Hadislar sultonining hidoyat sari yo‘li

    Xorijiy davlatlarga borgan ko‘plab yurtdoshlarimiz guvohligidan bildikki, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy musulmon mamlakatlarda ayniqsa qadrlanib, uning yurtidan kelgan insonlarga alohida ehtirom va hurmat bilan qaralar ekan.

    Hattoki, islom olamida haj safaridan keyin Imom al-Buxoriy qabrini ziyorat qilish kichik haj safariga tenglashtiriladi. Boisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy dinshunoslikda taʼlif etilgan toʻplamlarga faqat «sahih» – toʻgʻri, ishonchli hadislarni kiritish yoʻnalishining asoschisi, islom olamida eng yetuk va mashhur muhaddisdir. U inson hali juda yoshlik chogʻlaridan ilmi hadisni oʻrganmoqqa kirishgan. Muborak haj safarini ado etib, bir muddat Makkada yashab qolgan. Soʻng Muhammad alayhissalomning hadisi shariflarini toʻplab, tartibga solmoq niyatida bir qancha islom mamlakatlarini kezib, shayxu ulamolardan koʻplab hadislar yozib olgan, ularni jamlab, sayqallab, musulmonlarga, ahli ilmlarga taqdim qilgan. Betinim mehnatlari evaziga hadis ilmi bobida quvvatu iqtidorlari benihoya ortib, islom olamida katta shuhrat qozongan. Minglab shogirdlar yetishtirgan va hadisshunoslik ilmining asoschisiga aylangan.

    Imom al-Buxoriy oʻzining asarlari bilan islom olamiga buyuk xizmatni amalga oshirdi. Kelajak avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirdi. U yozgan asarlar esa oʻzining hajmi, zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini toʻla-toʻkis qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi. Uning eng tahsinga loyiq mehnat mahsuli bu “Al-jomeʼ as-sahih» toʻplami boʻlib, ushbu asar «Sahih al-Buxoriy» nomi bilan ham dunyoga mashhur. 4 jilddan iborat mazkur kitobda paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hadislaridan tashqari, islom huquqshunosligi, islom marosimlari, axloq-odob, taʼlim-tarbiya, tarix va etnografiyaga oid maʼlumotlar ham berilgan. Unga 600 ming hadisdan 7275 ta eng «sahih» hamda 4000 ta takrorlanmaydigan hadislar kiritilgan.

    Imom Buxoriyning hadislar toʻplash borasidagi qoʻygan shartlari boshqa muhaddislarning shartlaridan koʻra aniqroq boʻlgani sababli «Al-jomeʼ as-sahih» asari “Eng ishonchli hadislar toʻplami” nomiga sazovor boʻlgan. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200-yil boʻldi, oʻsha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom taʼlimotida Qurʼondan keyingi ikkinchi oʻrinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda. «Al-Jomi as-Sahih» ham diniy, ham dunyoviy ahamiyatga molik asardir. U har bir inson dini va mazhabidan qatʼi nazar iymon-eʼtiqodli boʻlishga, halollik, poklik, rostgoʻylik singari fazilatlarni qalbiga singdirishga, hayotni ezgulik, savob ishlarga bagʻishlashga, oʻzidan yaxshi nom qoldirishga daʼvat etadi. Oila, farzand tarbiyasi, ota-onalar hurmatini joyiga qoʻyish, ilm-maʼrifatli boʻlish, Vatanni sevish xususida u shunday ajoyib gʻoyalar va taʼlimotlarga boyki, ular oʻz ahamiyatiga koʻra umumbashariy qimmatga egadir. Unda diniy masalalar bilan bir qatorda dunyoviy masalalar, kundalik turmush muammolari, odob-axloq, kiyinish madaniyati, muomala, rasm-rusumlar, savdo-tijorat singari inson bolasi har kun duch keladigan, jamiyatni yuksaltirishga koʻmaklashadigan mavzular ifodalangan. Asarda oʻz ifodasini topgan masalalar nainki uzoq oʻtmish uchun, ayni paytda hozirgi davr va kelajak uchun ham ahamiyatlidir.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlashimiz mumkinki, Imom al-Buxoriy diniy va dunyoviy eʼtiqodi temirdek mustahkam, ilm-maʼrifat nuri bilan insoniyatga ezgulik ulashgan buyuk allomadir. Soʻzimiz isboti hamda ayni kunlarda butun islom hamjamiyati uchun muborak Ramazon oyi kelganligi munosabati bilan eʼtiboringizga Imom Ismoil al-Buxoriy asarlaridan roʻza, Ramazon oyiga oid hadisi shariflarni taqdim qilishni joiz bildik:

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    Paygʻambarimiz (s.a.v): “Ramazon oyi boshlanganda, jannat eshiklari ochiladi va jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”, deganlar.

    «Al-jomeʼ as-sahih» (31-kitob, 123-hadis)

    Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    Paygʻambarimiz (s.a.v) dedilar: “Jannatning «Ar-Raiyan” nomli darvozasi bor, va roʻza tutadigan odamlar qiyomat kuni ana shu darvozadan jannatga kiradilar va ulardan boshqa hech kim bu darvozadan kirmaydi. Ularga xitob qilinadi: “Roʻza tutib yurganlar qani?”. Ular oʻrinlaridan turadilar va ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular shu darvozadan kirib olganlaridan keyin darvoza eshiklari yopiladi».

    «Al-jomeʼ as-sahih» (31-kitob, 120-hadis)

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    Paygʻambarimiz (s.a.v): “Kim Qadr kechasi yuragidan, xolis iymon bilan ibodat qilib, Allohdan mukofot umid qilsa, uning barcha oʻtgan gunohlari kechiriladi. Va kim xolis iymon bilan Ramazon oyining roʻzasini tutib, Allohning mukofotini umid qilsa, uning barcha oʻtgan gunohlari kechiriladi”, dedilar.

    «Al-jomeʼ as-sahih» (31-kitob, 125-hadis)

    Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    Paygʻambarimiz (s.a.v): «Saharlik qilinglar, chunki unda baraka bordur», dedilar.

    «Al-jomeʼ as-sahih» (31-kitob, 146-hadis)

    Zilola MANSUROVA,

    Nizomiy nomidagi TDPU magistranti