“Ijro intizomi” — davlat soliq xizmati organlarida muhim vazifa

    Fikr 7 Aprel 2021 2474

    Shaxsiy masʼuliyat, temir intizom, kasbiy gʻurur va professional mahorat — ijro intizomining mustahkam poydevoridir

    Bugungi kunda barcha davlat organlari va tashkilotlari Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidenti hurmatli Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ijro etuvchi organlarning transformatsiyasi jarayonlarining bevosita ishtirokchilaridir.

    Sohalardagi tarixiy oʻzgarish­lar va tub islohotlarning zamirida muhtaram Prezidentimizning, “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, degan soʻzlari mujassam.

    Ushbu maqsadda ijro etuvchi organlarning barcha inson va moliyaviy resurslari mobilizatsiya qilinib, davlat boshqaruvi tizimiga “mahallabay” va “mijozbay” ishlash singari yangi tamoyillar kiritildi. Bundan asosiy maqsad aholi va tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal qilish, aholining davlat organlari vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.

    Amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va koʻzlangan maqsadlarga erishishda bevosita har bir tashkilotda mustahkam ijro intizomining yoʻlga qoʻyilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining oʻz vaqtida qabul qilinganligi davlat idoralari va tashkilotlarda ijro intizomini yana-da mustahkamlash imkonini berdi.

    Ushbu hujjat bilan ijro intizomini mustahkamlash hamda yagona va uzluksiz “texnologik zanjirni” tashkil qilish boʻ­yicha davlat boshqaruvi organlari rahbarlari shaxsan eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

    Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan ­Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi ­R.V.Abduqodirov bilan suhbatda keltirilgan fikr va mulohazalar Prezidentimizning davlat organlari ishini yangicha tashkil qilish borasidagi mazkur Farmonining mazmun-mohiyatini anglab yetish hamda ularni amaliyotga joriy etishda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

    Mazkur Farmon hamda gazetada chop etilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, Davlat soliq xizmati organlaridagi har bir rahbar xodim ijro intizomini yana-da mustahkamlash boʻyicha quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni oʻziga belgilab oldi:

    birinchidan, topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, topshiriqni oʻrinbosarga shunchaki yoʻnaltirmasdan, mavjud masalani oʻrgangan holda uning optimal yechimlari boʻ­yicha taklif kiritish;

    ikkinchidan, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda uning real holatini tanqidiy oʻrganish, foydalanilmagan imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratish;

    uchinchidan, hujjatlarni yuqori darajada iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida takliflar ishlab chiqish;

    toʻrtinchidan, topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va masʼullar belgilanishini taʼminlash hamda tizimga axborot texnologiyalarni keng joriy qilish orqali ish samaradorligini oshirish;

    beshinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka tushuntirib borish.

    Bugungi davlat siyosatining talabi shuni taqozo etadiki, lavozimidan qatʼiy nazar, har bir rahbar qogʻoz bilan emas, balki yuzaga kelgan muammo yoki vazifa bilan ishlashi, har bir hujjatni ishlab chiqishda joyiga chiqqan holda oʻrganishi, aholi va tadbirkorlik subyektlarining fikrlarini tinglashi hamda mavjud resurslarni tahlil qilishi lozim.

    Bunday ish yuritish uslubining toʻgʻriligi Dehqonobod tumanida pista va kovrakchilikni rivojlantirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishimiz jarayonida yana bir marta tasdigʻini topdi. Aholi bilan uchrashuvlar va joyiga chiqqan holda ishlarning real holatini tahlil qilganimizdan soʻng, “xonada” yozilgan hujjatga tuzatishlar kiritib, plantatsiyalar yaratish konsepsiyasini haqiqiy holatdan kelib chiqib tubdan oʻzgartirdik.

    Ishonchim komilki, bunday ishlash uslubi ishlab chiqilayotgan hujjatlar sifatini va kelgusida ularni amalga oshirish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

    Farmon ijrosi boʻyicha birinchi galdagi chora-tadbirlar

    Prezidentimizning mazkur Farmoni Davlat soliq qoʻmitasi Hayʼatining 2021-yil 15-fevraldagi kengaytirilgan majlisida oʻrganib chiqildi va Farmon talab­lari soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlash, topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning taʼsirchan mexanizmini yaratish boʻyicha barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

    Hayʼat qarori bilan “Davlat soliq xizmati organlarida qonun hujjatlari va topshiriqlarining amalga oshirilishi boʻ­yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi” hamda “Davlat soliq qoʻmitasida ishlarni tashkil qilish va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Davlat soliq qoʻmitasiga kelib tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha har haftaning dushanba kunlari — mustaqil tuzilmalar rahbarlari, chorshanba kunlari — rais oʻrinbosarlari va juma kunlari — qoʻmita raisi tomonidan shaxsan masʼul ijrochilar bilan muhokama oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Bundan tashqari, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonidagi yondashuv toʻliq qayta koʻrib chiqildi. Endi tarkibiy tuzilmalar tomonidan kiritilayotgan takliflarning mavjud imkoniyatlarga muvofiqligi hududlarni rivojlantirish hamda iqtisodiyot sohalarini tahlil qilish tuzilmalari tomonidan joylarga chiqqan holda oʻrganiladi.

    Shundan soʻng, metodologiya va yuridik xizmat tuzilmalari tomonidan loyihaning Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari normalariga muvofiqligi boʻyicha huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda strategik rejalashtirish tuzilmasi tomonidan xalqaro tajribalar oʻrganilgan holda tegishli tuzilmalar bilan birgalikda iqtisodiy va moliyaviy tahlillar tayyorlab beriladi.

    Mazkur jarayonlar oʻtkazilganidan soʻng fikr va mulohazalarni toʻplash maqsadida matbuot xizmati tomonidan loyiha bilan rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi va shundan keyingina yakuniy hujjat kelishish uchun manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.

    Davlat soliq qoʻmitasida ijro intizomini ushbu tartibda yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir tuzilmada masʼul ijrochilar belgilandi hamda ular bilan zaruriy trening va seminarlar oʻtkazildi.

    Topshiriqlar ijrosining avtomatlashtirilgan nazorat tizimi

    Qabul qilingan Farmon bilan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi joriy qilinib, ijro intizomi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar soni va ularning vakolatlari oshirilgan.

    Endilikda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilishi boʻyicha nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya­si, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali olib boriladi.

    Mazkur tizim orqali nazoratga olingan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar idora va tashkilotlarning rahbariyatiga va masʼul ijrochilariga yetkaziladi hamda ularning keyingi holati nazorat qilib boriladi.

    Taʼkidlash joizki, davlat soliq xizmati organlarida ijro intizomini mus­tahkamlash maqsadida 2015-yildayoq ish yuritishning ichki jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilib, “Elektron hujjat almashish” tizimi joriy etilgan.

    Mazkur tizim orqali qonunchilik hujjatlari, Prezident va Hukumat topshiriqlaridan tortib barcha ichki idoraviy hujjatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda masʼul rahbarlar tomonidan topshiriqning mohiyatidan kelib chiqib, ularni maksimal qisqa fursatda va natijaviy bajarish toʻgʻrisida rezolyutsiya qoʻyilgan holda ijrochiga yoʻnaltirish imkoniyati yaratilgan.

    Bundan tashqari, ushbu avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organlarida hujjatlarni qogʻoz shaklida kelishish va imzolash amaliyotiga toʻliq chek qoʻyilgan. Shu bilan birga, elektron raqamli imzo kalitidan foydalangan holda, maxsus mobil ilova orqali ijroga kelgan hujjatlarni koʻrib chiqish, ijroga qaratish va nazoratdan chiqarish imkoniyatlari yaratilgan boʻlib, bu qoʻmitada ish yuritishni sezilarli darajada tezlashtirishga imkon berdi.

    Eng ahamiyatlisi, har bir hujjat va topshiriq mazkur tizim orqali qisqa fursatda masʼul ijrochilarga yetkazib beriladi va topshiriq ijrosining real holati kuzatib boriladi.

    Shuningdek, Davlat soliq qoʻmitasida barcha hujjatlar va topshiriqlar “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari”, “yuqori tashkilot topshiriqlari”, “fuqarolar murojaati”, “ichki farmoyish” kabi toifalar boʻyicha alohida nazoratga olingan holda yuritiladi.

