Global darajada ham, mamlakatimiz uchun ham ustuvor vazifa

    Kuni kecha oʻtkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisida Davlatimiz rahbari 2025-yilni yurtimizda aholining fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha oʻrganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.

    Hozirgi kunga kelib insoniyatning atrof-muhitga taʼsiri tobora kuchayib bormoqda, natijada hayotni doimiyligini taʼminlaydigan asosiy jarayon, yaʼni tabiiy muvozanatni buzilishiga, yer yuzasining koʻpgina hududlarida noqulay ekologik sharoitlarning paydo boʻlishiga, mahalliy, mintaqaviy va global darajadagi ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi, iqlimning oʻzgarishi va chiqindilar bilan bogʻliq muammolar, Orolboʻyi fojiasi, tabiiy ofatlar, anomal ob-havo aholining xavotirlariga sabab boʻlmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bugun mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga ekologik muammolar haqiqiy tahdid solmoqda.

    Buning natijasida ekologik xavfsizlik oʻzining dolzarbligi hamda juda zarurligi bilan insoniyatning buguni va ertasi uchun eng muhim muammolari jumlasiga kirishga ulgurdi. Xalqaro huquqiy tajribalar, zamonaviy fan, texnika va texnologiyalar asosida ekologik xavfsizlikning mukammal tizimini shakllantirish esa yuqorida koʻrsatilgan muammolarni bartaraf etish va Oʻzbekiston milliy xavfsizligini taʼminlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Yaʼni, tabiiy voqeliklarni anglagan xolda, muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlab, salbiy holatlarni tuzatishga ijobiy tarzda yondashib, tabiat qonunlarini hisobga olib, fan-texnika yutuqlari, “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida hal qilish muhim omillardan hisoblanadi. Zero, “Yashil taraqqiyot”ga erishish uchun “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishimiz va uni rivojlantirishimiz lozim boʻlmoqda.

    “Yashil iqtisodiyot” nima?

    “Yashil iqtisodiyot” – bu iqtisodiy tizim boʻlib, uning asosiy maqsadi sayyoramiz ekologiyasi va uni saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan. «Yashil iqtisodiyot» deganda, inson hayoti va sogʻligʻi uchun zarur boʻlgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani bir butun holda saqlab qolib ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan bogʻliq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni amalga oshirishga asoslangan iqtisodiy faoliyatning yangi yoʻnalishi tushuniladi. Bunda inson, tabiat va iqtisodiyotning bir-biri bilan uygʻun va barqaror rivojlanishini taʼminlagan holda harakat qilish lozim boʻladi.

    “Yashil” iqtisodiyotni shakllantirish va uning barqaror rivojlanishiga oʻtish global darajada ham, Oʻzbekiston uchun ham ustuvor vazifalardandir. Barqaror rivojlanish konsepsiyasi insoniyat kelajagi uchun muhim manba boʻlib, u BMTning qaror va hujjatlarida oʻz ifodasini topgan. Barqaror rivojlanishning iqtisodiy ekologik asosi, bu “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirishdan iboratdir.

    Xulosa qilib aytganda, yashil iqtisodiyot mavjud resurslardan tejamkorona foydalangan holda har tomonlama zararsiz ishlab chiqarish jarayonini yoʻlga qoʻyish hamda ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan tizimdir. Yashil iqtisodiyot nazariyasining bugungi kunda bu qadar kengquloch ochishining asosiy sababi, bu mavjud ekologik muammolarning global ahamiyat kasb etayotgani hamda yashil iqtisodiyot taklif etayotgan tovar va xizmatlarning aholi ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilganligida deyish mumkin. Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyotni keng joriy etish mamlakat tabiiy resurslaridan yanada oqilona foydalanish, turli xil ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining eko-savodxonligini oshirgan holda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga sharoit yaratadi.

    Prezidentimizning uzoqni koʻra oladigan oqilona siyosati tufayli 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilingani kelajak avlod uchun ekologik toza va farovon hayotni taʼminlaydi.


    Muhayyo ISMAILOVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent shahar boʻlimi rahbari