Biz sobiq shoʻrolar saltanati urushdan horib chiqqan, janggohdan holsiz qaytgan otalar farzandlarimiz. Biz “erkatoy”lar uchun tolyogʻoch tulporu patnis mashina, nonqovurdoq palovu atala eng sevimli taom boʻlgani ham haqiqat.

Maktabga chiqishimiz ota-onamizni unchalik xursand qilgan, deb boʻlmaydi. Chunki joʻjabirday jonni qornidan orttirib, shunchaki kiyintirish, eng zarur kitob-daftar olib berish ham nochorgina kun koʻruvchi oila boshilarimizga oson kechmagan. U zamonlarda bogʻcha u yoqda tursin, qishlogʻimizdagi yagona maktabda parta va sinf xonasi yetishmasdi. Tagʻin boshlangʻich sinflardayoq bolalikning oʻziga xos “yoʻnalishlari” belgilab qoʻyilgandi. Bu uyimiz – maktab — kolxoz dalasi va yana uyimizni oʻz ichiga olar, yaʼni ertalab maktabga oʻqishga borardik, bir-ikki soat tigʻizlashtirilgan darslarni oʻqigandan keyin yana dalada ishlab, xuftonda uy-uyimizga qaytardik.

Ayniqsa, paxta yakkahokimligi davrida birorta ommaviy dala yumushi, u yaganami, oʻtoq, chopiq yo chekanka, bizni chetlab oʻtmasdi. Paxta yigʻim-terimini-ku asti soʻramang. Terim boshlanganda dalaga ketib, zax shiyponlarda tunab, mavsum yakunlanganda uylarimizga qaytardik. Turgʻunlik  deb atalgan yillarda sentyabrda terimga tushib, yangi yildan oʻqishga chiqqanimiz ham lof emas. Ha, maktabimiz ham, oʻyingohimiz ham, dam olish joyimiz ham hayhotdek dalalar edi, desam hozirgi davr yoshlari ishonmasligi turgan gap. Ammo bu ayni haqiqat ekani oʻsha zamon uqubatlarini oʻz boshidan kechirganlar uchun zarracha isbot talab qilmaydigan aksioma.

Sira yodimdan chiqmaydi: Sulaymonov va Azizxoʻjayev degan oʻqituvchilarimiz sportga ixlosmand bir guruh bolalarning bitta stadion qurib berishni soʻrab, yuqoriga yozgan arizasini uyushtirganlikda ayblanib, ishdan chetlatilgan edi. Bunday siyosat zamirida qanday manfaat yotganiga hali-hanuz aqlim yetmaydi. Uning mazmunida mahalliy millat bolalaridan taniqli, mashhur sportchilar chiqib qolishining oldini olish lozim, degan gʻoya yotgan boʻlsa, ajabmas.

Yana bir holatni hamon ajablanib xotirlayman. Yetmishinchi yillarda boks boʻyicha jahon chempionatida oʻzbekdan bitta chempion chiqdi. U Rufat Risqiyev edi. Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari xushxabarga favqulodda olamshumul tus berib, rosa jar soldi. Hatto rasmiy matbuotlarimizdan birida eʼlon qilingan “Toshkent yoʻlbarsi” maqolasi viloyat, tumanlarda chiqadigan gazetalarda koʻchirib bosilib, ancha shov-shuvlar koʻtarildi. Ha, oʻzbekdan chempion chiqishi oʻsha davr uchun kutilmagan hodisa edi. Biroq menga alam qilgani, millatimiz toleiga bitgan bittagina chempion haqida sobiq mamlakatning markaziy matbuoti yurakni “jiz” ettiradigan birorta chiqish uyushtirmadi.

Sobiq ittifoq “gullab-yashnagan” oʻsha vaqtlarda uning terma jamoasiga jalb etilgan mashhur futbolchimiz Birodar (Erkin) Abduraimov armiyaga olinib, armiya klubidan sobiq ittifoq terma jamoasi tarkibiga kiritilgan va xorij jamoalaridan biriga qarshi oʻyinda ajoyib zarba bilan raqib darvozasini ishgʻol etgan edi. Oʻshanda uni toshkentlik, oʻzbek deb emas, “armiyachi” deb eʼlon qilishganda tomoshabinlardan biri “Shunday millat ham bor ekan-da”, deya istehzoli kulgan, ichimizda esa, ochigʻi, ezilgan edik.

Darvoqe, jismoniy tarbiya fanini darsning oxiriga surib, uning hisobiga koʻcha tozalash yoki dala ishlariga safarbar etilardik. Jismoniy chiniqish omili boʻlgan mazkur fandan qilgan yaganamiz, oʻtogʻimiz yoki tergan paxtamiz miqdoriga qarab baho olardik. Bizda bu bilan nafaqat sportga eʼtiborsizlik, balki mehnatga ham nafrat uygʻotilardi. Lekin xolisanillo aytganda, bu kabi yoʻqotishlar oʻrnini mustaqil mutolaa, tinimsiz izlanish, oʻqish, oʻrganish evaziga toʻldirib olishlar bizga koʻp asqotganini endi yaxshi his etmoqdamiz. Zero, qishloqdagi oʻsha dahmazalardan qochish, forigʻ boʻlishning birdan-bir yoʻli “aʼlo” baholarga oʻqib, tezroq oliy oʻquv yurtlariga kirish va tuzukroq shaxsga aylanish, iloji boʻlsa, poytaxtda, hech boʻlmaganda, birorta kattaroq shahardan ish topib qolish edi.

Taassufki, bizni oliy oʻquv dargohida ham hozirgiday jahon andozalari talablari darajasidagi sharoit emas, balki oldingidan battarroq ogʻir dala ishlari kutib, “qaynoq” ogʻushiga olardi. Intilishlarimiz, orzu-havaslarimiz, kelajagimiz, iqtidorimiz, aqliy, jismoniy takomilga erishuvimiz na rahbariyat, na davlat ahamiyatiga molik, aksincha, “oʻzing uchun  oʻl yetim”, “oʻzingni oʻldir, paxta rejasini toʻldir” qabilida edi. Maʼnaviy kamolot tushunchasi esa, xoh ishoning, xoh ishonmang, anqoning urugʻi boʻlgan. Mana, sizga sobiq shoʻrolar jamiyati va paxta yakkahokimligi davrining bosh siyosati.

“E, eski gaplarning mustaqillik davri, roʻshnolik zamoni, erkinlik davroni uchun nima daxli bor?” deguvchilar ham topiladi. Shundaylarga aytmoqchimizki, kunning qadri tunga, yaxshilikning qadri yomonlikka, ezgulikning qadri yovuzlikka solishtirilganda ravshan koʻrinadi. Demoqchimizki, farovon zamonamiz, ozod mamlakatimiz, kundan kun ravnaq topib, yashnayotgan diyorimiz va shunga yarasha tubdan oʻzgarayotgan tafakkurimiz, ongimizdagi istiqloliy evrilishlar toʻgʻrisida soʻzlash, uning mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish uchun shunday taqqoslar, tahlillar, taʼsirchan muqoyasalar kerak, albatta.

Ilgari “Ong birlamchimi yoki borliq?” degan falsafiy savolga aksariyat faylasuflar avval ong, keyin borliq, der edi. Bu, ehtimol, toʻgʻridir. Gap bunda emas. Gapning indallosi, bizda, yaʼni Oʻzbekistonimizda mustaqillik sharofati bilan obyektiv borliq obyektiv ongdan ilgarilab ketdi. Qisqa davr mobaynida Toshkentda  yangi Mustaqillik maydonini, muhtasham Xalqaro forumlar saroyiyu, “Toshkent siti”, dunyo talablariga javob beradigan stadion, Alisher Navoiyning muborak nomi bilan atalguvchi betimsol kutubxona, “Maʼrifat markazi”, Samarqandda qad rostlagan “Boqiy shahar” majmuasi yoki birgina Namangandagi “Afsonalar vodiysi”, “Yoshlar ziyo maskani”, Ibrat ijod maktabiyu Prezident maktabi singari hashamatli koshonalar faqat biznigina emas, balki ajnabiy sayyohlarning ham yangi Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi tasavvurlarini tubdan oʻzgartirib yuborgani bor gap.  

Aytib adogʻiga, sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydigan bepoyon va koʻlamdor ishlarimiz kim uchun, kimning manfaati uchun, biz ularni kimga qoldiramiz?! Bu savollarga Prezidentimizning asriy orzularimizni oʻzida mujassam etgan birgina iborasi eng joʻyali javob boʻlishi aniq: “Butun kuch va salohiyatimizni yagona ulugʻ maqsadimiz – yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratamiz”. Buning merosxoʻri, shubhasiz, bugunimiz va ertamizning egalari sanalmish jondan shirin farzandlarimizdir. Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-iyul sanasida oʻz lavozimiga kirishish marosimida soʻzlagan maʼruzasini tinglarkanman, beixtiyor xayolimdan yana bir bor yuqoridagi fikrlar oʻtdi.

Muntazam ravishda bolalar sporti obyektlari, jumladan, Namanganda “Okean” nomli betimsol suzish havzasi, musiqa va sanʼat maktablari barpo etilgani, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari izchil davom ettirilayotgani, mazkur obyektlarning aksariyati qishloq joylarda ishga tushirilgani, shu maqsadlar uchun milliardlab soʻm yoʻnaltirilgani menga koʻtarinki ilhom bagʻishlab, mushohadalarimni oʻrtoqlashishga ragʻbat uygʻotadi.

