O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, moliyaviy, soliq va statistika hisobot turlarini qisqartirish, hujjatlarni saqlash va davlat idoralariga topshirish amaliyotini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
yuridik shaxslar tomonidan 2022 yil 1 yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyati bekor qilinadi;
yuridik shaxslar 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, soliq organining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi;
2023 yil 1 yanvardan boshlab buxgalteriya hisobi sub’ektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi;
2023 yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydigan tadbirkorlik sub’ektlari yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.
2. 2023 yil 1 yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq statistik hisobot turlari bekor qilinsin.
Davlat statistika qo‘mitasi:
mazkur bandga asosan bekor qilinayotgan statistik hisobot turlarida nazarda tutilgan statistik ma’lumotlarning statistika dasturlariga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlari asosida shakllantirilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda barcha turdagi statistika hisobotlarining maqsadga muvofiqligi, ularni soddalashtirish va topshirish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
3. Moliya vazirligi ikki oy muddatda tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli tovar-moddiy zaxiralar va pul mablag‘lari hamda ish beruvchining xodimlar bilan bog‘liq bo‘lgan ichki xo‘jalik operatsiyalari bo‘yicha texnik vositalar hamda axborot tizimlari yordamida qatnashchilarni identifikatsiyalashni ta’minlagan holda tuzilgan hisob hujjatlari elektron shaklda yuritilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
4. 2023 yil 1 maydan boshlab quyidagilarga:
tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga;
yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga ruxsat etilsin.
5. 2023 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat arxivlarni davlat va nodavlat arxivlari reyestriga kiritish hamda hujjatlarni elektron arxivlash (saqlash) xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat arxivlarning ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabi xabardor qilish tartibini joriy etish orqali bekor qilinsin.
6. Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. “O‘zarxiv” agentligi:
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi huzuridagi “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi
va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 yanvarga qadar “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilgan holda tadbirkorlik sub’ektlarining dasturiy ta’minot vositasida jamlangan hujjatlarini elektron ko‘rinishda qabul qilish, saqlash hamda so‘rovga ko‘ra taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;
mazkur qarorning 1-bandiga asosan davlat arxiviga topshirish bekor qilinayotgan arxiv hujjatlarining davlat soliq xizmati va statistika organlari ma’lumotlari asosida shakllantirilishini ta’minlasin.
8. Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, “O‘zarxiv” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D.Kudbiyev hamda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S.Kasimov belgilansin.
Qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 10 noyabr