Shuningdek harbiy kursantlarda maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarning ham shakllanishi ularning shaxsiy faolligini oshirishga amaliy yordam beradi. Shu maʼnoda bugungi kunda harbiy taʼlim muassasalarida asosiy eʼtibor ularga chuqur va puxta taʼlim-tarbiya berishga, yot gʻoyalarga qarshi kurasha oladigan hamda oʻzining mustaqil fikriga ega, hech kimdan kam boʻlmagan maʼnan yetuk va komil insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy prinsiplari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bogʻliq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yoʻllari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, oila, mahalla, taʼlim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, oʻzaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi.
Shuni taʼkidlash joizki, xarbiy xizmat jarayonida uchrab turadigan yoʻqotishlar, xizmat jarayonidagi havf-xatarlar xarbiy xizmatchilar ongi, ruhiyatiga ogʻir taʼsir etishini hisobga olib, ularni salbiy holatlarga tayyorlash masalasida psixologik trening mashgʻulotlarni tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Harbiy faoliyatda psixologik xizmatni tashkil etish, psixoanaliz metodlarini qoʻllash orqali xarbiy xizmat vazifasini taqsimlashda asos boʻluvchi omillar modellashmagan va psixolog olimlarni jalb qilish, ularni ilmiy tadqiqot ishlarini harbiy amaliyotga tadbiq etish ishlari hali yetarli emas. Harbiy taʼlimdagi mavjud kamchiliklarga psixologik yondashuvlar, psixologik tahlil, profilaktika ishlari hanuzgacha mutaxassislarni oʻziga jalb qiladi.
Harbiy kursantning psixologik tayyorgarligi, ularning faoliyat tizimini va kasb mahoratining kompleks tarkibiy qismidir. U xodimning shakllangan va rivojlangan psixologik xususiyatlari majmuasi boʻlib, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari faoliyatining oʻziga xos va muhim psixologik xususiyatlariga javob beradi va uni amalga oshirishning zarur shart-sharoitlaridan biri hisoblanadi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, professional faoliyat shaxsdan juda koʻp bilimlarni hamda malakalarni talab qiladi. Nima uchun u yoki bu kasbni tanlaganini anglab yetgan shaxs, endi oʻz faoliyati va qobiliyatlarini boshqara bilishi va oʻz ustida muttasil ishlab, malakalarini orttirib borishi shart. Kursantlarning professional bilimdonligi shaxs umumiy madaniyatining shunday yoʻnalishiki, undan faqat kasbiga taalluqli boʻlgan bilimlardan tashqari shu bilimlarning hosil boʻlish yoʻllari va malakalarning takomillashuvini taʼminlovchi psixologik jarayonlar va holatlarni bilishni ham taqozo etadi. Shunday ekan, bugun yurtmizning boʻlgʻusi himoyachilari, mudofaamizning mustahkam qoʻrgʻonlariga yaratilayotgan har bir qulaylik, imkoniyat ularning ham maʼnan, ham jismonan barkamol boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Oʻtkir Karakulov,
Oʻzbekiston respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
batalyon komandiri oʻrinbosari