Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini zamonaviy qiyofaga keltirish topshirildi

    Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.

    “Bugungi ochiq muloqotimiz salkam bir asrlik tarixga ega boʻlgan Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida oʻtayotgani albatta bejiz emas.

    Men yigʻilishdan oldin hozirgi kunda mutlaqo yangicha qiyofaga ega boʻlgan institutda yaratilgan sharoitlar, oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha yangi tizim taqdimoti bilan tanishdim.

    Bundan buyon taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish uchun ishni 7 ta yoʻnalishda tashkil etamiz”, — dedi Prezident.

    Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga masʼul boʻlishi belgilandi.

    Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3-yilda byudjetdan har yili 50 milliard soʻm ajratiladi.

    Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.

    Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bogʻcha tanlab olinib, ulardagi yetakchi oʻqituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi.

    Buning uchun yetakchi oʻqituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qoʻshiladi.