Ibroyim Yusupovni anglamay turib...

    Yaxshi yodimda, 1950-yillarning oxirida Toshkentga markaziy gazeta muxbiri sifatida yuborilgan (aslida Moskvada nufuzli rahbarlik lavozimidan haydalib, surgun qilingan) taniqli yozuvchi Konstantin Simonov uyimizga mehmon bo'lib kelganida pal`tosini osib qo'yish uchun javon ham, hatto ilgak ham topolmay biroz vaqt alanglab turgan, otam buni payqagach, kulimsirab uning ust kiyimini bo'yra ustiga taxlab qo'yilgan ko'rpalar tepasiga tashlab qo'ygandi.

    Tabiat go'zalligi, o'z xalqi e'zozlagan noyob iste'dod egalari abadiyligi ramziga aylangan poytaxtimizdagi Adiblar hiyobonida ixlosmandlari, o'quvchilarini qutlayotgandek buyuk Alisher Navoiy ketidan yigirmadan ortiq atoqli adiblarimizning haykallari saf tortib turadi. Hiyobonda Ogahiy va Berdaq, Muqimiy va Furqat, Behbudiy va Avloniy, Cho'lpon va Qodiriy, erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar bilan bir qatorda qoraqalpoq elining suyukli shoiri Ibroyim Yusupov haykali ham o'rin olgan.

    Qirg'izistonning buyuk adibi Chingiz Aytmatov Ibroyim Yusupovning ijodini shunday baholagan edi: “Men qoraqalpoq xalqini va uning buyuk o'g'loni Ibroyim Yusupovni sevaman. She'riyat juda murakkab narsa. Uni qaysi tilda yozilgan bo'lsa, o'sha tilda his etish kerak. Men Ibroyim Yusupov she'rlarining tarjimalarini o'qiyman. Bu insonning she'rlari hatto tarjimada ham hayratga soladi va zavqlantiradi. Afsuski, ularni asliyatda o'qiy olmayman...Agar Ibroyim Yusupov o'z omadini nasrda sinab ko'rsa, bu inson nimalarga qodirligini Tangrigina bilgan bo'lardi. Agar qachonlardir u bunga azm qilsa, buyuk daholar ernest Xeminguey va Robindranat Tagor kabi yuksaklarga parvoz qila olardi”.

    Boshqa atoqli adiblar ham Ibroyim Yusupovning ijodini juda yuqori baholashgan. Dog'istonlik mashhur Rasul Hamzatov uni “qalblarni davolovchi shoir”, Qaysin Quliev “Navoiy va Mahtumquli bilan bir qatorda turk tilli xalqlar she'riyatining bashoratchisi” sifatida e'tirof etgan. Qoraqalpog'iston Respublikasining xalq yozuvchisi Orazbay Abdiraxmanov esa “YUsupovning she'riyati – XX asrning Berdaqi” deb hisoblagan.

    Shoir esa o'ziga shunday ta'rif bergandi:

    Men duragay bir butoqda unganman:

    Navoiy va Pushkin ustoz, ilhomchim.

    Qaynab turgan qonim bilan ummonman,

    Men Berdaqning sof qonidan bir tomchi.

    Ammo uning ijod cho'qqilari sari yo'li ravon bo'lmagan. SHoirning to'ng'ich qizi, kimyogar Shahzoda Ibroyimovnaning xotirlashicha, bobolari YUsup oxun Buxoro madrasida ta'lim olgan, birgina Qoraqalpog'istondagina emas, o'lkada taniqli ulamolardan bo'lgan. Dindorligi uchungina u o'tgan asrning 30-yillari boshida qatag'on qilinib, Turkmanistonda darbadarlikda vafot etgan. Ma'murlar ulamoni surgun qilish bilan chegaralanmasdan, mol-mulkini musodara qilishgan, bu oilaning o'z vaqtida ko'rkam hisoblangan uylarini traktor bilan buzib tashlashgan. Yusup oxunning rafiqasi Xonbibi bolalari bilan erto'lada yashashga majbur bo'lganlar.

    Shunday ham tirikchilik o'tkazish o'ta mashaqqatli bo'lgan o'sha davrda “xalq dushmani”ning oilasi – ona va uning uch farzandi qanday uqubatlarga duchor bo'lganliklarini ortiqcha ta'riflashga hojat bo'lmasa kerak. Otasi vafot etganida Ibroyim uch yashar bolakay bo'lgan. Turmush mashaqqatlariga qaramasdan u juda yoshligidan otasidan asrab qolingan kitoblarni mutolaa qilar, bir yo'la arab tilini o'rgangan edi.

    Ibroyim onasiga tirgak bo'lish uchun 13 yoshidan ishlay boshlagan. Bilimdonligi, tirishqoqligi uchun unga Chimboy tumanidagi jamoa xo'jaligida tabelchilik qilishni ishonib topshirishgan. Bu xizmati uchun u oyiga ikki kilogramm bug'doy olardi.

