Shu nuqtayi nazardan dunyo miqyosida nafaqat ichimlik suv, balki umuman suv tanqisligi muammosi kuchayib borayotgan bugungi kunda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati oldiga qoʻyilgan masʼuliyat ham ortib bormoqda.
Oʻtgan qisqa davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati respublika byudjeti va oʻz mablagʻlari hisobidan keng koʻlamdagi qurilish, rekonstruksiya va qayta tiklash ishlarini amalga oshirdi. Bugungi kunda aholini yana-da rozi qilish maqsadida ushbu yoʻnalishdagi ishlar keng koʻlamda davom ettirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq 2021-yilda ichimlik suv taʼminoti tizimini rivojlantirish boʻyicha 5 910,2 kilometr uzunlikdagi suv tarmoqlari va 559 inshoot ishga tushirilishi belgilangan.
2021-yil 1-aprel holatiga 188 milliard soʻm (20 foiz) miqdorida mablagʻ ajratildi va 108 milliard soʻm (12 foiz) miqdorida qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan 238 kilometr uzunlikdagi ichimlik va 34 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi.
Prezidentimizning 2020-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Xalqaro moliya institutlari ishtirokida (XMI) 2021-yilda umumiy qiymati 2,1 milliard dollarga teng boʻlgan jami 20 loyiha amalga oshirilmoqda.
Xususan, dastur doirasida joriy yilning birinchi choragida 16,4 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.
Ushbu mablagʻlar hisobiga hozirgi vaqtga qadar 62,4 ming kilometr ichimlik suv quvurlari, 241 suv taqsimlovchi inshoot, 134 quduq, 97 suv ombori, 103 suv minorasi, 2971,1 kilometr kanalizatsiya quvurlari, 17 kanalizatsiya tozalash inshooti, 143 kanalizatsiya nasos stansiyasi qurildi va foydalanishga topshirildi.
Masalan, Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash loyihasi doirasida XMI mablagʻlari hisobidan Olot tumanidagi “Dvoynik” suv inshootida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar shu yilning may oyida yakunlanadi.
Natijada, Olot tumanining 99,2 ming aholisidan 84,2 ming nafari (hozirgi kunda 15 ming aholi suv bilan taʼminlangan), Qorakoʻl tumanining 164,2 ming aholisidan 147,7 ming nafari (hozirgi kunda 16,5 ming kishi suv bilan taʼminlangan) ichimlik suvi bilan taʼminlanishiga erishiladi.
Yil yakuni qadar esa mazkur dasturdagi loyihalar boʻyicha 200 million dollardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan zamonaviy energiya tejaydigan va tejamkor texnologiyalarni oʻrnatish, tabiiy va moliyaviy resurslardan samarali, oqilona foydalanish masalasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Daniyaning “GRUNDFOS South East Europe Kft” kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida 2021-2022-yillarda Samarqand shahrining suv inshootlarida 249 nasos va ularga tutashgan qurilmalar oʻrnatiladi. Natijada yiliga 27 million kilovattdan ortiq elektr energiyasi tejalishiga erishiladi. Mavjud nasoslarni energiya tejaydigan nasoslarga almashtirish elektr energiyasi 50 foizgacha tejalishiga imkon beradi. Bu esa Samarqand shahri aholisini suv bilan taʼminlanish darajasini yana-da yaxshilashga olib keladi.
Bundan tashqari, Isroilning “Maya” kompaniyasi va “Toshkent suv taʼminoti” MCHJ oʻrtasida shartnoma imzolandi. Unga koʻra, “Maya” kompaniyasining maxsus dasturining sunʼiy yoʻldoshi orqali Toshkent shahrida yer ostiga yotqizilgan ichimlik suv taʼminoti quvurlarida yuzaga kelgan qariyb 400 ta koʻrinmas nosozlik aniqlanib, 300 ga yaqin nosozlik bartaraf etildi. Bu esa, oʻz navbatida, ichimlik suv taʼminotida katta yoʻqotishlar oldini olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Koreya Respublikasining “K-Water” kompaniyasi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ oʻrtasidagi hamkorlik asosida Toshkent shahrida texnologiyalar transferi boʻyicha maxsus markaz yaratilib, suv taʼminoti tizimi xodimlarining bilim darajasi oshirilmoqda. Shuningdek, “K-Water” kompaniyasi bilan hamkorlikda suv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash akademiyasini tashkil etish ishlari boshlangan.
Respublikadagi ichimlik suv taʼminotini rivojlantirish dasturini 2021-yilda toʻlaqonli va sifatli davom ettirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, suv inshootlari qurilishida yagona klaster yondashuvi yaratilib, unga asosan, samarali xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, Turkiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Sayin suv insaati” qoʻshma korxonasi bilan ishlar boshlandi. Bunda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va sifat nazorati sektori orqali sub-pudrat tashkilotlari qurilish-montaj ishlari toʻliq nazorat qilinadi.
Mazkur klaster tizimi uchta, yaʼni Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida joriy etilmoqda. Hududlardagi suv inshootlarini qurishga ixtisoslashgan va ishonchli qurilish tashkilotlari hamda viloyatlar hokimlari bilan kelishildi. Bunda elektron reytingda “SS” va undan yuqori koʻrsatkichda turgan qurilish-pudrat tashkilotlaridan eng maqbullari toʻgʻridan-toʻgʻri tanlab olinmoqda.
Shuningdek, 2021-yilda ichimlik suv taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazoratga olish maqsadida tarmoq jadvali ishlab chiqildi va “Smart Qurilish” elektron platforma orqali onlayn rejimda kuzatib borish tizimi yaratildi.
Jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali yuqori sifatni taʼminlash maqsadida obyektlarni qabul qilish jarayoniga xalq deputatlari Kengashi aʼzolarini jalb qilish tizimi shakllantirilib, bugungi kunda taklif etilayotgan dastur va loyihalar bevosita xalq deputatlari bilan kelishilmoqda.
Akmal MURODOV,
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ Axborot xizmati rahbari