Ibn Sino asarlari – infektsiya bilan kurashayotgan olimlar uchun qo'llanma

    Salomatlik 2 Iyun 2020 4722

    Turkiyaning TRT davlat teleradiokompaniyasi internet sahifasida shu sarlavha ostida ulug' ajdodimiz Ibn Sinoning benazir ilmiy kashfiyotlariga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

    Material muallifi – taniqli turk jurnalisti Ufuk Nejat Tashjining ta'kidlashicha, bugungi kunda butun dunyoda keng qo'llanayotgan epidemiyani cheklash usuli – karantin bir paytlar buyuk olim va mutafakkir Ibn Sino tomonidan o'ylab topilgan va ilmiy asoslab berilgan.

    «Dunyo koronavirus pandemiyasiga duchor bo'lgan bir paytda, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida kasalliklarni odamdan odamga yuqishiga qarshi kurashishda Ibn Sino ixtiro qilgan karantin usulidan foydalanishni talab qildi», - deb yozadi muallif.

    U Ibn Sino buyuk ziyoli va zamonaviy tibbiyotning otasi bo'lgan, deya ta'kidlaydi. Buyuk ajdodimiz tibbiyot va astronomiyadan tortib, matematika va ilohiyotgacha bo'lgan ko'plab sohalarda katta tajriba to'plagan. G'arbda u Avitsenna nomi bilan tanilgan. Yirik olim sifatida ming yil avval xavfli infektsiyalarga qarshi kurashda beqiyos rol` o'ynagan. Buyuk mutafakkir o'zining «Tib qonunlari» asarida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini ta'kidlagan.

    Keyingi yillarda «Tib qonunlari» zamonaviy tibbiyotning asosiga aylandi. Qariyb 600 yil davomida dunyo tibbiyot hamjamiyati ushbu kitobdan darslik sifatida keng foydalanib keldi.

    Ibn Sino birinchi bo'lib mikroblar turli kasalliklarni keltirib chiqarishini aniqlagan. U, shuningdek, odamlarda yuqumli sariq kasalligi va kuydirgi kabi jiddiy bakterial infektsiyalarning paydo bo'lish sabablari va jarayonlariga oydinlik kiritgan.

    Inson ichki a'zolari faoliyatiga jiddiy xavf soladigan ba'zi kasalliklarni davolashda u sedatsiya (sun'iy koma) texnikasini qo'llagan. SHuningdek, olim siydikda qand miqdorini o'lchash orqali diabetga tashxis qo'yish usulini ixtiro qilgan.

    Ko'pgina tarixchilarning ta'kidlashicha, Ibn Sino barcha tibbiy xizmatlarini bepul amalga oshirgan.

    Buyuk ital`yan shoiri Dante o'zining «Ilohiy komediya»sida (La Divina Commedia) Ibn Sino haqida so'z yuritgan. Bugun dunyoning ko'plab tibbiyot oliygohlari devorlarida buyuk ajdodimizning surati osilgan. Oyning orqa tomonidagi bir kraterga uning nomi berilgan. Bir qancha davlatlar Ibn Sino xotirasiga esdalik tangalar va medallar chiqargan.