Har birimizdan g‘ayrat-shijoat talab etadigan muhit

    Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi nishonlanayotgan ushbu kunlarda o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarni xolisona baholash, ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik, butun xalqimizning ongu shuuriga yetkazish maqsadga muvofiqdir.

    Biz uchun “Mustaqillik” so‘zi balandparvoz kalom emas. Yurt ozodligini qalban his qilamiz. Chunki davrlarni solishtirish va xulosa chiqarish imkonimiz bor. Dunyoning turli burchaklarida siyosiy o‘zgarishlar, janjalu to‘polonlar kuzatilayotgan bir davrda ozodlik qadrini yanada chuqurroq anglayapmiz.

    Vatan insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. Ona yurtga muhabbat — yuksak insoniy fazilat. Unga bo‘lgan muhabbat joy, makon, vaqt tanlamaydi.

    Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Qaffol Shoshiy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbati tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘lagani tarixdan ma’lum.

    Ona yurtga muhabbat, mehrni amalda namoyon qilish oson ish emas. Bu insondan katta jasorat, bardosh, chidam, ma’rifat talab qiladi.

    Bugun yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ezgu islohotlar boshlangan va jadal sur’atlar bilan davom etayotir. Bu jarayonda taraqqiyotning muhim asosi bo‘lgan ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor kundan-kunga kuchaymoqda. Yosh avlodni bilimli qilish, yurt taqdiriga daxldorlik hissini oshirish, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyalarini keng targ‘ib qilishni umumiy ijtimoiy harakatga aylantirish orqali jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish masalalari har doimgidan-da dolzarb. Yoshlar ertamiz egalari, kelajagimiz bunyodkorlari, davlatning asosiy va bebaho boyligi ekan, O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimiz birdamligi, mamlakatimiz yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilishi, Vatanimizni asrab-avaylashi, yangi O‘zbekiston maqomini yanada mustahkamlashi kerak.

    Termiz davlat pedagogika institutida talaba yoshlarning yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi, yurtga va o‘z kasbiga sadoqatli bo‘lishi uchun sharoitlar yaratilgan. Institut Surxondaryo viloyatidagi eng yosh oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 2018-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filiali sifatida tashkil etilgan. 2022-yili esa Termiz davlat pedagogika instituti maqomi berildi. Ayni paytda bu yerda 28 ta kunduzgi ta’lim, 21 ta magistratura mutaxassisligi mavjud. 12 mingga yaqin talaba tahsil oladi.

    Talaba yoshlar muntazam ravishda respublika miqyosida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Bugungi kunda ular safida Zulfiya nomidagi davlat mukofotining 2 nafar sovrindori, nomdor davlat stipendiyalari, xalqaro fan olimpiadalarining 12 nafar g‘olibi, Yoshlar parlamenti 2 nafar a’zosi, Osiyo chempionati va Paralimpiya o‘yinlarining 10 ga yaqin sovrindori bor. Iqtidorli talabalardan tuzilgan “Talabalar teatr studiyasi” guruhi yutuqlari ham institut jamoasini quvontiradi.

    O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim makonidagi integratsiya va hamkorlik aloqalari borasida chuqur islohotlar olib borilmoqda. Institutimiz rivojlangan bir qancha mamlakatlar oliygohlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Rossiya, Belarus, Turkiya, Qozog‘iston va Malayziya kabi davlatlarning qator oliygohlari bilan memorandumlar imzolangan. Qozog‘iston, AQSH, Bangladesh, Janubiy Koreya, Italiya, Rossiya kabi davlatlar professor-o‘qituvchilari talabalarga ta’lim bermoqda.

    Talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni muntazam takomillashtirib borish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kinoteatrlarga, muzeylarga, tarixiy ziyoratgohlarga olib borish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada ham ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

    Bugungi kunda chinakam bilimli, ma’naviyatli va ma’rifatli odamgina o‘z qadriyatlarini, milliy o‘zligini anglashi, erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun harakat qiladi. Bu esa yangicha, erkin, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, haqiqatni aytishdan cho‘chimaydigan, mavjud qiyinchiliklar, muammolarni ochiq-oydin bayon etadigan, Vatanimiz ravnaqi va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan, iqtidorli va xorijiy tillarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalashni taqozo qiladi. Shu maqsadda biz — pedagoglar, professor-o‘qituvchilar bor bilim va salohiyatimizni ishga solib harakat qilishimiz zarur.




    Azizbek HASANOV,

    pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent


    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 178-sonida (2024-yil 3-sentyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali