Oydin taqdirlar yoʻli — xalqaro sammitlarda Oʻzbekiston tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etdi

    Prezidentimiz 2050-yilga qadar issiqxona gazini kamaytirish va “yashil” energetika ulushini 40 foizga yetkazish uchun qilinayotgan ishlar haqida soʻzladi, 5 yoʻnalishda tashabbuslar bildirdi. Muhimi, Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishlari boʻyicha qilinayotgan ishlar, ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish borasidagi rejalar haqida jahon hamjamiyatini xabardor etdi.

    Bundan tashqari, global darajadagi ekologik muammo — Orol fojiasi, uning yechimi boʻyicha hududda bajarilayotgan ishlar, bu yerdagi aholi turmush darajasini koʻtarish borasidagi mamlakat yetakchisi harakatlari butun dunyo eʼtirofiga sazovor boʻldi.

    Ogʻriqli boʻlsa-da, qayd etish kerak, yaqin oʻtmishda paxta yakkahokimligi asorati sifatida Amudaryo va Sirdaryo suvlari choʻllarga singib ketdi, Orolga yetarli suv bormadi, oqibatda dunyodagi eng yosh sahro — Orolqum paydo boʻldi. Orolqumda koʻtarilgan shamol tuzli changni yetarlicha global muammoga aylantirib ulgurdi.
    Mazkur global muammolarga xalqaro darajada yechim izlash maqsadida tadbir doirasida tashkil etilgan Xiva hovlisi qiyofasidagi Oʻzbekiston milliy pavilyoniga Orol dengizidan suv keltirib qoʻyilgani ham bejiz emas, albatta. Ushbu xalqaro platformada suv orqali jahon jamiyatiga Orol fojiasini eslatish ham dunyoni hamkorlikka chaqirishga chinakam amaliy ishoradir.

    Oʻzbekiston 2017-yilda Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha majburiyatlar olgan. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Dubayda va bu yil Bokuda oʻtkazilgan sammitda ushbu kelishuv boʻyicha bajarilgan ishlarni va yangi milliy tashabbuslarni xalqaro jamoatchilikka yetkazdi.

    Soʻnggi yillarda yurtimiz juda koʻplab mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun jadal harakatlar qildi va pirovardida oʻz maqsadiga erishdi. Sababi esa oydin — mamlakatni rivojlantirishda, aholi turmush tarzini yaxshilashda, albatta, xalqaro darajada iqtisodiy oʻzgarishlar suv va havo kabi zarur. Bu iqtisodiy oʻzgarishlar zamon talablariga mos va xos tarzda kechishi esa zamon talabi.

    Saudiya Arabistonida ham Oʻzbekiston uchun manfaatli boʻlgan koʻplab xalqaro loyihalar bor va bu loyihalarning aksariyati hozir amalda. Prezidentimizning mazkur mamlakatdagi uchrashuvlarida ham aynan mana shu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, zamon talablari asosida energetikani koʻproq ishlab chiqarish, shamol elektrostansiyalarini barpo etish va ulardan oqilona foydalanish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalari ustunlik qildi.

    Bugun butun dunyoda bir yakdil pozitsiya, yaʼni doʻst-birodar boʻlib yashash, muammolarga birga yechim topish va oʻzaro hamkorlik, tinchlik maqsadlari mushtarak boʻlmoqda. Jahon ayvonidagi ogʻriqli vaziyatlar ham chetda qolgani yoʻq, Falastin voqealari eslandi, munosabatlar bildirildi va davlatimiz rahbari sammitda oʻz insonparvar gʻoyalarini ilgari surdiki, natijada Falastindagi bolalar va ayollarga Oʻzbekistonda davolanish imkoniyati berildi. Eng ahamiyatlisi, bu juda katta insonparvarlik tashabbusi va oʻz navbatida, dunyo eʼtirofiga loyiq jasoratdir. Bu tashabbus dunyoga Oʻzbekistondagi insonparvarlik siyosatini koʻrsatib beribgina qolmay, jahonga “bolalar, ayollar qiynalmasin” degan oʻzbekona pozitsiyani targʻib etdi. Shu bois, Prezidentimizning ushbu tashabbusi olqishlandi, qoʻllab-quvvatlandi.

    Yangi bosqichda yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur hamkorlik natijasida energetika, bank tizimi rivoji, sogʻliqni saqlash sohasi taraqqiyoti, islom moliyasida boshlangan amaliy ishlar hamda ilmni isloh qilish boʻyicha olib borilayotgan katta harakatlar oʻz mevasini bera boshlaydi va aholi farovonligi, xalqning munosib turmush sharoiti, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim boʻgʻin boʻladi.

    Bizni quvontirayotgan voqelik shundaki, rivojlanayotgan davlatlar bugun toʻqnash kelayotgan ekologik muammolarga — tabiiy resurslar, toza havo, toza suv, toza tuproq himoyasiga aynan Oʻzbekiston yetakchisi xalqaro maydonda muhim yechimlar koʻrsatib kelmoqda.


    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor

    

    Hamkorlik materiali