Hayit bayrami: mehr-oqibat tuhfasi

    Fikr 31 Iyul 2020 4191

    (Xalqchil farmonning tarixiy ahamiyati)

    Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu-sitam yo'lini to'sdim.

    Amir Temur

    Qurbon hayiti – xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvat bayrami boʻlib, jamiyatda kishilar oʻrtasida tenglik, totuvlik kabi insoniy fazilatlar rivoj topishida xizmat diniy va milliy kundir. Hatto bir ogʻiz shirin gap, koʻngilni koʻtaruvchi, ilhom berguvchi muomala ham tuhfadir.

    Ayniqsa, xalqimiz karantin talablarini inobatga olgan holda bugungi bayramni telefon orqali yaqinlarini, qarindosh-doʻstlarini oʻzaro qutlashi, masofadan turib muhtojlar holidan xabar olishining oʻzi ham qadriyatdir.

    Mana shu qadriyatning yana bir amaliy ifodasi bu xalqimizning, ayniqsa, uning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 30-iyul kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qabul qilgan farmoni tahsinga sazovordir.

    Farmonga binoan: pandemiya sharoitida moddiy yordam va koʻmakka muhtojlar roʻyxatiga kiritilgan va aʼzolari 1,7 million nafardan ortiq boʻlgan 400 mingdan koʻproq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam puli beriladi. Bunga respublika byudjetidan qoʻshimcha 380 milliard soʻm ajratilganining oʻzi biror bir fuqaro eʼtiborsiz qolmaganining yorqin namoyonidir.Davlat tomonidan har bir oila, har bir fuqaro jiddiy eʼtiborga olinib, karantin sharoitida muhtojlik va nochorlik kayfiyatidan chiqarib, ertangi kunga umid bagʻishlagan farmon va amaliy qadamdir. Bu esa, qalb obodligi, koʻngil xotirjamligi obod va farovon turmushning asosiy boʻgʻinidir.

    Bir siniq koʻngilni koʻtarish Kaʼbani obod qilishga tenglashtirilgani haqida barchamiz, Alisher Navoiyning bebaho misralarini yaʼni: «Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay» deganlarini yaxshi bilamiz. Bugun millionlab qalblar quvonchga toʻldi,-desak toʻgʻri boʻladi.

    Ikkinchidan, barcha respublikamizning hududiy boshqarmalari yaʼni joylardagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari orqali 220-250 ming oilaga respublika byudjetidan jami 200 milliard soʻm ajratiladi. Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan taʼminlanadi. Bu ham boʻlsa, qurbon hayitining mehr-muruvvat bayrami boʻlib, insonlarga mehr-oqibatli boʻlishga, dini, millati, irqi va kelib chiqishidan qatʼiy nazar, oʻzaro adolatli boʻlish, izzat-hurmat koʻrsatish bayrami ekanligining mantiqiy davomidir.

    Zero, diniy bagʻrikenglik (tolerantlik) islom dinining eng odil xislatlaridan biridir. Islomda ilm-fanni egallash savobli ish ekanining koʻrsatilishi, beshikdan to qabrgacha ilm izlash lozimligini qayd qilinishi ham muhim ahamiyatga ega. Hadislardagi, “Sadaqaning afzali moʻmin kishi ilm oʻrganib soʻng boshqa moʻminlarga ham oʻrgatishdir”. “Ilm oʻrganish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir”, degan fikrlari ijtimoiy taraqqiyot uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligiga hech shubha yoʻq. Shu bois ham, jannatmakon vatanimizning har qarich tuprogʻi muqaddasligi, uni eʼzozlamoq, oʻzaro doʻstlik va oqibatda boʻlishlikni targʻib etayotgan diniy soha vakillarini moddiy ragʻbatlantirish uchun ushbu ulugʻ ayyom kunlari “Vaqf” xayriya jamoat fondini qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan 150 milliard soʻm ajratilgani xushxabardir.

    Hozirgi sinovli kunlarda xalqimizni esankiratib qoʻygan koronavirusga qarshi kurashda kunu-tun fidoiylarcha xizmat qilayotgan shifokorlar, tibbiyot xodimlarining mehnati ham ushbu muqaddas kunda eʼtiborga olinib, tez tibbiy yordam brigadalarining shifokorlari, hamshiralari, kichik tibbiy xodimlari va haydovchilarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun 100 milliard soʻm ajratiladi. Buning evaziga 26 ming oilaning moddiy ahvoli yaxshilanadi.

    Yuqoridagi choralar hisobiga Oʻzbekistondagi652 ming oilaga moddiy yordam koʻrsatiladi.

    Shuningdek, Bundan tashqari, qabul qilingan Farmonda pandemiya davrida ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini keskin oshirish koʻzda tutilmoqda. Bu esa, oilalardagi yetishmovchilikning oldini olib, mustahkam oila saqlanib qolishiga yana bir turtki boʻladigan qadamdir. Jumladan: ikki yoshgacha boʻlgan bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalar soni har oyda 14-15 mingtaga oshirilib, dekabr oyida 400 mingtagacha yetkaziladi yoki yil boshiga nisbatan qariyb 1,5 barobarga koʻpaytirilishi hamda 14 yoshgacha bolalari boʻlgan nafaqa oluvchi oilalar sonini yil boshiga nisbatan 2,5 barobardan ortiqqa oshirib, ularning soni dekabr oyida 700 minggacha yetkazishning oʻzi oilaning davlat muhofazasida ekanligining tasdigʻidir.

    Men, yillar davomida sharq mutafakkirlarining siyosiy va huquqiy qarashlarini tadqiq etar ekanman, bugun bu taʼlimotlarning hayotiyligining guvohi boʻldim. Ilmiy ishlarda necha marta adolat va haqiqatga erishgan davlatlar va uni amalga oshirish yoʻllarini qiyosiy oʻrgangan boʻlsam:qomusiy olimi Ibn Sino: «oʻta kambagʻallik va qashshoqlik hukm surgan jamiyatda adolat haqida gapirib boʻlmaydi, chunki unda maʼrifat boʻlmaydi», deganidek, bugun yangi Oʻzbekiston “Jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashayotganining ifodasi sifatida farmonda qayd etilganidek : kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam oluvchilar soni yil boshiga nisbatan 1,5 barobarga oshirilib, 100 mingtaga yetkazilmoqda.

    Umuman olganda, ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy soni 600 mingga koʻpayib, joriy yilning dekabr oyida 1,2 millionga (mamlakatdagi jami oilalarning qariyb 14,1 foizi) yetkazilishi koʻzda tutilgani va bunga byudjetdan qoʻshimcha 426 milliard soʻm ajratilganining oʻzi muhim qadamdir. Chunki bu ajratilgan mablagʻ evaziga yil oxiriga borib mamlakatdagibarcha kambagʻal oilalarning har bir qatlami toʻliq qamrab olinadi.Bunga yuqorida aytib oʻtilgan bir martalik moddiy yordam oluvchi oilalar sonini qoʻshsak, davlatdan moliyaviy koʻmak oladigan oilalarning soni sezilarli darajada koʻpayadi. Yana bir holat: maʼlumki, axloqiy meros shakllanishida inson haѐt faoliyatining oʻzagi hisoblangan mehnat alohida oʻrin tutadi. Mehnat faoliyatining yaratuvchilik funksiyalari eng avvalo axloq qonun-qoidalarida namoyon boʻladi. Mehnatsiz axloqiy qadriyatlarning shakllanishi mumkin emas degan tushuncha mavjud. Lekin nogironlar-chi? Ularning turmush tarzi qanday kechadi, degan oʻy hammani tashvishlantiradi. Quvonarli tomoni mazkur farmonda, shuningdek, keksa yoshdagi hamda nogironligi bor shaxslarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizgaoshirilishi koʻzda tutilgan. Bu esa, joriy yil yanvar-iyul oylaridagi inflyatsiya koʻrsatkichlaridan 4,3 foiz yuqoridir.

    Bu 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarni, 687 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni, 210 mingdan ortiq boquvchisini yoʻqotgan shaxslarni pandemiya davrida moddiy qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi. Bunda, oʻrtacha pensiya miqdor 764 mingsoʻmdan 841 ming soʻmgacha oshadi. Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori amaldagi 466 68soʻmdan 513 35soʻmgacha koʻpaymoqda.Shu oʻrinda, yana Forobiyning siyosiy-huquqiy qarashlarini eslash joiz deb bildim. Jumladan, Forobiy axloqiy merosining muhim xususiyatlaridan biri axloqiy kamolotni “baxt” tushunchasi orqali bayon etganligidadir. “Baxt-saodatga erishishning birdan-bir yoʻli barcha ezgu ishlarni xayrli niyatlar ila bajarish, fazilatli amallarga tayanish barobarida razolat va baxtsizlik kelib chiqarishi mumkin boʻlgan ishlardan oʻzini tiya bilishdir... Fazilatning jozibasi uning xayrli amallar ildizidan kelib chiqqanligidandir... Ushbu dalilga koʻra, baxt-saodat xayrli amal va fazilat bilan uzviy bogʻliqdir ”,- deb taʼkidlagan. Farmon ana shu xayrli ishning amaliy ifodasidir. Forobiy qarashlariga koʻra, «Baxt-saodatga erishish uchun barcha shaharlarga oʻzaro yordam beruvchi xalq fazilatli va yetuk xalqdir». Farmonning mohiyati xalqimizni baxtu-saodatga intiltirganligidadir.

    Agar eʼtibor bersak, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga (7 yil) ega boʻlmagan, hayoti davomida Pensiya jamgʻarmasiga umuman badal toʻlamagan 37,5 ming nafar keksa fuqaroga beriladigan nafaqa oyiga 315 030 soʻmgacha oshirilmoqda.Farmonda koʻzda tutilgan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlariga 2020-yilning oxirigacha byudjetdan jami qoʻshimcha 2,5 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.

    Darhaqiqat, sharq mutafakkirlarining talqinida qayd etilganidek: “ Adolat qandaydir qotib qolgan tushuncha boʻlmay, odamlarning ijtimoiy turmushi bilan bogʻliq, maʼlum darajada real voqelikni aks ettiradigan haqiqat” ligini anglasak, farmonning asl mohiyati xalqimizning ertanggi porloq kelajagining umidi” yaʼni insonni ulugʻlash, insonga boʻlgan eʼtiborning asosiy gʻoyasi desa boʻladi.

    Ha aziz hamyurtlar!!! Qurbon Hayitining tuhfasi davlatimiz rahbarining vatandoshlarimizga qilayotgan gʻamxoʻrliklari, yoshi ulugʻlarga eʼtibor, bemorlarga saxovat, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan sharoitlar, yoshlarimizga koʻrsatilayotgan imkoniyat, barchamizning koʻnglimizga xotirjamlik, qalbimizga obodlik hadya etgani qadriyatdir. Zero, karantin kunlarida nishonlanayotgan Qurbon Hayitining tuhfasi albatta, qalbimizni poklab — yurt ravnaqiga umid bagʻishlaydi. Zero, “Islom dinining quvvati” degan maqomga ega yurtning tuhfasidir.

    Firuza Muxitdinova,

    TDYUU professori, yuridik fanlar doktori