    O'sha yillari Nukusda birinchi pedagogika instituti tashkil etilgandan keyin talabalar etishmasligi sababli o'rta maktabni tugallamaganlarni ham imtihonsiz o'qishga qabul qilishgan. Ibroyim bilan birga majburlab talabalikka qabul qilingan sinfidagi o'qimishliroq o'smirlarning hammasi ko'p o'tmay institutdan qochib ketishgan. Birgina u ta'limini davom ettirgan va yigirma yoshligida shu oliy ta'lim muassasida talabalarga dars bera boshlagan. Ayni paytda Qoraqaqlpog'iston radiosida diktorlik ham qilgan.

    Bu yillari g'animlar otasining qatag'on qilinganligini yashirgan, degan bahona bilan Ibroyimning oyog'idan chalishga ham harakat qilib ko'rishgan. Ammo olib borilgan tekshirishlar natijasida bu g'irt tuhmat ekanligi, tarjimai holida otasi bilan bog'liq barcha ma'lumotlarni aniq bayon etganligi aniqlangan. Shunga qaramasdan yosh muallimga qattiq xayfsan e'lon qilishgan.

    — Otamiz o'sha davr siyosatini yaxshi bilar va juda ehtiyotkor bo'lardilar, — hikoya qiladi Shahzoda Yusupova. — Oilamizda rahbarlarni tilga olish umuman ma'n etilgan edi. Otamiz pedagogika institutida domlalikdan keyin “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, respublika Fanlar akademiyasining Qoraqalpog'iston bo'limida ilmiy xodim vazifalarida ishlardi, birin-ketin kitoblari chiqa boshlagani, durustgina qalam haqi olib turganiga qaramay, juda kamtarona turmush kechirardik.

    Yaxshi yodimda, 1950-yillarning oxirida Toshkentga markaziy gazeta muxbiri sifatida yuborilgan (aslida Moskvada nufuzli rahbarlik lavozimidan haydalib, surgun qilingan) taniqli yozuvchi Konstantin Simonov uyimizga mehmon bo'lib kelganida pal`tosini osib qo'yish uchun javon ham, hatto ilgak ham topolmay biroz vaqt alanglab turgan, otam buni payqagach, kulimsirab uning ust kiyimini bo'yra ustiga taxlab qo'yilgan ko'rpalar tepasiga tashlab qo'ygandi.

    Boshqa bir safar noqulay ob-havo tufayli Moskvadan Qirg'izistonga uchib kelayotgan samolyot Nukusga qo'nganida, o'sha paytda Qoraqalpog'istonning birinchi rahbari Qallibek Kamolov yo'lovchilar orasida bo'lgan CHingiz Aytmatovni kutib olgan va hukumat qarorgohiga taklif etgan. Ammo u otamizni o'z qadrdoni hisoblab, bizning uyimizga olib borishini iltimos qilgan.

    Mashhur yozuvchi qiyshayib turgan nochor uyimizni ko'rib, “shunday iste'dodli va mashhur shoiringizga tuzukroq imorat qurib berishga yordam bersangiz bo'lmaydimi”, deb Qallibek Kamolovichni izza qilgan. Aslida bizga 15 yil ilgariroq uy qurishga joy ajratilgan, uning poydevori ham ko'tarilgan edi. Ammo otamiz yangi uy qurishga xafsala qilmas, bizga ana shu boshpana ham bo'laveradi, deb hisoblardi.

    Nochor bo'lsa ham shu xonadonimizda ko'plab taniqli shoir va yozuvchilar mehmon bo'lgan, ular ham yangi uyni qachon qurasiz, deganlarini ko'p marta eshitganman. Otamiz Cingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliev, David Qug'ultinov, Rimma Kazakova bilan birga Zulfiya, Komil YAshin, Hamid G'ulom, Ozod Sharafiddinov, erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar bilan do'stlik va birodarlik, ustozlik va shogirdlik borasida o'zaro juda yaqin munosabatda bo'lgan. Ukam Bahromning ismini G'afur G'ulom qo'yganligi ham otamizning ana shu buyuk shoirimiz bilan qalin do'stligining belgisi, deyish mumkin.

    Ibroyim Yusupov bolaligidanoq qoraqalpoq xalq og'zaki ijodi, Sharq va mumtoz adabiyotimiz namunalaridan xabardor bo'lgan, talabalik yillarida rus va jahon shoir va adiblarining nodir asarlarini qunt bilan o'rgangan. Uning 1946-yilda e'lon qilingan birinchi asari — “Vatanim” she'ri ekanligi ham tasodifan emas. Umuman u o'zini Qoraqalpoq yurti, vatanisiz tasavvur eta olmaydi:

    Bir yonim suv, bir yonim cho'l bo'lmasa,

    Jannat qurib bersang-da men bormayman.