Zero, serquyosh diyorimizda naslimizning jismonan sogʻlom, ruhan tetik, aqlan yetuk va maʼnan barkamol boʻlishini koʻzlab qilinayotgan olamshumul, ulugʻvor ishlar professional sportchilarni tarbiyalashda gʻoyat muhim oʻrin tutayotgani qaysi ziyoliga, qaysi ijodkorga oʻzgacha zavqu shavq, baland kayfiyat ulashmaydi? Viloyat, shahar va tumanlar markazlariga-ku, gap yoʻq, hatto qishloq va mahallalardagi obodlik, xususan, sport maydonchalari, suzish havzalari, tennis kortlari kelgusida yoshlarimizning jahon maydonida katta dovruqlar solib, Oʻzbekistonimizning xalqlararo, davlatlararo nufuzini yanada oshirishiga ishonchli asoslar emasmi, axir?!

Vatanimizning xalqaro maydondagi obroʻsini oshirishga salmoqli hissa qoʻshgan talaygina isteʼdodli yigit-qizlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan doimiy taqdirlanayotgani yoshlarga qaratilayotgan eʼtiborning yana bir amaliy ifodasi ekani, boshqa tengdoshlarida ham tinimsiz intilish, toʻxtovsiz izlanish tuygʻusini uygʻotishi rost.

Prezidentimiz chiqishlarida koʻtarilayotgan dolzarb masalalar, ilgari surilgan gʻoyalar, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini yanada oshirish bundan buyon ham diqqat markazida boʻlib qolishi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yurtimiz ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etilgani va koʻzlanayotgan ulkan maqsadlar zamirida ham beixtiyor sogʻlom onalik va begʻubor bolalik manfaatlari yotibdi.

2023-yilda yurtimizda bolalar taʼlimi va tarbiyasi, barkamol avlod sifatida ulgʻayishi uchun oʻquv-tarbiya ishlariga alohida urgʻu qaratilayotgani, Axsikentni YUNESKO roʻyxatida turgan tarixiy shaharlar qatorida qariyb uch ming yilligini nishonlash, asriy orzumiz boʻlgan adabiyot muzeyi barpo etish, oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼati dargʻalaridan biri, Oʻzbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimov ijodini yosh avlod ongiga chuqur singdirish niyatida musiqa va sanʼat maktabi qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularni zarur anjom va uskunalar bilan taʼminlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olingani, uzluksiz yoʻl qoʻyilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish choralari qatʼiy tizimlashtirilayotgani yorugʻ istiqboldan dalolatdir.

Shiypon bolalar bogʻchasi-yu, qopdan yasalgan belanchak divanimiz boʻlgan, bolaligi dalalarga, egatlarga sochilib ketgan bizdek sobiq bolalar uchun hozir viloyatlarda qariyb 80 foiz bolaning saroymonand bolalar bogʻchalariga jalb etilayotgani xuddi afsonaday boʻlib koʻrinadi. Shu natijalarga atigi 5-6 yilda erishilgani esa chinakam hayratlanarli. Gap bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, samaradorlikka erishishda. Ana shunday maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiya olayotgan 5 yoshli Nuri Muhammad ismli nevaram baʼzi jihatlarda menga saboq oʻtayotgani, 4 yoshli Muhammad Yusufim oʻzbekchadan tashqari rus va ingliz tillarida burro gapirayotgani oʻsha samaradorlikning yorqin misoli!

Darhaqiqat, mustaqillik davri yoshlariga, bolalariga har qancha havas qilsangiz arziydi. Bu esa ijodkorga beqiyos mamnunlik, iftixor va tuganmas ilhom baxsh etishi tabiiy:

Chehrangda balqigan Quyoshing sening,

Ne tongki, baxtingni koʻrsatar ayon.

Sendadir butun oʻy-xayolim mening,

Havasim keladi senga, bolajon!

 

Sen kabi chogʻlarim oʻylab sarsari,

Xayolda oʻtmishim boʻlsa namoyon.

Bechora damlarim yodlagan sari

Havasim keladi senga, bolajon!

 

Yer-koʻkka sigʻmagan onlarim onam

Derdilar: yer qattiq, yiroqdir osmon.

Ushbu kun sen uchun muyassar olam,

Havasim keladi senga, bolajon!

 

Dunyoga razm sol, atrofga qara,

Qayda bor sendagi sharoit, imkon?

Olamni boʻylasam yana yuz karra,

Havasim keladi senga, bolajon!

 

Girgitton boʻlayin, oʻrgilsin akang,

Hamisha shu el, yurt ishqi bilan yon.

Bugundan farovon charogʻon ertang,

Havasim keladi senga, bolajon!

Ziyoviddin MANSUR,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

 Namangan viloyati boʻlimi rahbari,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibi