Ayni vaqtda respublikamizning turli hududlarida atoqli adiblar nomi bilan ataladigan 9 ta Ijod maktabi faoliyat yuritib, ularda 1495 nafar oʻquvchi yoshlar tahsil olyapti. Ijod maktablarida jami 32 ta ijodiy toʻgarak mavjud boʻlib, ular adabiyotga oid 8 xil yoʻnalishda 1300 nafar oʻquvchini qamrab olgan.
Oʻtgan oʻquv choraklarida ijod maktablari miqyosida oʻtkazilgan 80 ga yaqin mahorat darslarining aksariyati onlayn shaklda boʻlganiga qaramay, oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Mashgʻulotlarni Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari va oliy oʻquv yurtlarining tajribali oʻqituvchilari olib bordi.
Shu oʻrinda aytish joizki, 2021–2022-oʻquv yilida barcha ijod maktablarida mahorat darslarini samarali tashkil etish, ustoz-shogird anʼanalari asosida isteʼdodli yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida Oʻzbekiston xalq yozuvchilari, shoirlari, tajribali adabiyotshunos va tilshunos olimlar biriktirildi.
Yozuvchilar uyushmasining Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikdagi qoʻshma qaroriga koʻra, maktablarda mahorat darslari avvaldan belgilangan mavzularda amalga oshiriladi. Mashgʻulotlarni shoir va yozuvchilar – Usmon Azim, Erkin Aʼzam, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Isajon Sulton, Mahmud Toir, Enaxon Siddiqova, Kengesboy Karimov, Xurshid Doʻstmuhammad, adabiyotshunos olimlar Suvon Meli, Bahodir Karimov, Hamidulla Boltaboyev, Qozoqboy Yoʻldoshev, Nurboy Jabborov, Olimjon Davlatov, taniqli shoira va yozuvchilar – Zulfiya Moʻminova, Umida Abduazimova, Luqmon Boʻrixon, Farida Afroʻz, Nabi Jaloliddin, Sobir Oʻnar, Shodmonqul Salom, Humoyun Akbarov va boshqalar olib borishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, ijod maktablarida oʻquvchilarning yodida qoladigan, ularga hayot va ijoddan saboq beradigan ijodiy uchrashuvlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bundan tashqari, isteʼdodli yosh ijodkorlarni tarbiyalash maqsadida ijod maktablari oʻquvchilarining har 10 nafari janrlar kesimida hududlardagi shoir va yozuvchilarga biriktirilgan, ular ijodkor oʻquvchilar bilan muntazam uchrashib, ijodiy saboqlar berib kelmoqda.
Ijod maktablari deganda koʻpchilik boʻlajak yozuvchi va shoirlar taʼlim oladigan taʼlim dargohini tushunadi. Ijodga moyilligi bor yoshlarning alohida yaratilgan bu imkoniyatdan keng foydalanayotgani yaxshi, ammo bu maktablarda oʻqiyotgan barcha oʻgʻil-qizlar kelajakda yozuvchi yoki shoir boʻlishlari koʻzda tutilmagan. Bizga yaxshi jurnalist, adabiyotshunos, tilshunos, psixolog, matnshunos, manbashunos, tarjimonlar ham kerak. Qaysi sohada boʻlmasin, badiiy adabiyotni chuqur mutolaa qilgan yoshlardan yetuk mutaxassis chiqadi. Shu maʼnoda ijod maktablari taʼlimidan milliy tilimizni va adabiyotimizni chuqur oʻzlashtirgan yosh avlod tarbiyasi koʻzda tutilgan.
2021 oʻquv yili yakuniga koʻra, 6 ta ijod maktabini jami 160 nafar oʻquvchi bitirdi. Shulardan 50 nafari respublikamizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlariga davlat granti asosida, 61 nafari toʻlov-kontrakt asosida qabul qilindi. 48 nafar oʻquvchi esa xorijiy oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldilar.
2021– 2022 oʻquv yili uchun ijod maktablariga respublika boʻylab ijodkor oʻquvchilarni qamrab olish maqsadida barcha maktablardagi ijodiy imtihonlarga Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, pedagoglar va olimlar jalb etildi. Ijodiy imtihon natijalariga qarab oʻquvchilar test sinovlariga kiritildi. Saʼy-harakatlar evaziga ijodiy salohiyatga ega oʻquvchilar maktablarga qabul qilinishiga erishildi.
Ijod maktabi oʻquvchilarining respublika miqyosida tashkil etilgan turli tanlovlarda faol ishtirok etib, yaxshi natijalar koʻrsatib kelayotgani koʻplab oʻgʻil-qizlarning bu maktablarda oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirayotgani aniq.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Yoshlar oyligini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi bayonnomasiga koʻra “Respublika yoshlar ovozi” festivali doirasida “Boʻzatov sheʼriyat kunlari” loyihasi tashkil etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 14 nafar yosh isteʼdodli ijodkor qatorida ijod maktablarining 20 nafar yosh isteʼdod egalari ham mazkur festivalga jalb etildi. Unda ijod maktabi oʻquvchilari eng faol ishtirokchilar boʻlgani uchun “Boʻzatov ilhomlari” bayoziga ijod maktabi oʻquvchilarining ijod namunalari kiritildi.
Ijod maktabi oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Abdulla Oripov izdoshlari”, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovlarida ham ijod maktabi oʻquvchilari faol ishtirok etdi. Tanlov jarayonni kuzatib borish va hakamlar ishida ishtirok etish uchun Abdulla Oripov va Oʻtkir Hoshimovning oila aʼzolari ham taklif etildi. Abdulla Oripovning umr yoʻldoshi Hanifa aya Mustafoqulova ijod maktabi oʻquvchilarining bilimdonligini kuzatar ekan, “Men hozirgacha shoir Abdulla Oripov ijodini bunchalik chuqur biladigan oʻquvchilarni koʻrmagan edim”, deya mamnuniyat bilan tanlov tashkilotchilariga tashakkur bildirdi.
Fargʻonadagi adabiyot kunlari doirasida tashkil etilgan “Tong nafasi ilhomlari” tanlovi ijod maktabi oʻquvchilarining ilmga tashna, zukko, qanchalar iqtidorli ekanliklarini yana bir karra namoyon qildi.
Ezgu tashabbuslar bilan chiqayotgan, Ijod maktabini bitirib, oliy taʼlim dargohlarida oʻqiyotgan bir qator talabalardan iborat “Qanot” qizlar harakatining xayrli ishlari ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi va koʻpchilikni quvontirdi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, qizlar eng yaxshi, yuqori saviyada yozilgan badiiy kitoblarni odamlarga begʻaraz yetkazib, ularning uzogʻini yaqin qilishmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mavjud kutubxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish alohida taʼkidlandi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ijod maktablariga muntazam ravishda badiiy kitoblar yetkazib berilmoqda. Xususan, 2020–2021 oʻquv yili davomida barcha ijod maktablariga 1500 ta kitob tuhfa qilindi. Shu bilan birga, Prezident maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Toshkent shahridagi Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktablar ham yangi kitoblar bilan taʼminlandi.
Shu kunlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar boʻlimi tomonidan Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktablarning har biriga kutubxonalarni boyitish uchun 250 tadan badiiy kitob taqdim etish maqsadida kitob banki toʻplanmoqda. Kitob mutolaasi yoshlarning dunyoqarashi oʻsishida katta ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda, ijod maktablari oʻquvchilari kitobxonligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Umuman, mamlakatimizda umummadaniyatni yanada koʻtarish, yoshlarning ilm-fanga, adabiyotga boʻlgan ishtiyoqini oʻstirish va qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi samarali harakatlarda Prezident taʼlim muassasalari hamda Ijod maktablari bilan hamkorlik alohida oʻrin tutadi.
Oʻtgan oʻquv yilida uyushma tomonidan ijod maktablariga taqdim etilgan 200 nomdagi kitoblar jamlanmasi “Tanlangan asarlar”, “Nazm boʻstoni”, “Birinchi kitobim” seriyalarida chop etilgan. 2021-yil davomida Ijod maktablari oʻquvchilaridan 15 nafarining kichik toʻplamlari chop etildi.
Barcha Ijod maktabi oʻquvchilari ijodidan jamlangan “Nazm bogʻidan guldasta” toʻplami chiroyli koʻrinishda qayta chop etildi. Kitobga 2020 oʻquv yilida 100 nafar, 2021 oʻquv yilida 285 nafar oʻquvchining ijodiy ishlari kiritilgan. Joriy yildan boshlab Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda koʻplab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirilgan. Xususan, “Ijod bogʻidan guldasta” nomli toʻplamning 3-sonida bu yil maktablarda tahsil olayotgan yosh nosirlar ijodi ham taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oʻquv-metodika va harbiy-vatanparvarlik boʻlimi tomonidan respublikadagi barcha ijod maktablarida eski oʻzbek yozuvi boʻyicha toʻgarak mashgʻulotlarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflar va toʻgarak mashgʻulotlarini olib borishga oid loyihalar ishlab chiqilmoqda. Uzoq yillik maʼnaviy xazinamizdan bahramand boʻla oladigan, uning mazmun-mohiyatini xalqqa yetkaza oladigan matnshunoslarni yetishtirish barchamizning oldimizda turgan zaruriy vazifalardan biridir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun ijod maktablarida taʼlim olayotgan har bir oʻquvchining kelajagi yurt ravnaqi bilan chambarchas bogʻliq. Prezidentimiz va koʻp sonli xalqimizning bu yoshlardan umidi ulkan. Ijod olami sari boʻy choʻzayotgan yosh nihollarni mehr bilan parvarish qilsakkina, ular kun sayin yuksaladi, ildizlari mustahkam boʻladi.
Maʼmura ZOHIDOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Oʻquv-metodika va harbiy-vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi