Global iqlim o‘zgarishi

    Yer kurrasi shunday mukammal va murakkab ekotizimki, unda yirik va mayda hayvonlar, oʻsimliklar qatori hasharot va bakteriyalarning ham oʻz oʻrni bor.

    Koronavirus insoniyat boshiga koʻp kulfat keltirdi. Pandemiya hayotimizga bevosita bogʻliq boʻlgani uchun uning koʻlami, oqibatlarini oʻz tanamizda his qildik. Virusning zararli taʼsirini kamaytirish, tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun turli himoya vositalarini ishga soldik. Cheklovlar qoʻlladik. Birgina koronavirus pandemiyasi insoniyat hayotini va iqtisodiyotni naqadar tez izdan chiqarib yuborganiga guvoh boʻldik.

    Vaholanki, tabiat faqat odamzoddan iborat emas. Biz bilan yonma-yon hayvonot va nabotot olami ham hayot kechiradi. Shu oʻrinda oʻsimliklar dunyosiga xavf soladigan viruslar, turli zararkunanda mikroorganizm va hasharotlar borligini, qishloq xoʻjaligi ekinlari doim bu zararkunandalar hujumi ostida yashashini taʼkidlash oʻrinli. Shuni hisobga olsak, oʻsimliklarni himoya qilish qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning kafolati deyish sira mubolagʻa boʻlmaydi.

    Prezidentimiz raisligida shu yil 25-may kuni oʻsimliklarni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda bu borada yangi tizim yaratish, hududlarda shunga oid xizmatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 30-may kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida oʻtgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” ikkinchi xalqaro sammitida davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbusga dunyo hamjamiyati yuqori baho berdi.

    Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yengib oʻtish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini taʼminlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim boʻyicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari oʻrin olgan edi.

    Davlatimiz rahbari oʻsimliklar himoyasi tizimiga oid taʼkidlagan masalalarning mazmun-mohiyati xuddi sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha berilgan topshiriqlarning qishloq xoʻjaligiga tom maʼnodagi “translyatsiyasi” boʻldi. Jumladan, ekinlarni himoya qilishda kasallik oʻchoqlari bilan fermer dalalari kesimida kurashish, zararkunandalarni chuqur oʻrganish va ularning tarqalishiga qarshi ilmiy asoslangan profilaktika hamda kurash choralarini karantin nazorati bilan hamohang amalga oshirish, bu jarayon vakolatli davlat organi tomonidan toʻliq nazoratga olinishi qatʼiy belgilab berildi.

    Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini taʼminlash, eksport hajmini oshirishda oʻsimliklar himoyasi juda muhim tizim hisoblanadi. Biolog olim sifatida ushbu sohada Prezidentimiz ilgari surgan islohotlarning qanchalik jiddiy va muhim ekani haqida toʻxtalmoqchiman.

    Qishloq xoʻjaligi sohasida oʻsimliklarni tekshiruvdan oʻtkazadigan tizim joriy etilganiga qaramay, bu faoliyat asosan mamlakatimizga kirib kelayotgan urugʻ, koʻchatlar nazoratiga yoʻnaltirilgan. Gap shundaki, hozir biror kasallikka chalingan oʻsimliklarga ishlov bergan qishloq xoʻjaligi texnikalari zararkunandalardan xoli dalalarga ham kirib ketaveradi. Shuningdek, dalada ishlaydigan dehqonlar ham zararlangan yer maydonlari oralab hech qanday ehtiyot choralarisiz oʻtib yurishi tabiiy holga aylangan. Demak, kishilarning oʻzi ham qishloq xoʻjaligi ekinlari kasalliklarining tarqalishiga sababchi boʻlmoqda. Shu bois, oʻsimliklarni himoya qilish uchun ham xuddi pandemiya davridagi karantin qoidalari kabi qatʼiy cheklov tizimi, boshqacha aytganda, regulyator oʻrnatilishi kerak.

    Endi bu borada qatʼiy intizomiy choralarni joriy qiladigan davlat organi paydo boʻldi. Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi xuddi sogʻliqni saqlash tizimidagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati kabi qishloq xoʻjaligi sohasida epidemiologik xizmat koʻrsatuvchi organ rolini bajarishi lozim.

    Bugun Yer yuzida global iqlim oʻzgarishi kuzatilmoqda. Sayyoramizdagi oʻrtacha harorat oʻtgan oʻttiz yilda bir daraja oshdi. Hasharot va zararkunandalarning yangi turlari paydo boʻldi. Bu juda katta muammo. Deylik, Oʻzbekistonda qish ilgarigidek sovuq boʻlmayapti. Bahor erta boshlanayotgani tufayli oʻsimliklar uygʻonguncha uxlab yotadigan hasharotlar ularning uygʻonishini kutib, oziqlanishga tayyor turibdi. Oʻsimlik hali oʻzini oʻnglamasidan turib, hasharotlar unga chang solyapti va ekinlarga katta zarar keltirmoqda...

    Keling, shu vaziyatga boshqacha nazar bilan qaraylik. Hasharotlar ham biologik tur sifatida yashashi va koʻpayishi kerak. Masalan, paxtani terib olganimizdan keyin gʻoʻzapoyasi olib ketiladi. Yerga gumus sepilmaydi. Natijada tuproqdagi koʻzga koʻrinmas mikroorganizmlar och qoladi. Shuning uchun ham ular bahorda unib chiqqan oʻsimlikni yeyishga tayyor turadi. Deyarli barcha tuproq mikroorganizmlari “saprofit organizmlar”, yaʼni chirindixoʻrlar guruhiga mansub. Ulardagi bu xususiyatning foydali tomonlari ham bor, albatta. Lekin yerda chiriydigan narsaning oʻzi qolmasa, ular oziqlanishga qiynaladi. Masalan, hozir Buxoro viloyatida yangi fuzarioz turdagi vilt kasalligining koʻpayishiga aynan mana shu omilni sabab qilib koʻrsatish mumkin. Viloyatda 25 ming gektar maydonni vilt bosgan. Buning asosiy sababi, birinchidan, viloyatda uzoq yillar davomida Buxoro gʻoʻza navi ekilishi va unda tabiiy fuzarioz viltiga moyil ingichka tolali gʻoʻza genotipi mavjudligi boʻlsa, ikkinchidan, gʻoʻzapoyaning daladan tag-tugi bilan olib ketilishidir.

    Hozir koʻp joylarda gʻoʻzapoyaning koʻr-koʻrona maydalanib, dalaga sepilishi natijasida zararkunanda keng tarqalmoqda. Agar tuproqda “oʻlik” chirindi yetarli boʻlsa, zararkunandalar qish boʻyi shular bilan oziqlanadi va ekinlarga bu qadar tajovuzkor hujum qilmaydi. Dala maydonlariga sepiladigan oʻgʻit, bir tomondan, oʻsimliklarga ozuqa boʻlsa, ikkinchi tomondan, turli tuproq zararkunandalarini ham ozuqa bilan taʼminlaydi. Natijada yaxshi oʻgʻitlangan va zararkunanda hujumiga uchramagan dala yuqori hosil beradi.

    Yer kurrasi shunday mukammal va murakkab ekotizimki, unda yirik va mayda hayvonlar, oʻsimliklar qatori hasharot va bakteriyalarning ham oʻz oʻrni bor. Biror hasharot yoki zararkunandani butkul yoʻqotishga urinish, ularga qarshi kurash agrotexnologiyalariga rioya qilmaslik zararkunandalarning kurashuvchanligini oshiradi.

    Avvallari beda qandalasi asosan bogʻlar orasidagi bedazorda uchrardi. Hozir bu zararkunanda gʻoʻzaga katta zarar yetkazyapti. Sababi, beda qandalasi oziqlanib, nasl qoldirishi uchun sharoit oʻzgardi. Endi u yangi ozuqa manbaiga oʻta boshladi. Zararkunandalarning bir ekin turidan ikkinchisiga tez oʻtayotgani zamirida ham global isish davrida kuzatilayotgan qurgʻoqchilik, zararkunandalarga qarshi keskin kurashishda ularning biologiyasi bilan hisoblashmaslik kabi omillar yotibdi.

    Jahon ahli koronavirus bilan yashashni oʻrganayotgani kabi zararkunandalar bilan yashashni ham oʻrganishi kerak. Buning uchun insoniyat nafaqat oʻzi uchun ozuqa yaratish, balki bu jarayonda atrofdagi tirik hayotni buzmaslik haqida ham oʻylashi zarur. Ana shunda ekologik muvozanat buzilishining oldi olinadi.
    Dunyo miqyosida “qopqon” agrotexnologiyalari ishlab chiqilayotgani bejiz emas. Bu jarayonda dalada zararkunandalar oziqlanishi uchun ataylab maxsus hududlar barpo etiladi. Shu bilan katta iqtisodiy samaraga erishiladi. Aksincha, hasharotlarga qarshi kimyoviy kurash olib borish ularning yoʻqolishiga emas, balki yana-da chidamli turlarning paydo boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Demak, ularning tabiiy arealini saqlab qolish, ekologik muvozanatni taʼminlashga qaratilgan agrotizim yaratish Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va yashil iqtisodiyoti uchun oʻta muhim.

    Ushbu yoʻnalishda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan vilt kasalligi, beda qandalasi, Kolorado qoʻngʻizi, nematoda chuvalchangi, pomidor kuyasi, qovun pashshasiga qarshi zamonaviy kurash choralarini yaratishga qaratilgan ilmiy loyihalarga grantlar ajratildi. Endi Prezidentimiz vazifa qilib bergan yangi yoʻnalish — oʻsimliklar karantini sohasi b ilan uygʻunlashgan izlanishlarga grant loyihalar tanlovini eʼlon qilamiz.

    Yana bir katta muammo oʻgʻitlar bilan bogʻliq. Qoidaga koʻra, yerga solingan oʻgʻit proporsiya jihatdan hosildorlikni oshirishi kerak. Lekin mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida bu holat kuzatilmayapti. Masalan, avvallari paxtachilikda bir gektar yerga 150 kilo nitrat oʻgʻiti solinardi. Keyin u oshirilib, hozir gektariga 600 kilogrammga chiqdi, ammo ahvol oʻsha-oʻsha. Bu iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq. Ob-havoning isishi, intensiv quyosh nuri taʼsirida fotosintez jarayoni tezlashdi. Fotosintez, bu — yaproqda glyukoza sintezi boʻlishini anglatadi.

    Hosil boʻlgan glyukoza poyadagi floemadan pastga harakatlanib, ildizga yetib borishi kerak. Buning uchun esa suv poya naychalari orqali yuqoriga koʻtarilishi lozim. Suv tepaga yurishi uchun nitrat nasosi ishga tushadi. Demak, Oʻzbekiston uchun muhim ekin — gʻoʻzada fotosintez jarayoni bir necha barobar tezlashgan. Natijada glyukoza koʻproq sintez boʻlmoqda. Uni ildizga olib borish uchun oʻsimliklar yana-da koʻp nitrat talab qilyapti. Yuqori haroratda oʻsimlik biomassasi ortyapti. Toʻgʻri, gʻoʻza koʻp koʻsak hosil qilyapti, lekin pishmayapti. Sababi, koʻsak pishishi uchun fundamental oʻsimliklar fiziologiyasi qonuniyatlariga koʻra, azotning fosforga nisbati aniq saqlanishi kerak.

    Endi tasavvur qiling: havo jazirama, tuproqda nitrat miqdori oshib ketgan, glyukoza sintezi tezlashgan, barglarda hosil boʻlgan shakarni “pastga” tushirib, suvni koʻtarish kerak. Oʻsimlik nitratni uch baravar koʻp olyapti, lekin fosfor yetishmayapti. Koʻsak koʻp, lekin proporsiya buzilgani uchun ochilmayapti. “Shuncha nitrat solinyapti, hosildorlik qani?” degan savolga javob yoʻq. Sababi, global iqlim oʻzgarishida NPK (nitrat, fosfor, kaliy)ning yangi formulasi ishlab chiqilmagan. Fosforli va kaliyli oʻgʻitlar miqdorining koʻr-koʻrona oshirilishi esa tuproqqa katta zarar yetkazishi va yerni yaroqsiz holga keltirishi mumkin. Qolaversa, fosforli oʻgʻitlar miqdorini koʻpaytirish qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish tannarxining keskin oshishiga sabab boʻladi.

    Shuning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi Prezidentimiz ilgari surgan tashabbusdan kelib chiqib, global iqlim oʻzgarishi sharoitida NPKning yangi formulasini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarga buyurtma berdi. Muammoning tezkor yechimini topish chorasini izlamoqda. Shuningdek, vazirlik barcha viloyat va tumanlarda “tuproq klinikasi”ni tashkil etish loyihasini innovatsion hududlardan boshladi. Bu jarayonda muayyan hududdagi yer maydonining tuzilishi va tarkibi oʻrganiladi. Aynan shu tuproqqa yetishmayotgan kimyoviy elementlarni qoʻllash orqali hosildorlikni koʻpaytirish, yer unumdorligini oshirish mumkin.

    Yana bir muammo — global isish tufayli kunduzgi va tungi harorat oʻrtasidagi farq haddan ziyod qisqarib ketdi. Yaʼni meʼyor buzilgan. Ilgari kunduzi 50 daraja issiq boʻlsa ham kechasi harorat 19-20 darajaga tushardi. Shuning uchun gullarning changlanishi oson kechardi. Hozir esa oʻsimlik gullaydi, lekin gullari changlanmagani uchun meva tugmaydi. Dalalarga chiqsangiz, bu holatga guvoh boʻlasiz. Masalan, gʻoʻzaning birinchi gullagani koʻsak tukkan, qolganlari esa gulligicha turibdi. Chunki hozir kunduzi Oʻzbekistonda tuproq 40-45 darajagacha qizisa, kechalari harorati 35 darajadan pasaymayapti.

    Orol dengizi quridi. Muzliklar eridi. Bir necha oʻn yillar avval aynan shu togʻlardagi muzliklardan sovuq havo oqimi kelib, tungi havoni sovitardi. Hozir esa garmsel odatiy iqlim sharoitiga aylandi. Shuning uchun hosildorlik kamaygan. Vaziyatni toʻgʻrilashning yagona yoʻli — issiqqa chidamli oʻsimliklar navini yaratish va yuqori haroratda hosil tugishi uchun ekinlarga yangi avlod biostimuyatorlari bilan yordam berish. Olimlarimiz hozir aynan mana shu masalalar ustida izlanish olib boryapti.

    Global iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlayotgan yana bir katta muammo — havoda karbonat angidrid gazi koʻpayishi va “issiqxona effekti” natijasida oʻsimliklarni himoyalash, oʻgʻitlash va gulning changlanib meva tugishidagi murakkabliklarning yuzaga kelishi. Aslida karbonat angidridning havoda koʻpayishi oʻsimliklar uchun ayni muddao. Ular bu gaz bilan oziqlanadi, lekin u haddan ziyod koʻpaysa, oʻsimliklar gullashiga teskari taʼsir qiladi. Tayyor ozuqa turganda oʻsimliklarning gullash surʼati keskin pasayadi. Olimlarning fikricha, keyingi yuz yilda havoda karbonat angidrid miqdorining oshishi tufayli oʻsimliklar toʻla gullamay qolyapti.

    Shuning uchun dunyo iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligi havodagi karbonat angidrid miqdorini kamaytiruvchi yashil texnologiyalarni rivojlantirish bilan chambarchas bogʻliq. Bugʻdoy va gʻoʻza insoniyatga havodagi karbonat angidridni kamaytirishda yordam beradigan oltita oʻsimlik qatorida qayd etilyapti. Bu ekinlar yurtimizdagi asosiy maydonlarga ekilishini inobatga olsak, Oʻzbekiston dunyo yashil iqtisodiyotiga katta ulush qoʻshishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas.

    Yuqorida aytilganidek, fotosintez jadallashuvi natijasida bugʻdoy va gʻoʻzada karbonat angidrid gazi koʻp oʻzlashtirilmoqda. Barglarda hosil boʻlgan glyukoza qutblanishi natijasida ildizda toʻplanadi, biroq ildiz yana chirishi oqibatida yangidan karbonat angidrid gazi ajraladi va havoga qaytadi. Deylik, yangi navlar yaratish orqali fotosintez natijasida hosil boʻlgan glyukozaning oʻsimlik ildizida sekinroq parchalanishiga erishilsa, muammo bartaraf etiladi. Havodagi ortiqcha gaz samarali tarzda biopolimerga aylantirilib, uni yer bagʻrida uzoqroq saqlash va pirovardida “issiqxona effekti”ni kamaytirish imkoni tugʻiladi.

    Hozir oʻsimliklar fotosintezi yana-da jadallashgan, karbonat angidrid gazini tez oʻzlashtiruvchi, shu bilan birga, hosil boʻlgan glyukozani sekin parchalanuvchi suberinga aylantirib, ildizda toʻplaydigan ilmiy loyihalarga buyurtma berilib tadqiqotlar oʻtkazilmoqda.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan global iqlim sharoitida oʻsimliklarni himoya qilish, oʻgʻitlash va yangi avlod biostimulyatorlari va oʻgʻitlarini yaratish, issiqqa chidamli, karbonat angidrid gazini oʻzlashtiruvchi nav hamda samarador texnologiyalarni yaratishga oltita vazirlik va idora tasarrufidagi oʻn uchta ilmiy tashkilot hamda oliy taʼlim muassasalarining 360 dan ortiq ilmiy xodimi jalb etilgan.

    Soha boʻyicha mustaqil ekspertlar ishtirokida qirq bitta yangi ishlanmani tijoriylashtirish yuzasidan tashkiliy choralar koʻrilmoqda. Yangi mexanizmlar asosida oʻsimliklarni himoya qilishning samarador texnologiyalarini yaratish boʻyicha 2021-yilda umumiy qiymati 31,6 milliard soʻmlik 52 ta loyiha bajarilmoqda. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida muntazam loyiha tanlovlari eʼlon qilinmoqda. Sohada mavjud muammolarning koʻlami juda keng. Hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda, sugʻorish manbalari va tizimlarini yangilash, suv va tuproq xususiyatlarini yaxshilash va doimiy monitoringini yoʻlga qoʻyish, resurslarni tejash va ulardan optimal foydalanish, mineral va tabiiy oʻgʻitlarni qoʻllashning samarali va natijador usullarini ishlab chiqish zarurati katta. Shuningdek, flora va faunaning barqaror muvozanatini tiklash, genetika va seleksiyaning yangi usullaridan foydalangan holda yangi navlar yaratish, sinash va joriy qilish kabi ishlar katta ilmiy salohiyat, koʻplab resurslar bilan birga, keng koʻlamli, uzoqni koʻzlagan yondashuvni ham talab qilmoqda.

    Prezidentimiz oldimizga qoʻygan vazifalar zamonaviy samarador innovatsiyalarni qishloq xoʻjaligiga tatbiq qilish bilan birga, yetarli bilim va tajribaga ega kadrlar zaxirasini shakllantirishni ham koʻzda tutadi. Bu jarayonda sohaga xos yangi paydo boʻlgan va ilgʻor mamlakatlarda samarali qoʻllanayotgan yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash katta ahamiyatga ega. Mazkur vazifalarning ijrosida ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan usullarni qoʻllash esa mamlakatimizda oʻsimliklar genofondini saqlash, sifatli mahsulot yetishtirish va ularni qayta ishlash, xalqaro andozalarga mos mahsulotlar eksportini oshirishda katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik