Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi qabul qilinib, unda kelgusidagi qator ustuvor vazifalar belgilandi.
Xususan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi shakllantirilib, ularni tibbiy koʻrikka taklif qilish tizimi yaratilmoqda.
Bunda:
— har yili 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon boʻyni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
— manfiy natija aniqlanganda, ular 10-yildan soʻng qayta tekshiruvdan oʻtkaziladi, natija musbat boʻlganda esa ayollar qoʻshimcha tekshiruvga yoʻnaltiriladi;
— saratonoldi holatlar aniqlangan ayollar ambulator davolanish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallariga yoʻnaltiriladi;
— 30-65 yoshdagi ayollar har 2-yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan oʻtkaziladi;
— koʻkrak bezi saratoni tekshiruvi 45 yoshgacha boʻlgan ayollarda ultratovush diagnostikasi usulida, 45-65 yoshdagi ayollarda esa mammografiya orqali amalga oshiriladi.
Skrining natijasida onkologik kasallik aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.