Prezident parlament majlisidagi nutqida eng koʻp qaysi soʻzlarni ishlatdi?

    Fan 25 Noyabr 2024 153

    Prezident “hukumat« soʻzini 29-marta, «aholi” va “davlat” soʻzlarini 18-marta, “rahbar” soʻzini 16-marta, “qonun” va “dastur” soʻzlarini 15-marta, “iqtisodiyot” soʻzini 14-marta va “tizim” soʻzini 13-marta ishlatgan.

    2024-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Bosh vaziri lavozimiga nomzodni koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi va unda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

    Prezident oʻz nutqida deputatlar va siyosiy partiyalar vakillari bilan faol muloqot oʻrnatib, ularning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki muhimligini taʼkidladi.

    Davlatimiz rahbari erishilgan natijalarga eʼtibor qaratib, besh yillik davr yakunlarini sarhisob qildi va 2030-yilgacha boʻlgan strategik maqsadlarni belgilab oldi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) mutaxassislari ushbu nutqning mamlakatning strategik rivojlanishiga oid lingvistik tahlilini oʻtkazdilar.

    Ushbu tahlil nafaqat nutq mazmunini, balki uning Oʻzbekistondagi siyosiy muhit va jamoatchilik idrokiga taʼsirini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, bu esa hukumat va jamiyatning oʻzaro hamkorligi kelgusi besh yilga moʻljallangan maqsadlar doirasida mamlakat kelajagini shakllantirishga qanday taʼsir qilishini koʻrsatadi.

    Tahlil quyidagilarni koʻrsatdi:

    Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida jami 3318 ta soʻz ishlatgan. Eng uzun soʻzlar 23 harfdan iborat boʻlib, bu siyosiy va iqtisodiy mavzularga xos murakkab atamalar mavjudligini koʻrsatadi. Shu bilan birga nutqda qoʻllanilgan soʻzlar oʻrtacha 7 ta harfdan iborat boʻlgan.

    Nutq matnidan soʻzlar buluti hosil qilindi va bu nutqdagi eng muhim mavzularni tasavvur qilish imkonini yaratadi hamda Oʻzbekistondagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

    1-rasm. Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20.11.2024-yilda oʻtkazilgan majlisidagi nutqida eng koʻp qoʻllanilgan soʻzlari

    Prezident nutqining lingvistik tahlilida asosiy kalit soʻzlar, «hukumat« soʻzi 29-marta, “aholi” va “davlat” soʻzlari 18-marta, “rahbar” soʻzi 16-marta, “qonun” va “dastur” soʻzlari 15-marta, “iqtisodiyot” soʻzi 14-marta va “tizim” soʻzi 13-marta ishlatilgan.

    “Mamlakat” va “deputat” soʻzlari 9-marta qoʻllangan boʻlsa, “Oʻzbekiston”, “xalqimiz”, “xizmat” va “sifat”, “parlament” soʻzlari 8-marta, “investitsiya” va “imkoniyat”, “vazirlik” soʻzlari 7-marta, “energiya”, “taʼlim” va “yoshlar” soʻzlari 6-marta tilga olingan.

    Ikki soʻzli iboralarni tahlil qilib, shuni taʼkidlash mumkinki, “Vazirlar mahkamasi” iborasi 6-marta, “Markaziy Osiyo”, “Bosh vazir” iboralari 5-marta, “yangi hukumat” iborasi 4-marta qoʻllanilgan. “Yangi Oʻzbekiston”, “tashqi siyosat”, “kambagʻallikni qisqartirish” iboralari esa 3-marta tilga olingan.

    Uch soʻzdan tashkil topgan iboralardan “kelgusi besh yil” iboraci 5-marta, “yalpi ichki mahsulot” iboraci 3-marta, “parlament va hukumat”, “ijro etuvchi hokimiyat”, “jon boshiga daromad” va “suv tejaydigan texnologiya” iboralari 2-marta tilga olingan.

    Shunday qilib, tahlilda davlat siyosatining boshqaruv, iqtisod va ijtimoiy masalalar kabi eng muhim jihatlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Yoʻnalishlar va ularda ishlatilgan soʻzlarning oʻzaro bogʻlanishi

    2-rasm. Yoʻnalishlar va ularda ishlatilgan soʻzlarning oʻzaro bogʻlanishi

    Taqdim etilgan tahlilda davlat siyosatining turli yoʻnalishlari oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatadigan kalit soʻzlar taʼkidlangan.

    Yalpi ichki mahsulot hajmini oshirishda kalit soʻzlar «aholi«, «mahsulot«, «imkoniyat« va «tizim« hisoblanadi. Bu soʻzlar resurslarni samarali boshqarish va oʻsish uchun imkoniyatlar yaratish muhimligini taʼkidlaydi.

    Iqtisodiy oʻsish surʼatini oshirish yoʻnalishida «hukumat«, «eksport«, «investitsiya«, «xizmat« va «texnologiya« soʻzlari asosiy oʻrin egalladi. Ular iqtisodiyotni ragʻbatlantirishda davlat va xususiy sektorning roliga eʼtibor qaratmoqda.

    Kambagʻallikni kamaytirishda «mahalla«, «oila«, «aholi«, «dastur« va «taʼlim« kabi soʻzlar markaziy oʻrinni egalladi. Bu atamalar mahalliy jamoalar va taʼlim sharoitlarini yaxshilashga qanday yordam berishini koʻrsatadi.

    Shu bilan birga, iqtisodiyot va aholi daromadlarini oʻstirish yoʻnalishida «sanoat«, «energiya«, «hukumat«, «daromad« va «investitsiya« soʻzlariga alohida urgʻu berilgan. Bu iqtisodiyotni rivojlantirish va turmush darajasini oshirishga kompleks yondashuv zarurligini koʻrsatadi.

    Sogʻliqni saqlash, taʼlim va sportni rivojlantirishga tegishli kalit soʻzlar «hukumat«, «tibbiy«, «taʼlim«, «sifat« va «maktab« muhim ahamiyat kasb ettirdi. Ushbu atamalar inson kapitaliga sarmoya kiritish muhimligini taʼkidlaydi.

    «Qonun«, «rahbar«, «hukumat«, «hamkorlik«, «parlament«, «deputat«, «davlat« va «sifat« terminlari davlat xalqqa xizmat koʻrsatishi shart yoʻnalishida muhim ahamiyat kasb etdi.

    Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilishda «Osiyo«, «davlat«, «mintaqaviy« va «hamkorlik« soʻzlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

    2025-yilni nomlash mavzusi «yashil energiya«, «iqlim«, «atrof-muhit« va «asrash« atamalari bilan bogʻliq.

    Shunday qilib, yuqoridagi tahlildan koʻrinadiki, mamlakat iqtisodiyoti va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha kompleks yondashuv qoʻllanilib, har bir yoʻnalishda aniq strategik maqsadlar va amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab berilgan.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi