Vazirning taʼkidlashicha, oxirgi yillarda maktab oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarini oʻz faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz yigʻdi-yigʻdilarga qarshi kurashilyapti, bu masalada murojaatlar soni avvalgilariga nisbatan ancha kamaygan.
Lekin tizimda baʼzan jamoaga notoʻgʻri talablar qoʻyayotgan, turli maqsadlar uchun mablagʻ yigʻish topshiriqlarini berayotgan, bir soʻz bilan aytganda hamon eskicha fikrlayotgan masʼullar ham uchrab turibdi.
“Yaqinda Quva tumanidagi maktablarning birida oʻqituvchilarning oylik maoshidan “open byudjet“da ovoz yigʻish uchun 700 ming soʻmdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qildik“, — deydi Hilola Umarova.
“Tashabbusli byudjet”ning 2025-yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi 11-martdan boshlandi.
"Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga tushdi. Bu ijobiy islohotlarga oʻqituvchi, taʼlim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yigʻishlar bilan soya solmaylik“, — deya qoʻshimcha qildi vazir.
Hilola Umarova, pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablagʻ yigʻish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilinmasligini eslatib oʻtdi va shu kabi holatlarga duch kelgan pedagoglarni vazirlikka murojaat qilishga chaqirdi.