    Gul ham yavshan isi anqib turmasa,

    U yerda men qoraqalpoq bo'lmayman.

    O'z vataniga bag'ishlangan she'rlar tanish timsollar — uchib borayotgan g'ozlar, shamoldan chayqalayotgan qoratol, yoyilib o'sayotgan saksovul, sarg'aygan sahro orqali yoqimli, yurakka yaqin yangraydi. Shu bilan birga adib she'riyati o'quvchilar ruhiyati, ichki dunyosida insoniy fazilatlar, muhabbat va sadoqat tuyg'ularini uyg'otadi.

    Munaqqidlarning ta'kidlashlaricha, Ibroyim Yusupov shoirlik mahorati Alisher Navoiy, Umar Hayyom, Nizomiy, Sa'diy, Hofiz, Maxtimquli, Ajiniyoz, Berdaq va Abay ustozlik maktabi ta'sirida shakllangan. Shuning uchun shoir she'rlaridan birida buni quyidagicha ta'riflaydi:

    Sahro gullarini sochay poyingga,

    Navoiyni suygan qoraqalpoq bo'lib.

    Ibroyim der: ulug' ruhing oldida

    Bosh egayin shogirding Berdaq bo'lib.

    Ibroyim Yusupov 2000-yilda Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Qoraqalpog'iston Respublikasining adabiyot va san'at kunlarida jurnalistning ijodkor uchun hayot saboqlari nimalardan iborat, degan savoliga shunday javob bergan ekan:

    — Hayotning ma'lum bekatlaridan o'tib umringga umr qo'shilgani, keksalik bog'iga qadam qo'yganing sari yoshligingda, o'rta yoshlik davringda xayolingga kelmagan ko'p narsalar haqida o'ylay boshlaysan ekan. Bu o'ylar yoshlik va undan keyingi davrlardagi qalbingda, tafakkuringda kechgan o'y-fikrlardan jiddiy farq qiladi. YA'ni, endi qishloq shunchaki maskan emas, o'z uyingga, atrofingdagilar shunchaki odamlar emas, qadrdonlaringga, tabiat, borliq shunchaki ko'rinish, manzara emas, boshpanangga, mehriboningga, yurt shunchaki go'sha emas, ulug'vor Vatanga aylanadi. Bunday paytda odamlar o'rtasidagi munosabatlardan ziddiyat emas, go'zallik axtarasan, umuminsoniy fazilatlarni ulug'laysan, yugurik hayotning falsafasini anglashga harakat qilasan.

    Ibroyim Yusupov o'zbek va qoraqalpoq xalqlari do'stligi va birodarligining otashin kuychisidir:

    O'zbekni o'z og'am etgan,

    Ulkan baxtni in'om etgan,

    Bir qozonda osh damlatgan,

    Mehri issiq tug'ishganlik.

    Atoqli shoir Qoraqalpog'iston Respublikasi madhiyasining muallifidir. Adib ixlosmandlari uning she'rlari va dostonlari, hikoya va p`esalari, dolzarb publitsistikasi bilan yaqindan tanish bo'lishlari bilan birga A.Pushkin, M.Lermontov, T.Shevchenko, J.Bayron, I.Gyote, G.Geyne, F.SHiller she'rlari, Shekspir sonetlari, Alisher Navoiy va Hofiz g'azallari, Umar Hayyom ruboiylarini tarjima qilib, qoraqalpoq tilida sayratib yuborganlaridan yaxshi xabardorlar. O'zining she'rlari ham rus, qozoq, ukrain, belorus, gruzin, latish, bolgar va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.

    Ibroyim Yusupovning ijodiy faoliyati o'zining munosib bahosini olgan. U O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq shoiridir, qo'sha-qo'sha orden va medallar sohibi, O'zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori hisoblanadi. Ko'p yillar mobaynida O'zbekiston hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Oliy Majlislari deputatligiga saylangan.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan hozir Qoraqalpog'istonda Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi, bu erda ham shoir haykali qad rostlagan.

    YUksak iste'dod sohiblari olamshumul kashfiyotlari, noyob ijodlari, buyuk xizmatlari bilan o'z xalqini, yurtini dunyoga tanitadi. Ayni paytda ularning o'zlarini ham ularning vatanlari bilan aynanlashtirishadi. Ibroyim YUsupov nomi tilga olinganda ham biz, qoraqalpoq xalqi, o'lkasi gavdalangandek tuyuladi. Buni, o'ylashimizcha, Nazira Matyoqubova atoqli shoirimiz tavalludining 90 yilligiga bag'ishlangan she'rida aniq ifodalay olgan:

    Balki, olimdirsan, balki fuzalo,

    Kim bo'lsang ham senga aytay bir haqni.

    Ibroyim Yusupovni anglamay turib,

    Anglash mumkin emas qoraqalpoqni.

    Erkin ERNAZAROV,

    O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist