlar bilan raqobatlashadi va bu raqobat bilim tufayli boʻlmaydi. Olchoqlik, ­shafqatsizlik, laganbardorlik ­poygasida ­qatnashadi. Albatta, hamma yigitlarga ham, ayni vaqtda barcha muassasa-tashkilot, ishxonalarga ham tegishli emas bu gap. Biz omma, koʻpchilik haqida mulohaza yurityapmiz. Achinarlisi, aʼlochi qizlar esa baʼzan bugun vaynerlarimiz eng zoʻr hazil deb xalqqa “yedirayotgani” kabi oʻsha “ikkichi” sinfdoshining paypogʻini yuvish bilan qolib ketadi. Taajjub, eng katta fojialarimizdan biri eng zoʻr hazilimiz boʻlib qolgan.

Bundan kelib chiqadiki, ayollarning jamiyatdagi eng muhim oʻrinlar uchun raqobatga kirishmasligi ham umumiy rivojlanishga gʻov boʻladigan, uning asosiy sharti boʻlgan sogʻlom raqobat tamoyillari ildiziga bolta uradigan bosh omillardan. Nima ham deymiz, yaxshi oʻqigan qizlar “oʻqib shahar olib berarmidi?”, yaxshi oʻqimaydigan yigitlar esa “shahar olib” yotibdi — shunday ekan, sidqidildan oʻqish uchun hech qanday talab ham, ehtiyoj ham yoʻq goʻyo…

Bu muammolar, shak-shubhasiz, kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Maʼrifatparvar Fitratning “Oila” asaridagi mulohazalarga diqqat qaratsak, masalaning mohiyatiga yetishimiz osonroq kechadi. Bu, oʻz navbatida, fikr yuritayotganimiz — ayollar huquqi, xususan, taʼlimi bora­sida qili­nayotgan ishlarning boi­sini teranroq tushunishimizga turtki beradi. U jamiyatdagi ayrim illat hamda kamchiliklarga achchiq va ochiq baho berib, baxtsizlik va qoloqlikning asosiy sabablaridan biri oʻlaroq ayollarning jamiyat hayo­tidagi oʻrni benihoya past ekanini taʼkidlar ekan, jumladan, bunday deydi:

“Mamlakatimizdagi xotinlar har daqiqada qanchadan qancha tahqir va jafolarga duchor boʻlib yashamoqdalar. Biz, turkistonliklar oʻz xotinlarimizni odamiyat doirasidan tashqarisida deb oʻylaymiz va u bechoralarga odamga qilgandek muomala qilmaymiz...

Ular haqiqatan bashariyat fazilatlarining aksaridan mahrum qolganlar. Saodat mayli va taraqqiy orzusi ularning qalbidan tamoman chiqqan. Shijoat va jasorat batamom yoʻq boʻlib, tabiatlaridan tanballik va zaiflik joy olgan. Izzat talabi, sharaf hifzi, huquqlarini himoya etish fikrlarini tushuntirib berganda ham tushunmaydilar. Muhokima, taamim tafakkurni batamom tark qilib, bir mashinaga oʻxshab erlarining ishoratiga tobe boʻlib qolganlar. Xulosa qilib aytganda, baxtsizligimiz va qoloqligimizning eng muhim sabablari ham shundadir”.

Toʻgʻri, bir qarashda bugungi ahvolotimiz ancha farqli, yaxshi tomonga oʻzgargan, albatta! Bunga na eʼtiroz, na shubhamiz bor. Aytmoqchi boʻlganimiz, bugungi holatimiz ayni shunday maʼrifatparvarlarning bir tomonlama stereotiplarga qarshi ayovsiz va qatʼiy kurashi samarasi. Hozir ayol-qizlarning qulay taʼlim olishi yoʻlidagi saʼy-harakatlar ham kelgusida oʻz mevasini berishiga amin boʻlishimiz kerak. Ayollar taʼlimi masalasida soʻz ketganda, ayniqsa, ular faqat uyda oʻtirishi kerak deb fikrlovchi va bu tor dunyoqarashini eʼtiqod ortiga yashirishga urinadigan ayrim kimsalar uchun esa Fitrat domlaning “Munozara” asaridagi bir mudarris va farangi oʻrtasidagi bahsdan parcha keltirishni joiz deb topdik:

“Farangi: Endi ayting-chi, Buxoroda ayollar ham tahsil oladilarmi yoki yoʻq?

Mudarris: Yoʻq, ayollar tahsil koʻrmaydilar.

Farangi: Nega ularni tahsildan bebahra qoldirganlar? Ayol aqli taʼlim va tarbiya xususida erkaknikidan kamroq boʻlmasa kerak. Bizning hakimlardan biri aytadiki: “Biz Amerika va Fransiyo ayollarining ixtirolari mushohadasini keyin bildikki, ayolning tushunish darajasi erkaknikidan kam emasdir”. Va sizlarning paygʻambaringiz ham buyurdiki, “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir”, ayollarning tarbiyati foydali boʻlib, “Kimki yaxshilik keltirsa, unga oʻn barobar...” oyatining hukmiga koʻra, yaxshi amallarga ega boʻlishlik vojibdir. Negaki yaxshi amallar yaxshi axloqsiz mumkin boʻlmaydir.

Yaxshi axloqqa keyinroq ega boʻlishlik ham “vojib boʻlgan amallarning birinchilaridandir”. Biror kimsa ham tarbiyasiz yaxshi axloq sohibi boʻlmaydi. Bizning birinchi tarbiyamiz onalarimiz tarafidandir, ularning oʻzlari tarbiya koʻrmagan boʻlsalar, biz ham ularning yomon tarbiyasidan hamisha yomon axloq egasi boʻlamiz. Shu sababli donolar bizning olamni insoniyat doirasidan tashqarida deb biladilar. Yurtning baxtsizligi, zaminning saodatsizligʻidirki, ayollar u yerni taʼlim va tarbiya sharafidan mahrum qiladilar.

Mudarris: Ajab sodda odam ekansiz. Behuda ishlarning tashvishini qilyapsiz. Ayollarning yaratilishidagi hikmat “tavolud va tanosul” (tugʻish va nasl qoldirish)dir. Men avvaldan arz qildimki, bizda tahsil 37 yoshda tamom boʻladi. Bu surʼatda agar ayollarni ham tahsil ettirsak, uni tugatgandan soʻng yoshi 37 ga borganda hech bir erkak ularga ragʻbat qilmaydi va u vaqtda “silsilai tanosul” (ketma-ket nasl qoldirish) uzilgan boʻladi.

Farangi: Ammo bu gapingiz, yaʼni agar ayollarni tahsil ettirsak, tanosul silsilasi uziladi, deganingiz botildir. Dalil shuki, agar sizning ushbu soʻzingiz toʻgʻri boʻlganda, komil aql egasi boʻlgan, olamning nizomini sizdan yaxshiroq bilgʻan paygʻambaringiz “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir”, demas edi. Ammo sizning “bizdagi tahsil muddati uzundir”, deganingiz bir tahsil usulining nodurustligʻidirki, bu tahsilni man qilishlikni keltirib chiqarmaydi. Sizning bu tahsil usulingiz mushkul va nuqsonli ekan, ­boshqa usulni ixtiyor qilingiz”.

Bundan tashqari, muallif farangi tilidan gapirib, ayollarni oʻqitmaslik dinning asl haqiqatidan farsahlarcha uzoqlashish, tamaddun taraqqiyoti tezligidan undan-da olis ortda qolish, “begonalarning shuhrati, ilmu maʼrifatining nogʻorasi shovqinini sharofat deb koʻtarib yurish, jaholat va falokat poyasigʻa yetib qolish” ekanidan qattiq ogohlantiradi. Ayon boʻladiki, qizlarni oʻqitish masalasi, shuningdek, taʼlimni isloh qilish vazifasi ham har bir davr uchun dolzarb boʻlib kelgan. Fitrat kabi allomalar ilgari surgan gʻoyalar chuqur maʼnaviy buloqlardan suv ichgan hamda mazkur sohadagi keyingi, ayniqsa, hozirgi qadamma-qadam takomillashayotgan taʼlim tizimini zamonga mos ravishda modernizatsiya qilish va unda xotin-qizlarga alohida ragʻbat mexanizmlarini joriy etish jarayonlari uning mantiqiy davomidir.

* * *

Bugun masala tarixiy bahs yoki maʼrifiy chaqiriq darajasidan allaqachon chiqib ketgan. Zamonaviy iqtisodiyot inson kapitali tushunchasi atrofida tarkib topdi. Davlatlar qudrati yer osti boyliklari yoki geografik qulaylik bilangina oʻlchanmaydigan, taraqqiyot mezoni jamiyat aʼzolarining bilim darajasi, malakasi, tafakkuri kengligi, ilmiy va texnologik salohiyati bilan belgilanayotgan bir davrda ayollar taʼlimi masalasi ham oddiy ijtimoiy tenglik yoki maʼnaviy adolat mavzusi doirasida qolmasligi tabiiy.

Bu xususda bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Taʼlim darajasi oshishi bilan ayollar mehnat bozorida faolroq qatnasha bosh­laydi. Ayni jarayon iqtisodiyot uchun oddiy statistik koʻrsatkich emas, balki tizimli oʻzgarishdir. Sababi mehnat bozori qanchalik katta boʻlsa, iqtisodiy faoliyat ham shunchalik kengayadi. Ishlab chiqarish hajmi ortadi, xizmat koʻrsatish sohalari, yangi kasb va yoʻnalishlar paydo boʻladi.

Xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar aynan shu jarayonning aniq koʻrsatkichlarini qayd etadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti oʻtkazgan tahlillarga koʻra, soʻnggi yarim asrda rivojlangan davlatlarda ayollar taʼlim darajasining oshishi iqtisodiy oʻsishga sezilarli hissa qoʻshgan. Aholining oʻrtacha taʼlim olgan yillari bir yilga ortganida aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan iqtisodiy ishlab chiqarish hajmi oʻrtacha oʻn foizga yaqin oshishi kuzatiladi. Shu bilan birga, ayollar taʼlim darajasi erkaklar bilan tenglasha borishi iqtisodiy oʻsish surʼatini yanada oshirishi aniqlangan.

Ushbu raqamlar ortida oddiy iqtisodiy mantiq yotadi. Taʼlim insonning bilimi, ­malakasi, mehnat unumdorligini oshiradi. Bilimli mutaxassis yangi texnologiyani tezroq oʻzlashtiradi, murakkab jarayonlarni samaraliroq boshqaradi, yangilik yaratish salohiyatiga ega boʻladi. Jamiyatda shunday insonlar qancha koʻp boʻlsa, iqtisodiyotning ishlab chiqarish quvvati shunga mutanosib ravishda ortadi. Endi tasavvur qilaylik: aholining qariyb yarmi boʻlgan ayollar taʼlim imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmasa, bu qanday oqibatga olib keladi? Bu — ritorik savol. Yaʼni javobi oʻzida.

Mehnat bozori koʻrsatkichlari ham shu mantiqni tasdiqlaydi. Oxirgi oʻn yillikda koʻplab rivojlangan davlatlarda ayollar bandligi keskin oshgan. Masalan, oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki qariyb qirq foiz atrofida edi. Bugun bu koʻrsatkich oltmish foizdan yuqori. Ayrim mamlakatlarda esa u yetmish foizga yaqinlashadi. Tadqiqotchilar aynan shu oʻsish iqtisodiy faollikning kengayishiga sezilarli hissa qoʻshganini taʼkidlaydi.

Ekspertlarning hisob-­kitob­lariga koʻra, agar erkaklar va ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki oʻrtasidagi tafovut kelgusi oʻn yilliklarda yanada qisqarsa, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti qoʻshimcha ravishda oʻn foizdan ortiq kengayishi mumkin. Erkaklar va ayollar bandligi toʻliq tenglashgan taqdirda iqtisodiyot hajmi oʻrtacha oʻn ikki foizga yaqin ortishi ehtimoli mavjud. Shu nuqtayi nazardan, ayollar taʼlimiga eʼtibor mehnat resurslari tarkibini ham tubdan oʻzgartiradi. Avval faqat erkaklar ustunlik qilgan koʻplab sohalarda ayollar ham faol ishtirok eta boshlaydi. Ilmiy tadqiqotlar, tibbiyot, muhandislik, boshqaruv, texnologiya kabi murakkab yoʻnalishlarda ayollarning ulushi ortib borishi esa iqtisodiy faoliyat koʻlamida aks etadi. Masalan, ayrim rivojlangan mamlakatlarda oliy taʼlim olgan yoshlar orasida ayollar ulushi ellik foizdan oshib ketgan. Tibbiyot, biologiya, taʼlim, ijtimoiy fanlar kabi sohalarda bu koʻrsatkich ayrim joylarda oltmish foizga yaqinlashadi.

Tadqiqotchilar yana bir muhim omilni qayd etadi. Mehnat bozorida ayollar ulushi ortgan sari raqobat muhiti ham sogʻlomlashadi. Raqobat kuchayishining esa, oʻz oʻrnida, iqtisodiy samaradorlikka ijobiy taʼsiri bor. Buni tushunish uchun oddiy bir manzarani tasavvur qilish kifoya. Agar jamiyat muhim lavozimlar, ilmiy izlanishlar yoki iqtisodiy tashabbuslar doirasini faqat aholining bir qismi bilan cheklab qoʻysa, bu maydonda raqobat ham tor doirada kechadi. Isteʼdodlar soni kamayadi, tanlov imkoniyati qisqaradi. Oqibatda eng yaxshi natijaga olib keladigan gʻoya yoki yondashuv yuzaga chiqmay qolishi ehtimoli ortadi.

Tarixiy tajribalar masalaga yanada aniqroq tasavvur beradi. Turli mamlakatlar ­taraqqiyot yoʻliga nazar tashlasak, taʼlim siyo­sati, xususan, qizlar taʼlimining kengayishi iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari bilan yonma-­yon kechganini koʻramiz. Bu hodisa ­tasodifiy emas. Inson kapitaliga tayanadigan iqtisodiyotlar oʻz imkoniyatlarini kengaytirish uchun jamiyatning barcha qatlamlarini bilim maydoniga jalb qilishga intiladi. Masalan, Janubiy Koreya bugun yuqori texnologiyalar va sanoat ishlab chiqarishi bilan tanilgan davlatlardan. Oʻtgan asrning olt­mishinchi yillarida esa bu mamlakat qashshoq agrar iqtisodiyotga ega edi. Oʻsha davrda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad 100 dollardan ham kam boʻlgan. Keyingi oʻn yilliklarda taʼlim tizimi keskin kengaytirilib, jumladan, qizlarning maktab va universitetlarga qamrovi yuqori surʼatda oshdi. Maʼlumotlarga koʻra, bugun Janubiy Koreyada oliy taʼlim olayotgan yoshlar orasida ayollar ulushi ellik foizdan yuqori. Eʼtiborlisi, mamlakat iqtisodiyoti misli koʻrilmagan surʼatda oʻsdi: aholi jon boshiga daromad bugun 30 ming dollardan ortiq.

Shunga oʻxshash jarayonlarni Skandinaviya mamlakatlari tajribasida ham koʻrish mumkin. Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiya singari davlatlar eng innovatsion iqtisodiyotlar qatoriga kiradi. Bu mamlakatlarda ayollar taʼlim darajasi juda yuqori boʻlib, universitet bitiruvchilari orasida ayollar ulushi koʻpincha ellik besh foizdan ziyodni tashkil etadi. AQSH ham yorqin misol. Soʻnggi oʻn yilliklarda oliy taʼlim muassasalarini tamomlayotgan yoshlar orasida ayollar ulushi ellik foizdan ancha yuqori. Tibbiyot, biologiya, iqtisodiyot, ijtimoiy fanlar, hatto texnologiya sohalarida ham ayollar faoliyati kengayib bormoqda. Koʻplab tadqiqotlar ilmiy kashfiyotlar, innovatsion startaplar va texnologik gʻoyalar paydo boʻlishida ana shu keng bilimli qatlam muhim rol oʻynayapti.

Boshqa tomondan, ayollar taʼlimi va bandligi past boʻlgan jamiyatlar iqtisodiy imkoniyatlarining sezilarli qismini yoʻqotishi ham kuzatiladi. Jahon banki va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar tahlillari koʻrsatadiki, ayrim mintaqalarda ayollar mehnat bozoridagi ishtiroki erkaklar koʻrsatkichidan deyarli ikki barobar past. Bunday vaziyatda iqtisodiyot ishchi kuchining katta qismidan foydalanmaydi.

Shu oʻrinda yana bir savol tugʻiladi: jamiyatda ayollar taʼlimining kengayishi faqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradimi yoki uning boshqa taʼsirlari ham mavjudmi? Buni qarangki, mazkur jarayon ancha chuqur ijtimoiy natijalarni ham yuzaga keltirar ekan. Demografik tadqiqotlar fikrimizni aniq raqamlar bilan tasdiqlaydi. Jahon banki va BMT maʼlumotlariga koʻra, ayollarning oʻrtacha taʼlim muddati oshgan sari tugʻilish darajasi ham barqarorlashadi, bolalar oʻlimi kamayadi, oilaviy sogʻliq koʻrsatkichi yaxshilanadi. Masalan, boshlangʻich taʼlim olgan onalarning farzandlari orasida bolalar oʻlimi darajasi qariyb ikki barobar past ekani qayd etiladi.

Ilmli ayollarning muhim xususiyati — farzandlari taʼlimiga koʻproq eʼtibor qaratishi. Koʻplab demografik va pedagogik tadqiqotlar koʻrsatadiki, onaning taʼlim darajasi oshishi bilan bolalarning maktabga qatnash darajasi ham ortadi. Yaʼni oʻz-oʻzidan bilimli avlod voyaga yetishi uchun mustahkam zamin paydo boʻladi. Shuningdek, iqtisodiy tahlillarda yana bir qiziqarli tendensiya qayd etiladi. Ayollar daromadi koʻpincha ­oilaning umumiy farovonligiga yoʻnaltiriladi. Ayollar ishlab topgan daromadining katta qismini bolalar taʼlimi, sogʻliqni saqlash va turmush sharoitini yaxshilashga sarflar ekan. Shu orqali ijtimoiy kapital mustahkamlanib, jamiyatda sogʻlom, bilimli va faol avlod ­shakllanish ehtimoli ortadi.

Jahon banki maʼlumotlarida esa koʻplab mamlakatlarda kichik va oʻrta biznes subyektlarining sezilarli qismi ayollar tomonidan boshqarilishi qayd etilgan. Mazkur jarayon iqtisodiyotda yangi ish oʻrinlari yaratilishga, xizmatlar va ishlab chiqarish sohalari kenga­yishiga bevosita aloqador. Alaloqibat ayollar taʼlimi jamiyat taraqqiyotiga ikki tomonlama taʼsir koʻrsatadi. Bir tomondan, mehnat bozorida ishchi kuchi salohiyati kengayadi, ikkinchi tomondan, kelajak avlodning bilim va malaka darajasi oshadi. Shu bois, zamonaviy iqtisodiy siyosatda ayollar taʼlimini kengaytirish masalasi tobora koʻproq strategik ahamiyatga ega. Taʼlim tizimining ochiqligi, qizlarning oliy taʼlimga kirish imkoniyatlari, ilmiy faoliyatda ayollar ulushining ortishi — bularning barchasi inson kapitalini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shunday qilib, masalaning asl mohiyati haqida mushohada yuritar ekanmiz, ayollar taʼlimi atrofidagi bahslar koʻpincha maʼlum bir imtiyoz atrofidagi tor savol doirasida kechsa-da, uning ortida qanchalik keng mavzular mundarijasi turganiga amin boʻldik. Demak, ushbu jarayon asta-sekin ijtimoiy tasavvurlarni ham oʻzgartiradi: insonning qadri uning kelib chiqishi yoki jinsi bilan emas, egallagan bilim va bajarayotgan ishining samarasiga qarab baholangandagina olgʻa siljish boʻladi. Shu sabab ayollar taʼlimi masalasi alohida guruh manfaatiga daxldor masala boʻlmay, jamiyatning umumiy rivojlanish yoʻnalishini belgilaydigan asosiy omillardan biridir.

Asliddin ABDURAZZOQOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri