2025-yilning yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilingani ana shu maqsad yoʻlidagi muhim qadamdir.

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi chora-tadbirlar, avvalo, inson salomatligi, tabiat sofligini saqlashga hamda ishlab chiqarish sohalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan. Zero, sanoat rivojlanishi iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatsa-da, tabiatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Zavod va fabrikalarning texnogen chiqindilari, havo va suvning ifloslanishi, yer resurslarining kamayishi – bularning barchasi ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Shu sababli sanoat korxonalari uchun atrof-muhitni muhofaza qilish choralarini koʻrish ustuvor vazifalardan biridir.

Sanoat korxonalari ekologik meʼyorlarga, qolaversa, xalqaro va mahalliy ekologik standartlarga doimiy ravishda rioya qilishi lozim. Bu tabiatni muhofaza qilish bilan birga, korxonaning barqaror rivojlanishiga ham yordam beradi. Yangi ekologik texnologiyalardan foydalanish, energiya tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qoʻllash ishlab chiqarish jarayonida resurslarni tejaydi va tabiatga zararini minimallashtiradi.

Bugun har bir yirik sanoat korxonasi atrof-muhitga katta taʼsir koʻrsatishi sababli ESG barqaror rivojlanish tamoyillari va maqsadlari strategiya va asosiy biznes jarayonlarining xalqaro integratsiya qilinishi oʻta muhim.

Joriy yil fevralda Sustainable Fitch reyting agentligi tomonidan ESG tashqi audit ishlari oʻtkazilib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatining barqarorligi, ijtimoiy masʼuliyati, asosiysi, ekologik xatarlarni oldindan baholash va oldini olishdagi hisobotlari Yevropaning yirik korxonalari oʻrtasida yuqori reytingda baholandi.

Erishilgan natijalar kombinatda ishlab chiqarilayotgan qimmatbaho metallarni ichki va tashqi bozorlarda (London Stock Exchange) yuqori narxlarda sotish imkonini beradi. Shuningdek, 2030-yilgacha maʼdanlarni qayta ishlashni 40 million tonnadan 160 million tonnaga chiqarishda tashkil etilayotgan yangi mis boyitish fabrikalari – MOF-3, MOF-4, MOF-5 hamda yangi mis eritish zavodi qurilishiga imtiyozli “yashil” moliyalashtirishni (responsible financing) jalb qilish jozibadorligini oshiradi.

Mazkur koʻrsatkichlar kombinatda qisqa muddatda qilingan modernizatsiya ishlari mahsulidir.

Modernizatsiya – taraqqiyot garovi

Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, albatta, mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi energiya samarador va ekologik xavfsiz texnologiyalarni qoʻllashga yoʻl ochadi. Soʻnggi yillarda Rux zavodida oʻtkazilgan modernizatsiya jarayonida velslash sexidagi gorizontal ventilyatsiya va aspiratsiya tizimlari toʻliq taʼmirlandi. Kuydirish sexida changni tozalovchi qoʻshimcha qopli filtr uskunalari oʻrnatildi. Shu tariqa tozalash uskunalarining samaradorligi 85 foizdan 99,5 foizga koʻtarildi.

2024-yil Rux zavodida yangi maydalash uchastkasi qurilishi hisobiga 130 ming tonnadan ziyod ishlab chiqarish texnogen chiqindisi – mis klinkeri qayta ishlanib, tarkibidan rangli metallar ajratib olindi. Qolgan temir tarkibli chiqindilar sement zavodlariga ikkilamchi xomashyo sifatida yuborilmoqda.

Sulfat kislota sexining ishqorli suvni tozalash inshooti kapital taʼmirlanib, tozalangan suvni qayta texnologiyada ishlatish aylanma tizimi tashkil etilib, oqova tashlanmani relyefga tushirmaslik choralari koʻrildi. Inshoot atrofida yillar davomida toʻplangan 2000 kub metrdan ortiq ohakli shlam chiqindisi toʻplangan quyqa maydoni rekultivatsiya qilindi.

Ayni paytda metall olish jarayonida atmosferaga ajralib chiqadigan SO2 zararli gazini qayta ishlash orqali yillik 200 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi 6-sulfat kislotasi sexini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu sex 1967-yilda qurilgan va bugun maʼnan eskirgan, quvvati 30 ming tonna boʻlgan sulfat kislota sexining atmosferaga tashlamasiga toʻliq barham beradi.

Mis eritish zavodida 2024-2025-yillarda 4 ta konvertor boʻlimi toʻliq rekonstruksiya qilindi. Natijada metall quyish jarayonida chang-gazning atmosferaga chiqishining oldi olindi.

Joriy yil fevralda eritish agregatlari chang-gaz quvurlari va elektr filtr uskunasida, Vanyukov pechi va 3 va 4-sulfat kislota sexlari hamda kislorod mashʼalali pechining chang-gazni tutib qolish qurilmalarini taʼmirlash hisobiga uskunalarning samaradorligi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada atmosferaga texnologik gaz chiqarib yuborilishi 12,8 ming tonnagacha qisqardi.

Soʻnggi 5-yilda innovatsion yechimlarni qoʻllagan holda barcha konvertorlarda issiqlikni qayta tiklovchi moslamalar oʻrnatilib, energiya va yoqilgʻi xarajati 30 foiz kamaydi.

Bugʻ qozonlarini germetik qoplash hisobiga eritish pechlaridan chiqayotgan texnologik gaz 100 foiz sulfat kislota ishlab chiqarish sexiga yoʻnaltirilmoqda. Shuningdek, qurilishi boshlangan yangi metallurgiya majmuasida atmosferaga salbiy taʼsiri kam boʻlgan zamonaviy “Flash Smelting” hamda “Flash Converting” texnologiyalari qoʻllanadi. Bunda mis eritish jarayonida hosil boʻladigan SO2 gaz toʻliq sulfat kislotasi ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi. Yangi pechlar ishga tushirilishi evaziga maʼnan eskirgan yalligʻ qaytarish pechi ishlab chiqarish zanjiridan uzilib, faoliyati toʻxtatiladi.

Yillik sulfat kislota ishlab chiqarish quvvati 1 million 800 ming tonna boʻlgan va 2027-yilda ishga tushirilishi moʻljallanayotgan SK-5 sulfat kislota sexi qurilishi hisobiga atmosferaga chiqayotgan 172 ming tonna oltingugurt ikki oksidi tashlanmasi hajmi deyarli 100 foiz kamayadi. Atmosferaga chiqish xalqaro standartlarga mos ravishda 0,5 foizdan oshmaydi.

Atmosferaga tashlamalarni monitoring qilish maqsadida SK-4 sulfat kislota sexiga Yaponiyaning chang-gaz tashlamalarini avtomatik tahlil qiluvchi HORRIBA avtomatik tahlil uskunasi oʻrnatilib, maʼlumotlar yagona bazaga integratsiya qilinmoqda.

Mis boyitish fabrikasidagi modernizatsiya ishlari ham samara bermoqda. Birinchi maydalash sexidagi 24 ta zamonaviy aspiratsiya va ventilyatsiya tizimi toʻliq yangilandi. Ikkinchi mis boyitish fabrikasidagi 55 ta ventilyatsiya va 103 ta aspiratsiya tizimida joriy taʼmirlash ishlari bajarildi. Natijada uskunalarning samaradorligi 99,5 foizga yetkazildi.

2024-yilda mis eritish jarayonida hosil boʻlgan 680 ming tonna toshqol chiqindisi mis boyitish fabrikasida qayta ishlandi. Tarkibidan qimmatbaho metallar ajratib olingach, qolgan 391 ming tonna temir tarkibli chiqindi ikkilamchi xomashyo sifatida sement zavodlariga realizatsiya qilindi.

Shuningdek, kombinat ishlab chiqarish hududi va sanitar-himoya zonalarida chang-gaz miqdorini onlayn aniqlovchi 14 ta gazoanalizator oʻrnatilib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda doimiy monitoring olib borilmoqda.

Eʼtiborlisi, kombinatning barcha obyektida tabiiy resurslar — suv va energiya tejamkorligi doirasida keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Misol uchun, mis boyitish fabrikasining aylanma suv taʼminotidagi nasos qurilmalarida germetik taʼmirlash ishlari bajarilib, suv taʼminotidagi yoʻqotishlar toʻliq bartaraf etildi. Har bir quvurga suv sarfini avtomatik hisoblash uskunalari oʻrnatildi.

Kombinat korxonalarida suv tozalash inshootlari samaradorligini oshirish va oqova suv tashlamalari meʼyoriy koʻrsatkichini taʼminlash uchun Angren kon boshqarmasi Koʻchbuloq konida hosil boʻlayotgan yer osti ishqorli suvi kimyoviy suv tozalash inshootining relyefga tushuvchi oqova suv tarkibi belgilangan meʼyoriy koʻrsatkichdan oshmasligi yuzasidan zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tajriba oʻrganilib, Finlyandiyaning xavfli sanoat oqova suvini tozalashga ixtisoslashgan EPSE OY kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazilmoqda.

Loyihani amalga oshirish natijasida Angren kon boshqarmasi konlarida hosil boʻlgan oqova suvni tozalash inshootida oyiga 25-30 ming kub metr suv tozalanib, relyefga chiqarib yuboriladi va atrof-muhitga zararli taʼsiri kamaytiriladi. Ohak sarfi va choʻkmasi hozirgiga nisbatan 55 foiz (50 ming tonna) kamroq boʻladi. Pilot loyiha qiymatining bir qismi Finlyandiya hukumati granti hisobidan qoplanmoqda.

Energiya tejamkorligi va qayta tiklanuvchi

energetika tatbiq etilishi – davr talabi

Yana bir dolzarb masala — ekologik xatarlar ehtimolining oldini olish, issiqxona gazi miqdorini keskin kamaytirish, global iqlim isib borishiga barham berish, ishlab chiqarish quvvatini kamaytirmagan holda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish kombinatning doimiy kun tartibida turibdi.

Bugun obyektlarimizda qariyb 5 mingta quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatilgan. Ular bir kunda 724 ming litr suvni isita oladi.

Yilning aprel-oktyabr oylarida issiq suvga ehtiyoj ushbu qurilmalar hisobiga toʻliq qoplanadi. Bu yiliga 1,7 million kub metr tabiiy gaz yoki 12,4 million kilovatt soat elektr energiyasini tejash imkonini beradi. Shu bilan birga, kombinat obyektlarida 507 ta quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatilgan. Bu yiliga 890 ming kilovatt soat elektr energiyasini tejashga xizmat qiladi. 2025-yilda Xondiza, Chodak va Yoshlik-1 konlarida 95 ta quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatiladi.

PricewaterhouseCoopers kompaniyasi bilan ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazi tashlamasini hisoblash va kamaytirish yuzasidan zarur choralar belgilab olindi.

Mazkur vazifalarga hamohang ravishda kombinatda rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish jarayonida energiya samaradorligini muvofiqlashtirib boruvchi ISO 50001 xalqaro standarti, ekologik barqarorlikni talab etuvchi menejment ekologik boshqaruvi ISO 14001 xalqaro standarti tizimi joriy etildi. Mehnat xavfsizligi standarti 45001, xatarlarni boshqarish 3100 xalqaro standartlariga ham amal qilgan holda faoliyat yuritilmoqda.

Olmaliq yashil sanoat shahriga aylanadi

Olmaliq – sanoat shahri. Shahar va unga chegaradosh hududlarda istiqomat qiluvchi mahalliy aholining salomatligi muhofazasi kombinatning bosh maqsadlaridan. Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni asrash yoʻnalishidagi kompleks vazifalar faoliyatimizning uzviy ajralmas qismidir.

Bu borada mamlakatimiz miqyosida keng quloch yoygan “Yashil makon” va “Yashil belbogʻ” loyihalari muhim oʻrin egallaydi. Loyihalar doirasida kombinat tomonidan 2024-yilning bahor-kuz mavsumida 1,5 million tup mevali va xushmanzara koʻchat ekildi. Joriy yilda bu ishlar davom ettirilmoqda. Koʻchatlarni ekish barobarida parvarish qilish ishlariga ham katta eʼtibor qaratilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Shuning uchun ham kombinat tomonidan hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, yetishtirish uchun koʻchatxonalar barpo etilmoqda.

Obodonlashtirish va yashil makonlar yaratish – insoniyatning kelajagi uchun zaruriyat. Daraxtlar nafaqat tabiiy resurslarni saqlashga yordam beradi, balki hayot sifatini oshirishda ham muhim. Shu bois, “Yashil makon” loyihasi hammamizning kelajagimiz uchun amalga oshirilayotgan xayrli ishdir.

Bir yoqadan bosh chiqarib, daraxt va gul koʻchatlarini ekib, parvarishlab borsak, albatta, kelajakda Olmaliqni yashil sanoat shahriga aylantira olamiz. Qad rostlayotgan zavod va fabrikalarimiz yonida yam-yashil bogʻlar ham boʻy choʻzadi.


Abdulla XURSANOV,

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati direktori


Hamkorlik materiali