    Topshiriqlar ijrosi boʻyicha Davlat soliq qoʻmitasining tashkiliy nazorat tuzilmasi tomonidan gorizontal va har bir tuzilma tomonidan uning eng quyi hududiy boʻlinmasiga qadar vertikal tartibdagi nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

    Bunday tizim rahbar xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va hisobdorligini oshirish, murakkab sharoitlarda vazifaning toʻliq va sifatli ado etilishini nazorat qilib borish imkonini beradi.

    Kadrlar saviyasi — ijro natijadorligi garovi

    Ijro intizomini mustahkamlashda tizimdagi har bir xodimning masʼuliyatini oshirish, qatʼiy intizom oʻrnatish, ularda kasbiy gʻurur, mehnatsevarlik, tashabbus­korlik va halollik hissini uygʻotish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu sababli, Davlat soliq qoʻmitasida ­masʼul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning sifatli bajarilishini nazorat qilish boʻyicha qu­yidagi 5 ta mezon belgilab olindi:

    birinchi — aniqlik, yaʼni har bir vazifani muvaffaqiyatli va eng maqbul yoʻl bilan ijro qilish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilab olinganligi;

    ikkinchi — tezkorlik, yaʼni topshiriqning belgilangan muddatini kutmasdan tezkorlik bilan bajarilganligi yoki ijro muddati bir necha bor uzaytirilganligi, shu jumladan, muddatlar asossiz uzaytirilganligi;

    uchinchi — haqqoniylik, yaʼni topshiriq ijrosi natijalari boʻyicha tayyorlangan maʼlumotlarning amalda bajarilgan ishlar bilan oʻzaro muvofiqligi;

    toʻrtinchi — toʻliqlik, yaʼni topshiriq ijrosini taʼminlash natijasida koʻzlangan maqsadga toʻliq erishilganligi;

    beshinchi — masʼuliyatlilik, yaʼni yuklatilgan vazifa ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash borasida masʼul ijrochilar tomonidan oʻz vakolati doirasida barcha choralar koʻrilganligi.

    Shuningdek, ijrochi xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida va sifatli bajargan xodimlarni ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida, Jahon banki ekspertlari bilan birga xodimlar ish faoliyati samaradorligini baholashning (KPI) avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish boʻyicha ishlar jadallashtirildi.

    Ushbu tizim orqali har bir ijro hujjatining belgilangan mezonlar asosidagi baholash koʻrsatkichlari boʻyicha ijrochi xodimlar ragʻbatlantiriladi yoki intizomiy jazo choralari koʻriladi.

    Bu borada mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib jamoani boshqarishning zamonaviy usullaridan foydalanish va ijrochilar faoliyatini asossiz tanqid qilishga chek qoʻyish lozimligi barcha rahbarlarga tushuntirildi.

    Davlat soliq xizmati organlarida ijro intizomiga masʼul boʻlgan xodimlarning bilim va malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Xususan, joriy yil 3-mart kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida ­Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi PF — 6166-son Farmoni mazmun-mohiyati hamda ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan oʻtkazilgan oʻquv-amaliy seminarda Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining ijro intizomi boʻyicha masʼul boʻlgan xodimlarining ishtiroki taʼminlandi.

    Ushbu seminarda muhokama qilingan masalalar hamda tavsiya etilgan yangi ish uslublari asosida joriy yil 10-mart kuni hududiy davlat soliq xizmati organlarining ijro intizomi boʻyicha masʼul xodimlari bilan masofaviy seminar oʻtkazildi.

    Samaradorlikka erishishning yana bir muhim omili, bu — xodimlarni qonunchilikda belgilangan muddatlardan tashqari vaqtlarda ishga jalb etmaslik.

    Davlat soliq xizmati organlarida xodimlarning ishga kelib-ketishi maʼmuriy binoga kirish va chiqish vaqtini qayd qilishning elektron tizimi orqali nazorat qilinadi. Bunda xodimlarning belgilangan ish soatlaridan ortiqcha vaqt ishda qolishi, ularga yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida bajara olmasligi sifatida baholanadi.

    Biznes-protsesslarni raqamlashtirish orqali tezkor ijro tizimini yoʻlga qoʻyish

    Davlat soliq xizmati organlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali sohada inson resurslaridan unumli foydalanilishiga hamda topshiriqlarni tezkorlik bilan bajarilishiga erishilmoqda.

    Xususan, soliq organlarini “xizmat koʻrsatuvchi” yuqori texnologiyali tashkilotga transformatsiya qilishni davom ettirish maqsadida 2020-yilning ikkinchi yarmida bir qancha yangi axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi.

    Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, ulgurji va chakana savdoni amalga oshiruvchi barcha xoʻjalik subyektlarida raqamli markirovkalash orqali mahsulotlarni kuzatib borish tizimi joriy etildi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlik subyekt­lari oʻrtasida oʻzaro iqtisodiy zanjirni yaratish maqsadida tovar (xizmat)larning yagona elektron milliy katalogini yaratish ishlari jadal davom etmoqda.

    Soliq toʻlovchilar uchun Davlat soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portalida 45 ta interaktiv va elektron xizmatlar hamda pandemiya davrida 20 ga yaqin xizmatlardan tarkib topgan “SOLIQ” mobil ilovasi joriy qilingan.

    Soliq toʻlovchilar soliqqa oid zarur hujjatlarni olish, biznesni yuritish va oʻz soliq majburiyatlarini bajarishda mazkur xizmatlardan faol foydalanib kelmoqda. Jumladan, 2020-yil davomida “Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti”ga qariyb 30 million marotaba murojaat qilingan.

    Shuningdek, oʻtgan yilda jismoniy shaxs­lar tomonidan 1,6 trillion soʻmlik deklaratsiya, mol-mulk va yer soliqlari elektron toʻlov tizimlari orqali byudjetga oʻtkazildi. Bu 2019-yilga nisbatan 20 foizga ortiq demakdir.

    Ushbu imkoniyatlar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun soliqqa oid masalalarni masofadan turib hal qilish imkonini beradi.

    Fuqarolar murojaati — rahbarlar nazoratida

    Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, davlat soliq xizmati organlarida fuqarolar murojaatlari “Elektron hujjat almashish” tizimi orqali “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Davlat soliq qoʻmitasi raisining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Ishonch telefoni orqali murojaat” kabi toifalarga ajratilgan holda ijrochilarga tezkorlik bilan yetkaziladi.

    Shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida tashkil etilgan murojaatlar ijrosi boʻyicha masʼul boʻlinma tomonidan har bir murojaat soliq organiga kelib tushganidan to unda keltirilgan masala hal etilguniga qadar nazorat qilib boriladi.

    Shu bilan birga, muallif “Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti” orqali elektron koʻrinishda yuborgan murojaatining ijro etilishi holatini kuzatib borishi imkoniya­ti yaratilgan.

    Bundan tashqari, Davlat soliq qoʻmitasida ijtimoiy tarmoqlar (facebook, telegram) orqali fuqarolar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar, keng jamoatchilik tomonidan muhokama etilayotgan soliqqa oid munozarali masalalarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish ham tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

    Buning uchun, masʼul xodimlar “24/7” formatida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boradilar va soliq organlariga tegishli har qanday maʼlumot paydo boʻlganda, darhol javobini tayyorlash uchun ijrochiga yetkazadilar. Shu tarzda 2020-yilning 2-yarmida ijtimoiy tarmoqlardagi 642 ta sharhga tezkor, uzogʻi bilan 2-3 soatda munosabat bildirildi. Joriy qilingan ushbu tizimga muvofiq har bir muro­jaat shaxsan mening nazoratim ostida.

    Eng muhimi, Davlat soliq qoʻmitasida murojaatlarga nafaqat tezkor javob beriladi, balki koʻp takrorlanuvchi savollarni tahlil qilgan holda soliq organlarining tegishli biznes-jarayonlari takomillashtirib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

    Men bugun ishonch bilan ayta olamanki, davlat soliq xizmati organlari xodimlari har bir murojaat, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning zamirida inson taqdiri yotishini his eta oladi.

    Davlat soliq qoʻmitasi jamoasi ijro etuvchi organ sifatida topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishi muhimligini toʻliq his etgan holda mazkur yoʻnalishda mustahkam ijro intizomini joriy qilish borasida muntazam ish olib boradi.

    Sherzod KUDBIYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi